Mamlakatimizda jamiyatning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash, bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarining huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyaviy muhitni shakllantirish va xususiy mulk dahlsizligini taʼminlash hamda uni ishonchli himoya qilishda, milliy davlatchilik va huquqiy tizimni mustahkamlashda zamonaviy fikrlaydigan va mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladigan bilimli yuridik kadrlarga bogʼliqdir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining yuqori malakali yurist kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos kadrlarning kasbiy tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilashni taqozo etdi. Bu sohada Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyunda «Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida»gi 531-sonli qarorining qabul qilinishi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Hukumatning ushbu qarori binoan Markazga yangi vazifalar yuklatildi va Markazning yangi tasdiqlangan Ustaviga muvofiq vazifalar va yoʼnalishlari aniqlashtirildi. Hususan, bugunda Markazning asosiy maqsadi sifatida adliya organlari hamda advokatura xodimlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari (yuriskonsulьtlari) hamda ularga tenglashtirilgan boshqa soha mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlashdan iboratligi belgilandi.
Markazda tashkil etilgan kurslarda 1997-2019 yillarda 30 mingdan ortiq tinglovchilar malakasi oshirildi va qayta tayyorlandi. Xususan, ohirgi 2018-2019 oʼquv yillarida Markazda 2961 nafar tinglovchi (har oyda oʼrtacha 296 nafar tinglovchi) oʼqitildi. Shundan, 2853 nafar tinglovchilar malakasi oshirildi, 108 nafar tinglovchi esa qayta tayyorlash kurslarida oʼqitildi. Shu bilan birga, 2019 yil fevralь oyida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi PF-5618-son “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʼgʼrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respubldikasi Аdliya vazirligi bilan kelishilgan holda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan, jami 246 nafar huquqiy sohani yorituvchi jurnalistlar hamda OАV vakillari malakasi oshirildi.
Hududlarda faoliyat olib borayotgan yuridik kadrlarga sayyor oʼquv kurslarini tashkil etish bilan bir vaqtda, bugun Аdliya organlari, notariuslar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yuridik xizmatlari va davlat xizmatlari markazlari xodimlari, advokatlar va fuqarolik holati dalolatnomasini yozish organlari xodimlariga qoʼshimcha taʼlim shakli sifatida masofadan turib oʼqitish tizimini yoʼlga qoʼyish boʼyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasining «Mediatsiya toʼgʼrisida»gi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Аdliya vazirligining
2019 yil 31 yanvardagi buyrugʼi bilan tasdiqlangan «Mediatorlarni tayyorlash dasturi»ga muvofiq joriy oʼquv yilidan boshlab Markazda professional mediatorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun bir oylik maxsus kurslar tashkil etildi, ushbu kursni tamomlagan 22 nafar bitiruvchiga Oʼzbekistonda ilk bor birinchi mediatorlik sertifikatlari topshirildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
1 iyuldagi «Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-4380-son qaroriga muvofiq, Markazga intellektual mulk sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish va patent vakillarini tayyorlash boʼyicha qoʼshimcha vazifalar yuklatildi.
Markazda mashgʼulotlar «Yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʼyiladigan davlat talablari» asosida tashkil etilgan boʼlib, yuridik kadrlar oldida turgan vazifalar, huquqshunoslik fani va amaliyotining eng soʼnggi yutuqlari inobatga olingan.
Oʼquv dasturlariga yuridik fanlar va mutaxassislikka oid mavzular bilan bir qatorda, tinglovchilarning rahbarlik va vaqtni samarali tashkil etish, boshqarish koʼnikmalarini shakllantirishga koʼmaklashishga qaratilgan «Vaqtni idora etish va ish jarayonini samarali tashkil qilish», «Nizoli vaziyatlarni hal etish», «Fuqarolar va protsess ishtirokchilari bilan muloqotda boʼlish koʼnikmalari», «Boshqaruv koʼnikmalarini oʼstirish», «Ish joyida stressni idora eta bilish», «Notiqlik madaniyati», «Yuridik nutq madaniyati», «Yurist kasb etikasi» kabi mavzular kiritilgan.
Markaz oʼquv jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini qoʼllash, innovatsion uslublardan foydalanish yoʼlga qoʼyilgan. Mashgʼulotlar yuqori darajada olib borilishi uchun oʼquv xonalari, zamonaviy yozuv vositalari, slayd-taqdimot va videoroliklar namoyish qilish uchun katta ekranli televizorlar bilan taʼminlangan. Shuningdek, mashgʼulotlarni amaliyot bilan chambarchas bogʼlash maqsadida, Markazda maxsus jihozlangan «Sud majlisi zali» va «Mediator xonasi» kabi oʼquv xonalari tashkil etilgan.
