+998 71 200 02 35

Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining USTАVI


1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Ustav O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) maqomi, maqsadi, vazifalari va faoliyati asosiy yo‘nalishlarini, huquq va majburiyatlarini, faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish tartibini, shuningdek, o‘quv jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Markaz adliya organlari va muassasalari, advokatlar, notariuslar, FHDY organlari xodimlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlarini (yuriskonsultlarini) qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan davlat ta’lim muassasasidir.

3. Markaz o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.

4. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan mustaqil tuzilmasi bo‘lib, o‘z balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga hamda o‘z faoliyati uchun zarur boshqa belgilar va rekvizitlarga ega bo‘ladi.

5. Markaz bevosita O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga bo‘ysunadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi.

6. Markazning rasmiy nomi:

davlat tilida — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi;

ingliz tilida — Lawyers’ Training Center under the Ministry of Justice of the Republic of Uzbekistan;

rus tilida — Sentr povisheniya kvalifikatsii yuristov pri Ministerstve yustitsii Respubliki Uzbekistan.

7. Markaz joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Katta darxon ko‘chasi, 6-uy.

2-bob. Markazning maqsadi, vazifalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari

8. Adliya organlari va muassasalari, advokatlar, notariuslar, FHDY organlari va davlat boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari (yuriskonsultlari) hamda xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning o‘zga soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markaz faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.

(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

tinglovchilarni qabul qilinayotgan yangi qonunlar va amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan oxirgi o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati, davlat va jamiyat qurilishi sohasini yanada demokratlashtirish jarayonlari, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi, sud, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida huquqni qo‘llashning zamonaviy talablari hamda ushbu sohadagi xorijiy davlatlar tajribasi bilan yaqindan tanishtirish;

o‘quv, ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va amalga oshirish uchun respublikaning yetakchi ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarining tajribali olimlari, boshqa xodimlari va ekspertlarini jalb etish, shu jumladan shartnoma asosida jalb etish.

10. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlarning yo‘nalishlari va zamonaviy talablari asosida adliya, yuridik xizmat, advokatura bo‘yicha huquqshunos va boshqa kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

boshqa soha mutaxassislarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha shartnoma asosida o‘qishlar tashkil etish;

huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;

huquqshunos kadrlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqish va taqdim etish;

huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish.

3-bob. Markazning huquqlari

11. Markaz quyidagi huquqlarga ega:

Markaz professor-o‘qituvchilari o‘quv-uslubiy va ilmiy faoliyati bo‘yicha vaqt me’yorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan o‘quv yuklamasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda mustaqil belgilash;

Markazga shartnoma asosida (shu jumladan, soatbay haq to‘lash asosida) o‘qituvchi va amaliyot xodimlari (ekspertlar)ni jalb etish;

tegishli vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlardan statistikaga oid ma’lumotlar hamda zarur materiallarni olish uchun murojaat qilish;

yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlarni belgilangan tartibda tashkil qilish va ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

o‘quv-uslubiy, ilmiy-amaliy va madaniy aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish yuzasidan hamkorlik qilish maqsadida oliy ta’lim muassasalari hamda xorijiy davlatlar muassasalari bilan shartnomalar tuzish;

ajratilgan budjet mablag‘lari hamda o‘z mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda zarur jihoz va anjomlarni sotib olish;

noshirlik faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlarning dolzarb muammolari bo‘yicha davriy, ilmiy-nazariy va amaliy nashrlar chiqarish;

o‘quv jarayoni hamda o‘quv-uslubiy ishlarga yuqori malakali huquqshunos olimlarni, tajribali amaliyotchi xodimlar va xorijdan mutaxassislarni shartnoma asosida (shu jumladan, soatbay haq to‘lash asosida) jalb qilish;

o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar to‘plamlarini nashr qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshka manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda o‘quv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash, professor-o‘qituvchilar tarkibini belgilash;

o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamg‘armasini, ijtimoiy rivojlantirish jamg‘armasini, moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini, valyuta ajratmalari jamg‘armasini tashkil qilish. Mazkur mablag‘lar olib qo‘yilishi mumkin emas, ular kelgusida foydalanish uchun yig‘iladi;

xalqaro konferensiya, simpozium, seminar va anjumanlarni tashkil qilish hamda ularda ishtirok etish.

Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

4-bob. Markaz tuzilmasi va boshqaruv organlari

12. Markaz tuzilmasiga quyidagilar kiradi:

Markaz filiallari;

(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshisi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

Kafedralar;

Bo‘limlar;

Buxgalteriya;

Axborot resurs markazi;

Kadrlar bo‘yicha katta inspektor.

Markaz direktori, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritishi hamda Markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtatlar joriy etishi mumkin.

13. Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.

Markaz direktori ikki o‘rinbosarga, jumladan o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosar hamda moliya-iqtisod va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosar ega.

14. Markaz direktori va uning o‘rinbosarlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

15. Markaz direktori o‘z vakolati doirasida qonun hujjatlariga muvofiq buyruqlar chiqaradi va ularning bajarilishini ta’minlaydi.

