Mamlakatimizda bozor mexanizmlariga o`tish, ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarining ma’muriy yukini va harajatlarini kamaytirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, qonunchilik hujjatlarini sifatini oshirish va soddalashtirish, chuqur o`ylangan hamda hisob-kitob qilingan qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi “aqlli tartibga solish” usullarini joriy etish bo`yicha tizimli faoliyat olib borilmoqda.
Shu bois, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ehtimoliy oqibatlarni aniqlash va baholash, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining tartibga solish maqsadlariga erishilganligini, samaradorligini aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlarni bevosita amalga oshira oladigan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Yuristlar malakasini oshirish markazida Tartibga solish ta’sirini baholash bo`yicha maxsus o`quv kurslari bo`lib o`tmoqda.
Qirq to`rt soatga mo`ljallangan mazkur o`quv kurslarida bosqichma-bosqich joriy yilning avgust-sentyabr oylarida davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatini amalga oshiruvchi 150 ga yaqin mas’ul xodimlarini mazkur soha bo`yicha bilim doirasini kengaytirish, o`zlashtirgan nazariy bilimlarini amaliy mashg’ulotlarda mustahkamlash rejalashtirilgan.
O’quv kurslarini sifatli va yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mazkur sohada boy amaliy tajribaga ega bo`lgan milliy va xalqaro ekspertlar jalb etilgan.
O’quv kurslari natijalari bo`yicha sertifikat beriladi.
O’quv kurslari to`g’risida qo`shimcha ma’lumot uchun
Yuristlar malakasini oshirish markaziga
(71-200-02-35) yoki
Adliya vazirligining Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasiga (71-207-04-99) murojaat qilishingiz mumkin.