+998 71 200 02 35

Metodik qo‘llanmalar


O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi  Yuristlar malakasini oshirish markazi

Professor-o’qituvchilar tarkibining o’quv yuklamasi hamda o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot  ishlarini belgilash

 QOIDALARI

Professor-o’qituvchilar tarkibining o’quv yuklamasi hamda

o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot  

ishlarini belgilash

1-BOB UMUMIY QOIDALAR

 1. Mazkur qoidalar O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi,”  O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 21 iyuldagi “O’zbekiston Respublikasi adliya vazirligi qoshida Yuristlar malakasini oshirish markazini tashkil etish to’g’risida”gi 364-son, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “O’zbekiston Respublikasi adliya vazirligi qoshida Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi 531-son qarorlari va O’zbekiston Respublikasi adliya vazirligida 2018 yil 8 oktyabrda 3076-son bilan ro’yxatga olingan O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta-maxsus ta’lim vazirining 2018 yil 10 sentyabrdagi 20-2018-son buyrug’iga  asosan ishlab chiqilgan bo’lib, Markaz professor-o’qituvchilar tarkibi o’quv yuklamasi hamda o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlarini belgilash qoidalarini belgilaydi.

2. Markaz professor-o’qituvchilari tarkibi (bundan buyon matnda professor-o’qituvchilar deb yuritiladi) mehnatini normalashtirish har o’quv yili uchun professor-o’qituvchilar va kafedra mudiri tomonidan tuziladigan hamda Markazning sohaga oid bo’limlari boshliqlari bilan kelishilgan holda Markaz direktorining o’quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo’yicha  birinchi o’rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan o’quv yili bo’yicha shaxsiy ish rejalariga asoslanadi.

2. Professor-o’qituvchilarning o’quv yili bo’yicha shaxsiy ish rejasi tarkibiga o’quv yuklamasi hamda o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlarining turlari kiritiladi. Ish turlari professor-o’qituvchilarning o’quv yili bo’yicha shaxsiy ish rejalarida to’liq va aniq aks ettirilishi kerak. Joriy o’quv yili yakunida faqat mazkur o’quv yili davomida amalga oshirilgan ishlar hisobga olinadi.

O’quv yili davomida bajarilgan qo’shimcha ish turlari professor-o’qituvchilarning yillik shaxsiy ish rejalariga kiritib borilishi mumkin.

3. Professor-o’qituvchilarning shaxsiy ish rejasi tarkibiga kiritiladigan o’quv yuklamasi hamda o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlari:

to’liq shtatda faoliyat ko’rsatayotgan professor-o’qituvchilar uchun professor-o’qituvchilarning lavozimlariga qo’yilgan malaka talablari asosida;

to’liq shtatda bo’lmagan va o’rindosh sifatida faoliyat ko’rsatayotgan professor-o’qituvchilar uchun ularning stavkalariga muvofiq tarzda professor-o’qituvchilarning lavozimlariga qo’yilgan malaka talablari asosida;

shuningdek, mehnatga haq to’lashning soatbay shartlari asosida faoliyat ko’rsatayotgan professor-o’qituvchilarning o’quv yuklamasi ushbu Qoidalarga muvofiq shakllantiriladi.

4. Professor-o’qituvchilarning o’quv yili bo’yicha shaxsiy ish rejasining bajarilishi muntazam ravishda kafedra mudiri, o’quv yilining har yarim yili yakunida O’quv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish bo’limi, Fan, innovasiya va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo’limi, Ta’lim jarayoni sifatini uslubiy ta’minlash, monitoring qilish va baholash bo’limi va Markaz direktorining o’quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo’yicha  birinchi o’rinbosari tomonidan nazorat qilib boriladi.

2-BOB. PROFESSOR-O’QITUVCHILARNING O’QUV YUKLAMASINI HISOBLASH

5. Professor-o’qituvchilarning o’quv yili bo’yicha shaxsiy ish rejasiga kiritilgan, uning asosiy qismi bo’lgan o’quv yuklamasining soatlardagi hajmi mazkur Qoidalarning 1-ilovasida nazarda tutilgan Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-o’qituvchilarining o’quv yuklamasi hajmini hisoblashning vaqt me’yorlarida belgilangan ish turlaridan kelib chiqib, professor-o’qituvchilarning lavozimlariga qo’yilgan malaka talablari asosida hisoblanadi.