Direktor qonun hujjatlari va mazkur Ustavga muvofiq:

Markaz nomidan ish olib boradi, barcha tashkilotlarda uning huquqlarini himoya qiladi;

direktor o‘rinbosarlari o‘rtasida Markaz tuzilmasiga muvofiq vazifalarni taqsimlaydi;

Budjet mablag‘lari va budjetdan tashqari adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan mablag‘lar (rivojlantirish jamg‘armasiga tinglovchilarni o‘qitishdan tushadigan pullik xizmatlar asosidagi mablag‘lar bundan mustasno) uchun xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini o‘rnatilgan tartibda Adliya vazirligiga ro‘yhatdan o‘tkazish uchun kiritadi;

xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;

Markaz faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida mutaxassislarni Markazning budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan shartnoma asosida ishga jalb qiladi;

Markaz xodimlari uchun oylik maosh tizimi va rag‘batlantirish jamg‘armasini taqsimlaydi;

Markazning mol-mulki va mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf qiladi;

shartnomalarni imzolaydi, ishonch qog‘ozlarni beradi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida Markaz hisob raqamlarini ochadi;

belgilangan tartibda modernizatsiya va yangi texnologiyalar jamg‘armasini va valyuta ajratmalari jamg‘armasini tashkil qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yuqori malakali professor-o‘qituvchilarga, ilmiy xodimlar va boshqa xodimlarga tarif stavkasining ikki yuz foizigacha miqdorda oylik ustama belgilaydi;

Markaz xodimlarini mukofotlaydi va zarur hollarda ularga nisbatan intizomiy choralar qo‘llaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ichki mehnat tartibini belgilaydi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shimcha ta’til muddatini belgilaydi;

tinglovchilar uzoq vaqt mashg‘ulotlarda sababsiz qatnashmagan yoki ichki tartib-qoidalarni buzgan taqdirda, ularni tinglovchilar safidan chiqaradi va bu haqda ularning ish joyiga ma’lumot yuboradi;

ilmiy kengash, konferensiya, simpozium, seminar va anjumanlarda Markaz nomidan qatnashadi;

Markazning Ilmiy kengashi faoliyatiga rahbarlik qiladi;

ilmiy tadqiqotchilarni Markazga biriktirish masalalarini ko‘rib chiqadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

16. Markaz direktorining o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari:

Markaz kafedralari va filiallari Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va masofadan o‘qitishni tashkil etish bo‘limi, Fan, innovatsiya va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘limi, O‘quv jarayonini tashkil etish va nazorat qilish bo‘limi faoliyatiga rahbarlik qiladi;

(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

o‘quv jarayonini tashkil qilishga bevosita rahbarlik qiladi;

tinglovchilarni o‘qitish taqsimot-rejalari loyihalarini tayyorlashga rahbarlik qiladi;

o‘quv rejalari, dasturlari va dars jadvallari ishlab chiqilishini tashkil qiladi;

Markaz professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari tomonidan olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘naltirib boradi;

Markazning Ilmiy kengashi ish rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Ilmiy kengash muhokamasiga kiritilishini ta’minlaydi;

Markazning o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlari bo‘yicha hisobotlarini tayyorlaydi;

direktorning topshirig‘iga ko‘ra boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

17. Markaz direktorining moliya-iqtisod va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:

Markazning Buxgalteriya, Axborot-resurs markazi, Ma’muriy-xo‘jalik bo‘limi, Buyurtmalar portfeli va marketingni shakllantirish bo‘limi va Tahririy-nashriyot bo‘limi faoliyatiga rahbarlik qiladi;

xo‘jalik ishlarini tashkil etadi;

Markaz bir maromda faoliyat olib borishi uchun uni kerakli asbob uskunalar va jihozlar bilan ta’minlaydi;

Markaz binolaridan talab darajasida foydalanish, binolarni zarur ta’mirlash va kapital qurilish ishlarini tashkil qiladi hamda ularning bajarilishini ta’minlaydi;

Markazning xo‘jalik shartnomalari majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi, xo‘jalik faoliyati bo‘yicha bank operatsiyalari amalga oshirilishini tashkil etadi;

Markazning moliya-xo‘jalik ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarini tayyorlaydi;

direktorning topshirig‘iga ko‘ra boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

18. Markaz kafedralari, bo‘limlari va boshqa tarkibiy tuzilmalari direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida ish olib boradi.

19. Markaz faoliyatiga taalluqli muhim masalalarni hal qilish uchun direktor, uning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda Ilmiy kengash tuziladi.

20. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan Ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom asosida olib boradi. Ilmiy kengash ishi yillik ish rejasiga muvofiq tashkil qilinadi.

Ilmiy kengash:

mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar va sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish hamda huquqshunos mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarini hal qiladi;

ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qiladi va Markaz nomidan xulosa beradi;

Markaz ilmiy tadqiqotchilarining mavzularini tasdiqlaydi, ularni kafedralarga biriktiradi;

 (20-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

professor-o‘qituvchilarni ilmiy unvonlarga tavsiya qiladi;

belgilangan tartibda Markazning faxriy doktori darajasini beradi;

 (20-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

Markaz, uning tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini ko‘rib chiqadi.

