+998 71 200 02 35

“Oʼzbekiston va BMT: oʼzaro hamkorlik va barqaror taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy seminar oʼtkazildi.

30.06.2021 2955

2021 yil 30 iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining BMTga aʼzo boʼlganligining 29 yilligiga bagʼishlab “Oʼzbekiston va BMT: oʼzaro hamkorlik va barqaror taraqqiyot” mavzusida onlayn ilmiy-amaliy seminar oʼtkazildi.

Tadbirda Oʼzbekiston va BMT oʼrtasidagi hamkorlikning asosiy bosqichlari va yoʼnalishlarining oʼziga xos xususiyatlari, Oʼzbekiston Respublikasining BMT bilan hamkorligining istiqbolli yoʼnalishlari va maqsadlari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Аssambleyasi sessiyalarida ilgari surilgan dunyoda va mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlararo hamjihatlik va doʼstona aloqalarni mustahkamlash boʼyicha tashabbuslari, Oʼzbekistonda 2030 yilgacha boʼlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʼlgan jadal rivojlanishga erishish yoʼnalishlariga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ilmiy-amaliy seminarda Barqaror rivojlanish markazi direktori M.Sh.Usmanov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yu.f.d. G.Yuldasheva, Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi boʼlim boshligʼi, yu.f.d, dotsent O.R.Sulaymanov, Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yu.f.n. Sh.N.Raxmanov va Barqaror rivojlanish markazi boʼlim boshligʼi, yuridik fanlar buyicha falsafa doktori(PhD) F.Xamdamovalar oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, tadbirda Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Аkademiyasi, Barqaror rivojlanish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, IIV Аkademiyasi, Bosh prokuratura Аkademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitei, Sudyalar oliy maktabining yetakchi olimlari, professor-oʼqituvchilari, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar, shuningdek yuridik fan va amaliyotga aloqador mutaxassis va ekspertlar qatnashdilar.

Tadbir yakunida qizgʼin muhokama va savol-javoblardan soʼng, Oʼzbekiston va BMT hamkorligini rivojlantirish va Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʼyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ilmiy-amaliy seminar materiallari toʼplam sifatida nashr etilishi rejalashtirilgan.