+998 71 200 02 35

KIBERFIRIBGARLIKKA QARSHI KURASHISH FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI

18.08.2025 102

Kiberfiribgarlikka qarshi kurashishning ahamiyati va zarurati nimada?

Raqamli texnologiyalarning tez sur’atda rivojlanishi hayotimizni tubdan o‘zgartirdi. Internet va turli raqamli qurilmalar kundalik faoliyatimizning ajralmas qismiga aylandi. Biroq, ushbu imkoniyatlar bilan birga, kiberfiribgarlik kabi yangi tahdidlar ham yuzaga keldi. Kiberfiribgarlik — bu internet va raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladigan firibgarlik harakatlari bo‘lib, unga qarshi kurashishning ahamiyati va zarurati bugungi kunda juda kattadir.

Avvalo, kiberfiribgarlik zamonaviy jamiyatdagi eng jiddiy muammolardan biridir. Internet orqali bank hisoblari, shaxsiy ma’lumotlar, moliyaviy axborotlar o‘g‘irlanishi ko‘p uchraydi. Bu nafaqat moliyaviy zarar keltiradi, balki insonlarning shaxsiy hayoti va maxfiyligiga ham salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek, kompaniyalar va davlat muassasalari faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi, ularning obro‘siga putur yetkazishi mumkin.

2024-yilda huquq-tartibot organlariga firibgarlik bo‘yicha 35 mingdan ortiq ariza kelib tushgan, 2023-yili bu ko‘rsatkich 26 mingga yaqinni tashkil etgandi. O‘sishning asosiy sabablaridan biri bank kartalaridan foydalanuvchilar sonining ko‘payishi hisoblanadi: ularning soni yil boshida 40 mlndan kam bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib 55 mlndan oshib ketdi.

Kiberfiribgarlik qanday usullar orqali amalga oshirilmoqda?

Avvallari firibgarlik holatlarining aksariyati telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bo‘lib, unda jinoyatchilar o‘zlarini bank xodimlari deb tanishtirgan holda turli bahonalar bilan odamlardan SMS orqali kelgan bir martalik kodni aytishini so‘rashgan, buni bilib olgach ularda jabrlanuvchining bank ma’lumotlariga kirish imkoniga paydo bo‘lgan. Hozirda bunday sxemalar ulushi 95%dan 12−13%ga kamaygan.

Firibgarlar doimiy ravishda aldashning yangi usullarini izlaydilar, moslashadilar va himoya choralarini chetlab o‘tish yo‘llarini o‘rganadilar.

Joriy yilda eng ko‘p murojaatlar “Telegram"dagi APK-fayllari orqali tarqatilayotgan virusli dasturlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Foydalanuvchilar notanish APK-fayllarni foydali ilova deb o‘ylab, yuklab olishadi. O‘rnatilgandan so‘ng, ilova muhim ruxsatlarni so‘raydi: SMS, qo‘ng‘iroqlar, telefon raqamlari va ilovalar ro‘yxatiga kirish singari. Keyinchalik olingan ma’lumotlar jinoyatchilar serveriga yuboriladi. Qarabsizki, firibgarlarda moddiy talon-taroj uchun qulay sharoit yuzaga kelib qoladi.

So‘nggi oylarda yangi firibgarlik usullari paydo bo‘ldi: tovlamachilar ma’lum bir kompaniya haqida ma’lumot to‘plab, keyin xodimlarga o‘zlarini rahbar sifatida tanishtirib, bog‘lanishadi. So‘ngra ular hisob raqamidan pul o‘tkazishni yoki soxta shaxsga naqd pul topshirishni so‘rashadi. Bundan tashqari, ular o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar bilan fuqarolarni shaxsiy ma’lumotlari va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishga ishontirishlari mumkin.   

Firibgarlik bank kartalari bilan bog‘liq bo‘lsa:

·         Telefon raqamingiz yoki ilovalarga biriktirilgan barcha kartalarni darhol bloklang. Bunday hollarda har bir soniya muhim — bu sizning balansingizdan mablag‘larning yechib olinishi oldini olishga yordam beradi.

·         Huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘limiga murojaat qiling.

Firibgarlik uchun javobgarlik

Ko‘pincha kiberjinoyatchilar O‘zbekistondan tashqarida harakat qiladi, bu esa ularni qo‘lga olishni qiyinlashtiradi. Ammo ushlanganda ularning harakatlari besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan og‘ir jinoyat sifatida tasniflanadi. Jinoiy javobgarlikdan tashqari, aybdor jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.

Kiberfiribgarlikka qarshi kurashishda xorij tajribasi qanday?

AQSHda Kiberjinoyatlarga qarshi kurashda FBI, NSA va DHS (Department of Homeland Security) kabi agentliklar katta rol o‘ynaydi. Ular kiberjinoyatchilarni aniqlash va ushlash uchun ilg‘or texnologiyalar va xalqaro hamkorlikdan foydalanadi.

Rossiyada Ichki internet tarmog‘ini nazorat qilish va kiberjinoyatchilikka qarshi keskin choralar ko‘riladi. Rossiyada kiberxavfsizlik sohasidagi asosiy tashkilotlar davlat nazorati ostida faoliyat yuritadi. Masalan, FSTEK (Federal Xavfsizlik Texnologiyalari Xizmati) va FSB (Federal Xavfsizlik Xizmati) kiberxavfsizlik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Ular milliy infratuzilmalarni himoya qiladi va kiberhujumlarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Buyuk Britaniyada kiberxavfsizlikni muvofiqlashtiruvchi markaz mavjud bo‘lib, u xususiy sektor va davlat muassasalariga yordam beradi. Onlayn firibgarlikka qarshi kampaniyalar va ta’lim dasturlari faol olib boriladi. Milliy xavfsizlik strategiyasida kiberxavfsizlik muhim o‘rin egallaydi.

Xulosa qilib aytganda, kiberfiribgarlikka qarshi kurashish asosiy e’tibordagi davlat va millat ishiga aylanmog‘i lozim hamda jamiyatda kiberjinoyatlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish joiz sanaladi.

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

Ma’muriy-xo‘jalik va mehnatni muhofaza qilish

bo‘limi bosh mutaxassisi

Shayunusova Diloram Rustamovna