Professor-o’qituvchilarning egallab turgan lavozimlari bo’yicha o’quv yuklamasi hajmi Markaz direktorining o’quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo’yicha  birinchi o’rinbosarining taklifiga muvofiq  Markaz Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

6. O’quv yuklamasi bo’yicha hisoblangan soatlar hajmi Markazning shtat birliklari sonini hamda professor-o’qituvchilarning oylik maoshlarini belgilash uchun asos bo’lmaydi.

Professor-o’qituvchilarning oylik maoshi xarajatlar smetasi bo’yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi.

7. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-son  qarori  bilan tasdiqlangan Ijodiy ta’tillar berish tartibi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan normalarga muvofiq olib borilayotgan ilmiy-metodik va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag’batlantirish maqsadida professor-o’qituvchilarning o’quv ishlari yuklamasi  hajmi kafedraning taklifiga asosan Markaz Ilmiy kengashining  qarori bilan o’zgartirilishi mumkin. Bunda professor-o’qituvchilarning tegishli o’quv yuklamasining muayyan  qismi kafedraning boshqa professor-o’qituvchilarining o’quv yuklamasiga qo’shimcha ravishda taqsimlanadi.

8. Ma’ruza mashg’ulotlari ilmiy unvon va ilmiy darajaga ega bo’lgan professor-o’qituvchilar tomonidan o’tkaziladi. Zarur hollarda (ma’ruza mashg’ulotlari hajmi ko’p bo’lganda yoki professor, dosent va katta o’qituvchilar yetarli bo’lmaganda) Markaz Ilmiy kengashining qaroriga asosan kamida 3 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo’lgan, biroq, ilmiy unvon va ilmiy darajasi bo’lmagan o’qituvchilarga bir o’quv yilida 200 soatgacha hajmda ma’ruza mashg’ulotlarini o’tishga ruxsat beriladi.

Professor-o’qituvchilarning o’quv auditoriya (ma’ruza, seminar, trening va amaliy mashg’ulotlar) soatlari hajmi 300 soatdan kam bo’lmasligi lozim. Shuningdek, boshqa turdagi o’quv ishlari 100 soatgacha hajmda bajarilishi tavsiya etiladi.

 3-BOB. PROFESSOR-O’QITUVChILARNING O’QUV-USLUBIY, ILMIY-TADQIQOT VA TAShKILIY-TARG’IBOT  IShLARINI BELGILASh

 9. Professor-o’qituvchilar faoliyatining o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlari bo’yicha soatlar hajmi hisoblanmaydigan ish turlari mazkur Qoidalarning 2-ilovasida nazarda tutilgan Markaz professor-o’qituvchilarining o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlari turlaridan kelib chiqib, professor-o’qituvchilarning lavozimlariga  qo’yilgan malaka talablari asosida belgilanadi.

10. Professor-o’qituvchilarning o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlari hajmi mazkur ish turlarini bajarish zaruriyatidan kelib chiqib, professor-o’qituvchilarning lavozimlariga  qo’yilgan malaka talablari asosida Markaz Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

11. Professor-o’qituvchilarning ilmiy-pedagogik, ijodiy mahoratini uzluksiz oshirib borish, tinglovchilarda chuqur nazariy bilim, amaliy va kasbiy ko’nikmalarni shakllantirish, ilm-fanga bo’lgan qiziqishni uyg’otish, ularga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, har tomonlama yetuk mutaxassis tayyorlashni nazarda tutgan holda kafedra mudiri o’qitishni ilg’or pedagogik va kompyuter texnologiyalari, yangi avlod o’quv adabiyotlari asosida tashkil etish hamda o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlar bo’yicha aniq topshiriqlarni belgilaydi.

 4-BOB. YAKUNIY QOIDA

12. Kafedra ishining hajmi, professor-o’qituvchilarning umumiy yuklamasi to’g’ri belgilanganligini va bajarilgan ishlarning sifatini nazorat qilish Markazning tegishli kafedra va tegishli yo’nalishlar bo’yicha bo’limlari tomonidan amalga oshiriladi.

13. Professor-o’qituvchilarning shaxsiy ish rejalari bajarilishi natijalari kafedra yig’ilishlarida har oyda muhokama etilib va tegishlicha baholab boriladi.

14. Markaz professor-o’qituvchilari tomonidan bajarilishi lozim bo’lgan o’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-targ’ibot ishlarining hajmini hisoblash hamda kafedradagi pedagog kadrlar o’rtasida ish xajmini ish turlari bo’yicha oqilona taqsimlash ushbu Qoidalar asosida amalga oshiriladi.

15. Mazkur Qoidalar Markaz Ilmiy kengashining 2019 yil 17 iyuldagi majlisi qarori bilan tasdiqlangan.