5-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish

21. Markaz faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Budjetdan tashqari adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

shartnoma asosida pullik o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari ro‘yxatiga kiritilgan ilmiy dasturlarni maqsadli moliyalashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari buyurtmasi bo‘yicha tanlov asosida bajariladigan ishlar uchun ajratiladigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

22. Markazning direktori va uning o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilariga oliy ta’lim muassasalarida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash miqdorlari, qolgan xodimlariga esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlari mehnatiga haq to‘lashning amaldagi miqdorlari qo‘llaniladi.

23. Markaz xodimlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari joriy etiladi.

24. Markaz xodimlarining oldingi ish joyidan berilgan martaba darajalari saqlab qolinadi.

Markazdagi ish davri martaba darajalarini olish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.

6-bob. O‘quv jarayonini tashkil qilish

25. Markaz ta’lim faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari qoidalari, davlat va jamiyat hayotini modernizatsiyalash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sohalardagi islohotlarning yo‘nalishlari va zamonaviy talablari asosida shuningdek, xalqaro standartlar va rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablari asosida amalga oshiradi.

(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

26. Markazning o‘quv dasturlari yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablariga asosan ishlab chiqiladi.

(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

 (27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

28. Markazga o‘qishga yuboriladigan xodimlar kasbiy yo‘nalishi bo‘yicha guruhlarga bo‘lingan holda o‘qitiladi, ularning o‘qish vaqti va muddati Markaz bilan kelishilgan holda tayyorlangan hamda tegishliligi bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadigan taqsimot-rejalarga muvofiq belgilanadi.

(28-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

O‘qishga yuborilgan xodimlarning Markazga yetib kelishi taqsimot-rejalarga asosan tegishli tashkilotlar tomonidan ta’minlanadi.

29. Markazda tinglovchilarni o‘qitish malaka oshirish kurslarida bir oygacha davom ettirilishi mumkin.

To‘lov-shartnoma asosida tinglovchilarni o‘qitish muddati buyurtmachi tashkilot bilan Markaz o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida belgilanadi.

30. Qayta tayyorlash kurslari tinglovchilarining bilimlari sinov imtihoni, malaka oshirish kurslari tinglovchilarining bilimi esa suhbatdan o‘tish asosidan baholanadi.

Sinov imtihonini yoki suhbatdan o‘tishni tashkil etish va o‘tkazish uchun Yuristlar malakasini oshirish markazi direktorining buyrug‘i bilan sinov imtihoni komissiyasi tuziladi. Komissiya, qoidaga ko‘ra, rais va kamida ikki nafar a’zodan iborat bo‘ladi.

Sinov imtihoni komissiyasi tarkibiga, kelishuv asosida, adliya vazirligi markaziy apparati, Advokatlar palatasi, Notarial palataning xodimlari, boshqa buyurtmachi tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ham kiritilishi mumkin.

(30-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

Tinglovchilar bilan yakuniy sinov imtihoni (suhbat) — ular kasbiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda malaka oshirish kursi dasturiga asosan o‘tilgan mavzular bo‘yicha o‘tkaziladi. Sinov imtihoni (suhbatdan o‘tish) natijalari sinov imtihoni qaydnomasida “sinovdan o‘tdi” yoki “sinovdan o‘tmadi” deb baholanadi hamda komissiya raisi va uning a’zolari tomonidan imzolanadi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi o‘quv dasturlarida nazarda tutilgan barcha talablarni bajargan va sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan (suhbatdan o‘tgan) tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan o‘tmagan) tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bu holda tinglovchiga malaka oshirish kursida qatnashganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.

31. O‘qish muddati mobaynida tinglovchilarning asosiy ish joylaridagi o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi. Respublikaning boshqa hududlaridan Markazga o‘qishga kelgan tinglovchilarga bir martalik xizmat safari xarajatlari o‘qishga yo‘llagan tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.

32. Markazda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xarajatlari adliya xodimlari uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, tinglovchilarni o‘qitish xarajatlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun haq miqdorini mustaqil belgilaydi;

(32-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

Markaz va buyurtmachi tashkilotlar, advokatlar va boshqa toifadagi tinglovchilar bilan to‘lovni amalga oshirish to‘g‘risidagi to‘lov-shartnomalar elektron shaklda tuziladi va vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2020-y., 09/20/544/1265-son)

7-bob. Markazning xalqaro aloqalari

33. Markaz huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda o‘zaro manfaatli asosda ilmiy axborotlar almashish ishlarini yo‘lga qo‘yadi shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro aloqalarni amalga oshiradi.

Markaz tinglovchilar uchun o‘quv jarayonining muayyan qismini va professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi va tajriba orttirishini yetakchi xorijiy ilmiy va o‘quv markazlarida, firmalarda va xalqaro tashkilotlarda mustaqil ravishda tashkil etishi mumkin.

34. Markazda chet el fuqarolarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, Markaz professor-o‘qituvchilari va tinglovchilarining xorijiy davlatlardagi o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish hamda tajriba orttirishi xalqaro shartnomalar, davlat organlari o‘rtasida tuzilgan bitimlar asosida amalga oshiriladi.

8-bob. Yakunlovchi qoida

35. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.