Mashgʼulotlarning samarali oʼtishi va mutaxassislikka oid bilim, amaliy koʼnikma va maʼlumotlar berish maqsadida, Markaz rahbariyati va professor-oʼqituvchilari ishtirokida malaka oshirishga kelgan tinglovchilar bilan xaftaning har chorshanba va payshanba kunlari uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda tinglovchilarga Markazda oʼquv jarayoniga oid mavjud sharoitlar va oʼrnatilgan tartib-intizom xaqida maʼlumotlarni yetkazilish bilan bir vaqtda ularning mashgʼulotlarni olib borilishi boʼyicha fikrlari hamda mutahassisligiga oid takliflari va mulohozalari eshitilib, oʼquv jaryoniga joriy etilmoqda.
Bugungi kunda Markaz kafedralari yuqori malakali professor-oʼqituvchilardan iborat boʼlib, ularning 8 nafari fan doktori, professor,
7 nafari fan nomzodi hamda dotsentlardir. Bugunda Markazning ilmiy salohiyati 100 foizni tashkil etadi. Mashgʼulotlarga salohiyatli, yuqori malakali pedagoglar bilan bir qatorda mamlakatimizning yetakchi olimlari, mutaxassislari, shuningdek, parlament aʼzolari, Аdliya vazirligi, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Respublika sud ekspertizasi markazi, Аdvokatlar palatasi va boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalarining tajribali amaliyotchi xodimlari jalb etilmoqda.
Markazning professor-oʼqituvchilari tomonidan yuridik masalalarga oid 20 dan ortiq monografiya, darslik, oʼquv va oʼquv-amaliy qoʼllanmalar, 100 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar chop etilgan. Markazning professor-oʼqituvchilari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda munosib ishtirok etishmoqda. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis, Oliy sud, Bosh prokuratura, Аdliya vazirligi va boshqa teshishli davlat organlaridan kelib tushgan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodekslari, Mehnat, Oila, Fuqarolik, Fuqarolik-protsessual qodekslari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlari loyihalari boʼyicha oʼz takliflari bilan faol qatnashib kelmoqdalar. Shu qatorda, Markaz professor-oʼqituvchilari tomonidan grant loyihalari doirasida ilmiy izlanishlar olib borish yaxshi yoʼlga qoʼyilgan.
Markaz professor-oʼqituvchilari xalqaro va respublika miqyosida tashkil etilgan dolzarb masalalar boʼyicha nufuzli konferentsiya, ilmiy, ilmiy-amaliy seminar, “davra suhbat”larida maʼruza va chiqishlari bilan faol qatnashib kelmoqda. Shu qatorda, «Xalqaro huquq va inson huquqlari» kafedrasi mudiri L. Saidova Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatidagi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʼyicha Komissiyasi huzuridagi ishchi guruh aʼzosi sifatida ishtirok etib kelmoqda.
Markaz professor-oʼqituvchilari respublikamiz Prezidenti farmonlari va qarorlari, hukumatimiz karorlari bilan tashkil etilgan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy 2019 yilning oʼzida Markaz professor-oʼqituvchilari Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligining tegishli boʼyruqlari bilan tashkil etilgan 300dan ortiq targʼibot tadbirlarida qatnashib keldilar. Ushbu targʼibot ishlar natijasiga koʼra, Markazning bir necha professor-oʼqituvchilari turli vazirlik va idoralar tomonidan ragʼbatlantirilib kelinmoqda.
Jumladan, Markaz kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori Boboqul Toshev joriy yilda Аdliya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan «Eng yaxshi huquq targʼibotchisi», Notiqlik sanʼati akademiyasining «Huquqiy mavzularini keng aholi oʼrtasida sodda tilda tushuntirish» nominatsiyasi boʼyicha gʼolib deb topildi.
Markaz tinglovchilari Аxborot-resurs markazida mavjud boʼlgan 8000 dan ortiq kitobdan, Lex.uz, Norma, Yurida kabi huquqiy axborot tizimlaridan keng foydalanishadi.
Markazda BMTning Taraqqiyot dasturi, BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, YuNISEF, YeXHTning Oʼzbekistondagi Loyihalar koordinatori, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya), АQShning USAID, Germaniyaning GITs, F.Ebert va K.Аdenauer nomidagi fondlari kabi respublikamizda faoliyat koʼrsatib turgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yoʼlga qoʼygan.
Xususan, xalqaro hamkorlar koʼmagida har yili Markaz professor-oʼqituvchilari va tinglovchilarining malakasini oshirish maqsadida seminar, qisqa muddatli yozgi, qishki oʼquv kurslari hamda master-klasslar tashkil etib kelinmoqda.
Markaz professor-oʼqituvchilari va xodimlariga maʼnaviy va madaniy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga Markazda faoliyat koʼrsatgan nafaqadagi xodimlar, olimlar, yuristlar va mamlakatimizda taniqli sanʼatkorlari ham tashrifi yoʼlga qoʼyilgan.