+998 71 200 02 35

“Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” nomli kurs tashkil etildi

27.01.2025 111

Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi xodimlari uchun ma’muriy huquqbuzarliklarni tahlil qilish va ular bo‘yicha ish yuritishga qaratilgan “Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” nomli o'quv kursi tashkil etildi. Ushbu kurs inspeksiya xodimlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning amaliy malakasini oshirishga qaratilgan.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245¹¹-moddasiga asosan, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasiga taaluqli bo‘lgan 74, 75 va 76-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarning tushunchasi va javobgarlik asoslari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirish va uning mazmuniga oid talablar yuzasidan dars mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga oid tartib va muddatlari hamda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror turlari, ma’muriy jarima to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etish xususiyatlariga oid tushuntirishlar berildi.

Bu, o‘z navbatida, inspeksiya xodimlariga o‘z vazifalarini qonunga muvofiq va samarali bajarish imkonini beradi.

“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi xodimlari uchun o‘tkazilgan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari ularning huquqiy bilimlarini oshirish bilan birga, suv resurslarini muhofaza qilish borasidagi davlat siyosati samaradorligini yanada oshirishga hissa qo‘shadi.