+998 71 200 02 35

Milliy qonunchilikda Konstitutsiyaviy mutanosiblik prinsipining joriy etilishi

22.12.2023 1463

Zamonaviy konstitutsiyaviy-huquqiy doktrina demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi tushunchalariga asoslanadi. Ularni amalga oshirishning zaruriy sharti va usuli sifatida mutanosiblik prinsipi alohida ahamiyat kasb etadi.

Mutanosiblik prinsipi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 20-modda 4-qismi bilan belgilangan bo‘lib, “Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak”ligini ta’kidlaydi.

Shu bois, bugungi kunda mutanosiblik prinsipi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ularga berilgan vakolatlarni munosib tarzda amalga oshirishning asosiy mezoni sifatida e’tirof etilib, shaxslarning huquqlarini cheklaydigan choralar haddan tashqari bo‘lmasligi va ularni qo‘llanilayotgan maqsadlarga mos kelishini talab qiladi.

Mutanosiblik qator milliy normativ-huquqiy aktlarda prinsip sifatida o‘z aksini topgan. Masalan, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuning 7-moddasiga asosan, ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerakligi ta’kidlangan. Shu bilan birga, ijro hujjatlarini o‘z vaqtida ijro etmaganlik uchun fuqarolarga solinadigan jarimalar miqdorlarining sodir etilgan huquqbuzarliklarga mutanosib bo‘lishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 4 iyuldagi O‘RQ-851-son “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonuni bilan mazkur 1981-modda 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan sanksiyasi yengillashtirildi. Shuningdek, mazkur 1981-modda “Ushbu moddaga asosan solinadigan ma’muriy jarimaning summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emas” degan, uchinchi qism bilan to‘ldirildi.

Ayrim qonunlarda mutanosiblik prinsipi keltirilgan bo‘lsada, mazkur qonunlar prinsiplari ro‘yxatida ko‘rsatib o‘tilmagan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasi 3-qismida mutanosiblik prinsipi “Jazolashdan ko‘zlangan maqsadga ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkin” degan qoidada o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksning 227-moddasi 2-qismida “Gumon qilinuvchi haqiqiy ushlangan paytdan boshlab o‘tgan vaqt ayblanuvchini qamoqda saqlash yoki uning uy qamog‘ida bo‘lishi hamda Jinoyat kodeksining 62-moddasida belgilanganiga mutanosib ravishda sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga kiritiladi” degan mutanosiblik prinsipiga oid qoida keltirilgan. Shuningdek, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsga nisbatan qo‘llanilayotgan majburiy yo‘sindagi choralar, shu jumladan, maxsus vositalarni ishlatish qator shartlar bilan cheklangan. Bunday shartlar mazmunan mutanosiblik prinsipini ifoda etmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 71-moddasi 5-qismida “Maxsus vositalar turlari, ularni ishlatish intensivligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlik xususiyati va huquqbuzarning shaxsini inobatga olgan holda belgilanadi. Maxsus vositalarni qo‘llash mahkumlarga va boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar keltirishi lozim” deyilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan, xususan, uy qamog‘i, qamoqqa olish kabi ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar qatorida, ushbu choralarning mutanosibligi ham inobatga olinishi darkor, deb hisoblaymiz. Shu bois, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksini mutanosiblik prinsipini nazarda tutuvchi quyidagi tahrirdagi 181-modda bilan to‘ldirish maqsadga muvofiqdir: “Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchiushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqiy-ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipi asosida qo‘llashi lozim”.

Chunonchi, mahkumlarga majburlov choralarni qullashda mutanosiblik prinsipiga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida, jinoyat-ijroiya qonunchiligining prinsiplari nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 6-moddasini “mutanosiblik prinsipi” bilan to‘ldirish lozim, deb hisoblaymiz. Binobarin, “mutanosiblik prinsipi” O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida va huquqiy ta’sir choralarni nazarda tutuvchi boshqa qonunlarda ham o‘z aksini topishi maqsadga muvofiqdir. 

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan hamda milliy qonunchilikka joriy etilayotgan mutanosiblik prinsipi insonga qo‘llanayotgan huquqiy-ta’sir choralarining maqsadga muvofiq, adolatli, insonning imkoniyatlariga mos bo‘lishi, insonga ortiqcha majburiyat yuklamasligi, insonning huquq hamda erkinliklarini zaruratsiz cheklamaslikni nazarda tutadi va xizmat qiladi.

Rafik Shakurov

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi

Yuristlar malakasini oshirish markazi

Kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish

kafedrasi dotsenti, yu.f.n.