Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimi konstitutsiyaviy tamoyillarga asoslanib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro tiyib turish va muvozanat mexanizmlariga ega. Ushbu tizimda ijro etuvchi hokimiyat davlat siyosatini amalda bajaruvchi, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi va jamoat boshqaruvi samaradorligini oshiruvchi asosiy kuch sifatida maydonga chiqadi. Oʻzbekistonda ijro etuvchi hokimiyatning asosiy qismini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, mahalliy ijroiya organlari — hokimliklar tashkil etadi. Ularning asosiy vazifasi qonunlar va farmonlarning bajarilishini ta’minlash, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni boshqarish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish kabilardan iborat. Ijroiya organlari mamlakatda siyosiy barqarorlik, xavfsizlik, huquq-tartibot, iqtisodiy muvozanatni saqlashda hal qiluvchi o‘ringa ega. O‘zbekistonda ijro hokimiyat organları davlat boshqaruvining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynamoqda. So‘ngi yillarda hajm olgan islohotlar ijro hokimiyatlarning samaradorligini oshirish va fuqarolik jamiyatiga bo‘lgan javobgarlikni kuchaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Ijro hokimiyat organları qonun chiqarish hokimiyati tomonidan qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish, mamlakatning tashqi va ichki siyosatini amalga oshirish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash, qonunlarni va qonun kuchiga teng normativ-huquqiy aktlarni amalga oshirish, fuqarolik huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kabi vazifalarni bajaradi. Shu o‘rinda ijro hokimiyati tarixiga ham qisqagina nazar solsak. Ma’lumki, davlat boshqaruvida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi qadimdan hozirga qadar soha olimlari tomonidan tadqiq etib kelinmoqda. Xususan, Ingliz mutafakkiri Dj.Lokk, hokimiyatlar bo‘linish nazariyasining asosiy qoidalarini tizimlashtirib, qonunchilik hokimiyatini faqat saylab qo‘yiladigan organ orqali amalga oshirilishini, vakillik organlari qonunlarni ijro etish bilan shug‘ullanishi mumkin emasligini ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, muntazam faoliyat yurituvchi ijro hokimiyat organlarini barpo qilishni taklif etib, davlat hokimiyatining poydevori sifatida “ijtimoiy shartnoma” g‘oyasini ham ilgari surgan. Fransuz mutafakkiri Sh.Monteske esa, hokimiyat bo‘linishi nazariyasini rivojlantirib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati to‘g‘risida qoidalarni ishlab chiqqan. Ungacha sud hokimiyati hech bir olim tomonidan alohida hokimiyat sifatida ajratilmagan. U qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning bir shaxs yoki idora qo‘lida bo‘lishi hamda qo‘shilib ketishi erkinliklarning cheklanishiga olib kelishi mumkinligini, xuddi shuning barobarida sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil mavjud bo‘lmasligi ham erkinlikni cheklashi haqida ogohlantirgan. XIX–XX asrlarda hokimiyatlar taqsimlanishi g‘oyasi borgan sari kengroq tarqalib, vaqt o‘tishi bilan sivilizatsiya va demokratiyaning umum e’tirof etilgan prinsipiga aylandi. Hokimiyatlar taqsimlanishi – davlat tuzilmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi, suiiste’molliklarning oldi olinishi, inson huquqlari va erkinliklarining himoya etilishi, umuman qonuniylik ta’minlanishining mustahkam garovidir. Hokimiyatlarning bo‘linishi davlatda huquqning rivojlanganlik darajasini ko‘rsatadi, ya’ni u siz huquqiy davlat ham, adolatli qonunlar ham bo‘la olmaydi. Ma’lumki, ijro organlar tizimida hukumat alohida o‘rin tutadi. Tadqiqotlarda hukumatning ijro organlar tizimida tutgan o‘rni, uning asosiy faoliyati, faoliyat prinsiplari, tuzilishi, tarkibi va belgilari masalalari o‘z ifodasini topgan. Jumladan, huquqshunos olim Z.I.Gadilshina, hukumatning bir necha belgilarini ko‘rsatib uning fikricha, hukumat birinchidan, mustaqil davlat hokimiyati tarmog‘ini tashkil etib, ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi; ikkinchidan, amalda ijro hokimiyati organlariga rahbarlik qiladi; uchinchidan, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlaydigan boshqaruvning barcha tarmoq va jabhalariga rahbarlikni amalga oshiruvchi umumiy vakolatga ega organ hisoblanadi, va nihoyat, to‘rtinchidan, davlatning barcha hududlarida umummajburiy bo‘lgan hujjatlar qabul qiladigan kollegial organ deb ta’riflaydi. Fikrimizcha, muallif hukumatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlaydigan boshqaruvning barcha tarmoq va jabhalariga rahbarlikni amalga oshiruvchi umumiy vakolatga ega organ deb hisoblashini o‘rinli ta’riflagan, ammo hukumat faqatgina iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning rivojlanishini ta’minlashi bilan birga, mamlakat hududida madaniy va boshqa sohalarga ham vakolati doirasida rahbarlikni amalga oshirishi, mazkur sohalarda ham hukumat tarkibida davlat organlari va boshqaruv tuzilmalari mavjudligini qayd etishimiz mumkin. Fikrimizning tasdig‘i sifatida huquqshunos olim B.P.Eliseyev tomonidan ilgari surilgan fikriga to‘xtalamiz. U hukumatda iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy sohalarda keng vakolatlari mavjudligi, huquqni muhofaza qilish faoliyati, ma’muriy-siyosiy qurilish, shuningdek, vazirlik va ijro etuvchi boshqa organlar faoliyatini birlashtiruvchi, muvofiqlashtiruvchi va yo‘naltiruvchi rolini alohida ajratadi. Haqiqatan ham, O‘zbekistonda ijro hokimiyat organlari mavjud bo‘lib, ushbu organlar quyidan yuqoriga buysunishi asosida faoliyat yuritadi. Bu bevosita umumiy vakolatli ijro hokimiyat organi – Vazirlar Mahkamasi oldida uning tarkibidagi davlat organlari va xo‘jalik boshqaruv tuzilmalarining hisobdorligini e’tirof etishimiz mumkin. Huquqshunos olima Ye.D.Kutibayeva, respublikada ijro hokimiyatni amalga oshirish uchun yaxlit organlar tizimi mavjud bo‘lib, ular umumiy vakolatga ega ijro organlarni davlat boshqaruv mexanizmining tarmoqlar, tarmoqlararo va boshqa bo‘g‘inlarini o‘z ichiga oladi deb ta’riflaydi. Yuqorida bildirilgan g‘oyalar va ushbu qarashlarga bildirilgan fikrlarimizga tayanib “ijro etuvchi hokimiyat” tushunchasi va “uning o‘ziga xos asosiy xususiyatlari” tushunchalarini nazariy-huquqiy jihatdan yoritishga harakat qilamiz. Ijro etuvchi hokimiyat – davlatning tegishli asosiy vazifa va vakolatlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladigan, o‘z tuzilishi, huquq doirasi va faoliyat ko‘rsatish hududiga ega bo‘lgan, davlat hokimiyatining mustaqil organi. Ijro etuvchi hokimiyatning o‘ziga xos asosiy xususiyatlariga quyidagicha to‘xtalamiz: birinchidan, ijro hokimiyati vakillik va sud hokimiyati singari alohida davlatning mustaqil tarmog‘i hisoblanadi; ikkinchidan, Konstitutsiya va qonunlar asosida va ularning ijrosini ta’minlashda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’muriy-siyosiy, moliyaviy, xo‘jalik va madaniy sohalarini davlat nomidan boshqaradi; uchinchidan, umummajburiy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi; to‘rtinchidan, jamiyat hayotidagi mavjud ehtiyojlar asosida vakillik organiga qonunchilik tashabbusini amalga oshiradi; beshinchidan, Konstitutsiya va qonunlar asosida tarkibidagi ijro organlar faoliyatini yo‘naltirish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish orqali boshqaradi; oltinchidan, barcha ijro organlar qonun hujjatlarda belgilangan vakolatlarini doirasida mamlakatning barcha hududida yoki muayyan bir ma’muriy hududida amalga oshiradi va hokazo. Hukumat – Konstitutsiya va qonun hujjatlar ijrosini ta’minlash orqali mamlakatning ichki va tashqi siyosatida ijro hokimiyat nomidan ishtirok etuvchi, tegishli sohalarni boshqarishda huquq ijodkorlik faoliyati va qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshiruvchi, barcha ijroiya organlar faoliyatiga rahbarlik qiluvchi va belgilangan tartibda shakllantiruvchi, faoliyati bo‘yicha davlat boshlig‘i va parlament oldida hisob beruvchi, umumiy vakolatga ega bo‘lgan mamlakatning oliy ijro etuvchi va farmoyish beruvchi mustaqil kollegial organi. Hukumat o‘z tarkibida bir nechta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini qamrab oladi, ularning faoliyatini qonun hujjatlar asosida yo‘naltiradi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi, shuningdek, ushbu organlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etadi, ular o‘rtasida paydo bo‘lgan bahsli masalalarni tegishli qonun hujjatlar asosida hal qiladi. Hukumat respublikada umummajburiy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi hamda qonun hujjatlar asosida davlat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, davlat chegaralarini qo‘riqlash, davlat manfaatlarini himoya qilish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Demak, hukumat o‘zining huquqiy tabiatiga ko‘ra boshqaruv organlaridan, funktsional ahamiyatiga ko‘ra esa, davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan farq qiladi.
