+998 71 200 02 35

BMT XALQARO HUQUQ KOMISSIYASI TOMONIDAN O‘RGANILAYOTGAN DOLZARB MAVZULAR MUHOKAMA QILINDI

11.05.2020 4966

2020-yilning 11-may kuni BMT Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan o‘rganilayotgan dolzarb mavzularga bag‘ishlangan videokonferensiya rejimidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Videokonferensiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan birgalikda tashkil etildi. Unda Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi va boshqa ilmiy-akademik doiralar vakillari ham ishtirok etdilar.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan «Umumiy xalqaro huquqning imperativ normalari (jus cogens)» va «Xalqaro shartnomalarni vaqtincha qo‘llash» mavzulari hamda ushbu mavzular doirasida Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan xulosa va rahbariy qoidalar loyihalari muhokama qilindi.

Bundan ko‘zlangan maqsad esa xalqaro huquq normalarining yaratilishida ishtirok etuvchi xalqaro tuzilmalarda O‘zbekiston Respublikasining faolligini oshirish va xalqaro huquq norma ijodkorligi jarayonida davlatimiz manfaatlarini maksimal darajada inobatga olinishini ta’minlashdir.

Ta’kidlash joizki, ushbu davra suhbati xalqaro norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli masalalar muhokamasiga keng ilmiy-akademik doiralar vakillari jalb etilayotgan birinchi tadbir hisoblanadi.

Videokonferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida yuqoridagi mavzular doirasidagi Xalqaro huquq komissiyasining loyihalari yuzasidan davlatimizning rasmiy pozitsiyasini shakllantirish uchun bir qator takliflar taqdim etildi.