+998 55 518 57 77

Sun’iy intellekt muallif bo‘la oladimi?

27.03.2026 36

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi jamiyat hayotining deyarli barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ijodiy faoliyat bilan bog‘liq jarayonlarda sun’iy intellektning imkoniyatlari kengayib borayotgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda turli sun’iy intellekt tizimlari she’r yozishi, maqola tayyorlashi, rasm chizishi, hatto musiqa ham yaratishi mumkin. Shu sababli muhim bir savol tug‘iladi: sun’iy intellekt yaratgan asarning muallifi kim bo‘ladi?

Avvalambor, mualliflik huquqi tushunchasiga e’tibor qaratish zarur. Mualliflik huquqi – bu ijodiy faoliyat natijasida yaratilgan asarlarni huquqiy jihatdan himoya qilishga qaratilgan huquqiy institut hisoblanadi. Adabiy asarlar, ilmiy ishlar, musiqa, tasviriy san’at asarlari, dasturiy mahsulotlar kabi ko‘plab ijodiy mahsulotlar mualliflik huquqi obyekti sifatida e’tirof etiladi. Mualliflik huquqining asosiy tamoyillaridan biri shundan iboratki, asar muallifi – uni yaratgan shaxs hisoblanadi.

Ammo sun’iy intellekt paydo bo‘lishi bilan bu masala ancha murakkablashdi. Masalan, ChatGPT kabi sun’iy intellekt tizimlari matn yozishi mumkin, Midjourney yoki DALL-E kabi tizimlar esa tasvirlar yaratadi. Bunday holatda savol tug‘iladi: agar asarni sun’iy intellekt yaratgan bo‘lsa, uning muallifi sun’iy intellektning o‘zimi yoki undan foydalangan insonmi?

Ko‘plab davlatlarning huquqiy amaliyotida bu masalaga aniq yondashuv mavjud. Hozirgi paytda aksariyat mamlakatlarda mualliflik huquqi faqat inson tomonidan yaratilgan asarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Masalan, AQSh mualliflik huquqi idorasi bir necha bor sun’iy intellekt tomonidan to‘liq yaratilgan asarlar mualliflik huquqi bilan himoya qilinmasligini ta’kidlagan. Chunki amaldagi huquqiy talqinga ko‘ra mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasida yaratilgan asarga nisbatan qo‘llaniladi va ijodiy faoliyat subyekti sifatida inson nazarda tutiladi.

Shunga o‘xshash yondashuv Yevropa davlatlari huquqiy tizimida ham kuzatiladi. Yevropa Ittifoqi sud amaliyotida ham mualliflik huquqi asarning inson tomonidan yaratilgan ijodiy natija bo‘lishi bilan bog‘lanadi. Demak, sun’iy intellekt hozircha mustaqil muallif sifatida tan olinmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun moʻljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar mualliflik huquqining obyekti hisoblanmasligi qayd etilgan. Bundan ko‘rish mumkinki, bizning qonunchiligimiz bo‘yicha ham sun’iy intellekt muallif sifatida tan olinmaydi.

Biroq, bu masala bo‘yicha bahslar hali ham davom etmoqda. Ba’zi mutaxassislar kelajakda sun’iy intellekt texnologiyalari yanada rivojlanishi natijasida huquqiy yondashuvlar ham o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Chunki ayrim sun’iy intellekt tizimlari juda murakkab va mustaqil tarzda ijodiy natijalar yaratishga qodir. Shu sababli kelajakda “sun’iy intellekt muallifligi” tushunchasi huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoli ham mavjud.

Hozirgi sharoitda esa sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontent bilan bog‘liq yana bir muhim savol mavjud: bunday asar ustidan huquq kimga tegishli bo‘ladi? Amaliyotda ko‘pincha mualliflik huquqi sun’iy intellektdan foydalangan shaxsga yoki dastur yaratuvchisiga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida turli qarashlar mavjud. Biroq, bu masalada ham yagona xalqaro yondashuv shakllanmagan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari ijodiy faoliyat sohasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ammo, amaldagi huquqiy yondashuvga ko‘ra sun’iy intellekt mustaqil muallif sifatida tan olinmaydi. Mualliflik huquqi odatda inson ijodiy faoliyatining natijasi sifatida qaraladi. Shu sababli sun’iy intellekt yaratgan asarlar bilan bog‘liq huquqiy masalalar kelajakda ham ilmiy va huquqiy muhokamalar markazida bo‘lib qolishi shubhasiz.

 

A.Lapasov — Ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni

muvofiqlashtirish boʻlimi boshlig‘i