+998 71 200 02 35

Malaka oshirishda hamkorlik

23.01.2025 151

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini o‘rta va quyi bo‘g‘indagi mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 Davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalaridan biridir.

 Davlat boshqaruvi organlari va barcha darajalardagi hokimliklar xodimlarining huquqiy savodxonlik darajasini doimiy ravishda monitoring qilish hamda baholashni joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-martdagi 134-son qarori bilan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

 Baholashning maqsadi — davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini aniqlash, ularning o‘z faoliyatida zarur bo‘ladigan huquqiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash hamda ularda yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirishdan iborat etib belgilandi.

 Xuddi shunday qaror bilan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi bo‘yicha qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlandi.

 Unga ko‘ra, davlat tashkilotlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek ayrim sohalarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan normalar, jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bo‘yicha minimal talablar doirasida huquqiy bilimlarga ega bo‘lishi lozim.

 Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan “Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish” nomli o‘quv dasturi asosida qisqa muddatli o‘quv kursi yo‘lga qo‘yildi.

 Ushbu o‘quv kursini tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat tashkilotlari xodimlariga o‘z faoliyatida zarur bo‘ladigan huquqiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini hamda huquqiy savodxonlikning minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligini ta’minlashdan iboratdir.

 Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 22-yanvar kuni Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Tog‘-kon va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirish instituti davlat muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

 Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish sohasida uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish uchun asos yaratadi.

 Shartnoma Institut va Markaz o‘rtasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i xodimlarining huquqiy bilim va malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutadi.

 Endilikda Markaz professor-o‘qituvchilari tomonidan Institutda malaka oshirayotgan tinglovchilarning huquqiy bilim va malakasini oshirish alohida kurslar tashkil etish yoki ayrim huquqiy mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tib borish orqali amalga oshirilishi belgilandi.

 Tomonlar mashg‘ulotlarni Markaz yoki Institut auditoriyalarida yoxud onlayn shaklda o‘tkazilishiga kelishib olishdi.

 Erishilgan kelishuvlar tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ularni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.