8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi “O‘zagrosug‘urta” AJ bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi. Tadbirda Bosh qomusimizning yaratilish tarixi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarining ifodalanishi, fuqaro va davlat o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarning belgilanishi, huquqiy ta’sir choralarining mutanosiblik prinsiplari yuzasidan fikr almashildi.
- Bosh qomusimizda aks etgan asosiy prinsiplar, huquq va erkinliklar, normalarni tushuntirish, ularni xalqchil tilda aholiga yetqazish borasida joylarda huquqiy-targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda, - deydi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi provizor-o‘qituvchisi Shohjahon Jumayev. – Jumladan, Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimlari ham turli tashkilotlarda, hususan, bugun mana “O‘zagrosug‘urta” AJ va uning filial xodimlari uchun Konstitutsiya mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Ta’kidlandiki, 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda avvalo inson, uning hayoti, erkinligi, daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida tan olinishi qayd etilgan. Seminarda yangi moddalar yig‘ilganlarga atroflicha tushuntirildi.
Tadbir davomida Bosh qomusimizda kiritilgan yangi normalarning mazmun–mohiyati hayotiy o‘xshatishlar orqali ochib berildi. Seminarda shuningdek, interfaol usullar, qiziqarli savol-javoblar orqali ham yig‘ilganlar keng ma’lumotga ega bo‘ldilar.