UMUMIY O‘RTA, O‘RTA MAXSUS VA PROFESSIONAL TA’LIM MUASSASALARIDA HUQUQIY FANLARDAN DARS BERADIGAN, OLIY NOYURIDIK MA’LUMOTGA EGA PEDAGOG KADRLARNI QAYTA TAYYORLASH KURSLARI.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risida”gi nizom asosida kasbiy qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslari — umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlar bo‘yicha yuqori saviyada pedagogik faoliyatni yuritish uchun yetarli darajadagi bilim olish va ko‘nikma shakllantirishni nazarda tutadigan o‘qitish shakli hisoblanadi.
I. Kursning maqsad va vazifalari
1.1 Kursning maqsadi:
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan pedagog kadrlarni yuqori saviyada qayta tayyorlash.
1.2. Kursning asosiy vazifalari:
a) Pedagog kadrlarning huquqiy bilimlarini yangilash va rivojlantirish.
b) Ta’lim muassasalarida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llashni o‘rgatish.
d) O‘quvchilarni huquqiy fanlarni o‘qitish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash.
e) Pedagog kadrlarni kasbiy o‘sish va malakasini oshirish uchun zarur bo‘lgan asosiy bilimlar bilan ta’minlash.
II.Kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabulni tashkil etish
Buyurtmachi har yili 15-noyabrga qadar keyingi kalendar yilda kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qishi rejalashtirilgan pedagog kadrlar ro‘yxatini Institutga taqdim etadi. Kurs muddati, talabgorlar ro‘yxati aks ettirilgan reja-grafik buyurtmachi va Institut tomonidan tasdiqlanib, har yili 15-dekabrdan kechiktirmasdan, buyurtmachi tomonidan talabgorlarning asosiy ish joyiga taqdim etiladi hamda talabgorlar bosqichma-bosqich kurslarga yo‘naltiriladi.
III.Kurslarning tashkil etilishi
Kasbiy qayta tayyorlash kurslari masofaviy ta’lim shaklida tashkil etilib, qoida tariqasida, Institut kengashi tomonidan tasdiqlanadigan to‘rt oylik o‘quv rejasi va dasturlariga muvofiq o‘tkaziladi. O‘quv jarayoni Institutning va masofaviy ta’limga oid maxsus boshqa ta’lim platformalarida onlayn hamda offlayn rejimda tashkil qilinadi.
IV.Kasbiy qayta tayyorlash kurs yakuni natjalari
Yakuniy imtihon: Yakuniy imtihon test sinovlari shaklida o‘tkaziladi. Testlar onlayn va offlayn rejimda o‘tkazilishi mumkin. Yakuniy imtihonda test sinovlari uchun ajratilgan maksimal ballning 56 foizidan kam ball to‘plagan tinglovchilar kurslarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirmagan hisoblanadi va keyingi kasbiy qayta tayyorlash kurslari yakunida faqat bir marta qayta topshirish imkoni beriladi. Bunda tinglovchilar test sinovlarini pulli asosida buyurtmachining mablag‘lari yoki tinglovchining o‘z hisobidan takroran topshiradi.
V.Kurs yakuni
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga Institut direktorining buyrug‘i davlat namunasidagi diplom beriladi.
VI.Kasbiy qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga imtiyozlar
Maktab ta’limi tizimida ishlovchi pedagoglar besh yil davomida malaka oshirishdan ozod etiladi.
O‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida ishlovchi pedagoglar esa uch yil davomida malaka oshirishdan ozod etiladi.