+998 71 200 02 35

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yig’ilishi o`tkazildi.

24.06.2021 2960

Aytish joizki, so`nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida Yuristlar malakasini oshirish markazida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonlarida sifat jihatdan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Ta’lim jarayoni sifati va ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, jamoadagi ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlash, tinglovchilarni kasbiy ko`nikmalarini oshirishda jamoatchilik nazoratining rolini kuchaytirish maqsadida Yuristlar malakasini oshirish markazi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Jamoatchilik kengashi tomonidan Markaz faoliyatini o`rganish va tahlil qilish, har bir jarayonda ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash borasidagi ishlarni amalga oshirish belgilandi.

Yig’ilishda jamoatchilik kengashi a’zolari so`zga chiqib, ta’lim jarayonini samarali tashkillashtirishda jamoatchilik kengashining o`rni va kelgusida amalga oshirilgan ishlar xususida to`xtalib o`tishdi. Jamoatchilik kengashini yuridik kadrlar malakasini oshirish sohasida sog’lom ma’naviy-ruhiy holatni, qonuniylik, yuqori huquqiy madaniyat hamda axloqiylikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish masalalarini maqsad qilib qo`yilganligi alohida ta’kidlab o`tildi.

Majlis ishida ishtirok etgan Markaz direktori v.b. Abrorjon Otajonov tuzilgan Jamoatchilik kengashi kuzatuvchi bo`lmasdan, aksincha jarayonning faol ishtirokchisi bo`lmog’i kerakligini, ta’kidladi.  

Tahliliy ruhda o`tgan yig’ilishda joriy yilgi ustuvor vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi muhim chora-tadbirlar muhokama qilindi.