Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
zamonaviy talablar va jarayonlarni hisobga olgan holda adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, sud ekspertizasi, arxiv ishi va ish yuritish, ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash, mediatsiya va intellektual mulk sohalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
buyurtmachilarga malaka oshirish shakllarini kasbiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish;
kasbiy o‘qitishning ish jarayoni bilan birgalikda amalga oshiriladigan shakllarini (dual ta’lim) joriy qilish va takomillashtirib borish;
xalqaro miqyosda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini munosib ifoda eta oladigan yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish;
oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, shuningdek, professional va oliy ta’lim tizimida huquqiy fanlardan dars beradigan pedagog kadrlarning belgilangan davriylikka muvofiq malakasini oshirish;
yuridik va noyuridik sohalarda faoliyat yurituvchi davlat xizmatchilari, xususiy sektor hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil qilish;
tashkilotlarning ichki hujjatlari, ish yuritish tartiblari, shartnomaviy munosabatlari hamda xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yuridik jihatdan tahlil qilgan holda, tashkilotlarning tegishli mutaxassislarini talab va ehtiyojlardan kelib chiqib shartnoma asosida manzilli o‘qitish;
kasbiy rivojlanish uchun raqamli ta’lim resurslarini yaratish, kadrlarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini uzluksiz rivojlantirish hamda davriy baholab borish;
kredit-modul tizimidan foydalangan holda kadrlar salohiyatini oshirish, yuridik ta’limda kazus va keys-texnologiyalar asosida o‘qitishni tashkil etish;
adliya organlari va muassasalari faoliyatini, huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, sud ekspertiza, arxiv ishi va ish yuritish sohalarini ilmiy-metodik va konsultativ jihatdan ta’minlash, shuningdek, ularning faoliyat yo‘nalishlarini tahlil qilgan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
huquqni qo‘llashdagi muammolar va yurisprudensiyaning eng dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoni hamda ilmiy faoliyatga yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, pedagogika sohasida ilg‘or tajriba almashish borasida xalqaro hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish.
2024-yil davomida 103 ta o‘quv dasturlari va 376 ta o‘quv modullari asosida 25925 nafar tinglovchi malaka oshirish kurslarida o‘qitildi.
225 nafar tinglovchi yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlandi, oliy ta‘lim muassasalarining 100 nafar, maktablarning 142 nafar huquq fani o‘qituvchilari qayta tayyorlash va malaka oshirishdan o‘tkazildi.
Yaponiya, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon va Belarus davlatlarining turdosh ta‘lim muassasalari bilan 7 ta memorandumga ega. 25 nafar tinglovchi Turkiya, Rossiya, Yaponiya davlatlariga qisqa muddatli stajirovkaga yuborildi.
“White and Case” (AQSH), Oxford universiteti, Tvente universiteti mutaxassislari ishtirokida xalqaro standartlar asosida o‘qitish doirasida “Legal Tech and Artificial intelligence in Legal profession” masalalarida qisqa muddatli professional o‘qitish kursi tashkil etildi. 81 nafar tinglovchilarga Adliya vazirligi va Oxford universitetining xalqaro sertifikatlari topshirildi.
Professional mediatorlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, 318 nafar mediatorlar tayyorlandi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi tomonidan huquqiy bilimlarni oshirish bo‘yicha jami 157 nafar, mutaxassislik bo‘yicha 62 nafar sud ekspertlarining malakasi oshirilgan.
Arxiv ishi va ish yuritish markazi tomonidan malaka oshirish kurslarida o‘qitilgan tinglovchilar soni 592 nafarni tashkil etadi.
Institutga O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Institutning ilmiy salohiyati 64 foizni tashkil etadi: 2 nafar fan doktori (DSc), 4 nafar dotsent va 7 nafar fan nomzodi (PhD).
Institut 13 ta xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlik qiladi.
Institutda yagona “Raqamli institut” platformasi yaratiladi.
Institut tinglovchilari Аxborot-resurs markazida mavjud bo‘lgan 8000 dan ortiq kitobdan, Lex.uz, Norma, Yurida kabi huquqiy axborot tizimlaridan keng foydalanishadi.
Institutda BMTning Taraqqiyot dasturi, BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, YuNISEF, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar koordinatori, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya), АQShning USAID, Germaniyaning GITs, F.Ebert va K.Аdenauer nomidagi fondlari kabi respublikamizda faoliyat ko‘rsatib turgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, xalqaro hamkorlar ko‘magida har yili Institut professor-o‘qituvchilari va tinglovchilarining malakasini oshirish maqsadida seminar, qisqa muddatli yozgi, qishki o‘quv kurslari hamda master-klasslar tashkil etib kelinmoqda.
Institut professor-o‘qituvchilari va xodimlariga maʼnaviy va madaniy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga Institutda faoliyat ko‘rsatgan nafaqadagi xodimlar, olimlar, yuristlar va mamlakatimizda taniqli sanʼatkorlari ham tashrifi yo‘lga qo‘yilgan.
Institut taʼlim faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari qoidalari, davlat va jamiyat hayotini modernizatsiyalash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sohalardagi islohotlarning yo‘nalishlari va zamonaviy talablari asosida shuningdek, xalqaro standartlar va rivojlangan davlatlarning ilgʼor tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari asosida amalga oshiradi.