So‘ngi yillarda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash – aholi turmush darajasini yuksaltirish, mamalakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xalq manfaatlarini qondirishga alohida e’tibor qaratish, inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash choralari ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasida chiqariladigan, qabul qilinayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni amaliy hayotga tatbiq etilishida davlatning maxsus vakolatli ijro etuvchi davlat boshqaruvi organlari ya’ni ma’muriy organlar bu vazifani amalga oshiradilar. Qaysiki sohani, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjat chiqarilsa, uni albatta ijrosini amalga oshirish ijro organlari tizimidagi tegishli sohaga aloqador, manfaatdor davlat boshqaruvi organining zimmasida bo‘ladi. Bu kabi davlatning boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibidagi vazirliklar, qo‘mitalar va boshqalarning o‘zlari va ularning boshqaruvidagi, ma’muriyatchiligidagi viloyatlardagi boshqarmalari, tuman va shaharlardagi bo‘limlari orqali butun mamlakatda ijrochilik faoliyatini amalga oshiradi. Davlat boshqaruvi organlari berilgan vakolatlari orqali butun davlat, jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda joylarda normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini amalga oshirar ekan ular albatta inson huquqlari va erkinliklariga, qonuniylikka va adolatlilik kabi huquqning umumiy prinsplariga rioya etadi. Ijro organlarining bunday faoliyatlarini amalga oshiradigan paytida albatta jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan murojaatlar bo‘lishi tabiiy holatdir. Bunday murojaatlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaatlari ariza ko‘rinishida, buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaatlari shikoyat ko‘rinishida yoki biron bir takliflar kiritilishi shaklida amalga oshirilishi mumkin. Bunday murojaatlar bilan albatta ijro organlari ularni zudlik bilan o‘rganib chiqqan holda qonuniy va adolatli harakatlarni amalga oshirishi yoki adolatli va qonuniy hujjat chiqarishi kerak bo‘lib hisoblanadi. Fuqarolarning davlat organlariga murojaatlar bilan chiqishi ularning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi. Xususan, bu konstitutsiyamizning 40-moddasida berilgan norma hisoblanadi. Normaning mazmuni shunday: “Har kim bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega”.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ijro etuvchi hokimiyatlar davlatning ijtimoiy hayotida eng kerakli organlar tizimidir. Negaki, qabul qilinadigan qonunlar va boshqa hujjatlar, islohotlar hammasining amalga oshishida ijro organlarining o‘rni beqiyosdir. Bu organlarda juda katta moliyaviy, kadrlar soni jihatdan va juda katta davlat-hokimiyat vakolati berilgani uchun ham bu organlarning faoliyati ijro etish funksiyasini to‘laqonli amalga oshirishining kafili hisoblanadi. So‘nggi yillardagi islohotlar orqali ijro etuvchi hokimiyat tizimida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Byurokratiyani qisqartirish, idoralararo muvofiqlashtirish kuchaytirildi. Davlat xizmatlarini elektron holda amalga oshirish tizimi takomillashtirildi. Hokimlarning hisobdorligi oshirildi — ular xalq deputatlari kengashiga hisobot beradi. Virtual va Xalq qabulxonasi orqali fuqarolarning murojaatlari tizimi yaratildi. Raqamli texnologiyalar asosida boshqaruvni avtomatlashtirish kuchaydi. Bu islohotlar qisqa muddatda byurokratik to‘siqlarni qisqartirdi, korrupsiyani kamaytirdi deb ayta olamiz. Oʻzbekistonda ijro etuvchi hokimiyat davlat tizimining eng faol tarmog‘i bo‘lib, jamiyat hayotining barcha jabhalarida — iqtisodiyotdan tortib ijtimoiy soha, xavfsizlik, infratuzilma, adliya, ta’lim va sog‘liqni saqlashga qadar — bevosita amaliy boshqaruvni amalga oshiradi. Islohotlar jarayonida ijroiya organlarining ochiqligi, samaradorligi va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish darajasi oshib bormoqda. Shu sababli ijro etuvchi hokimiyat mamlakatning barqaror rivojlanishi, qonunlarning hayotga tatbiq etilishi va xalq farovonligini ta’minlashda asosiy o‘rin egallaydi. O‘zbekistonda 2023-2024 yillarda e-hokumat tizimi sezilarli taraqqiyot etdi. Fuqarolar va korxonalar davlat xizmatlaridan elektronik usulda foydalana boshladi. Bu islohat byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va shaffoflikni oshirishga yordam bermoqda. Ijro hokimiyat organları fuqarolar va tadbirkorlarni qanday xizmat ko‘rsatishlari to‘g'risidagi standartlarni belgilab berdi. Bu fuqaroların o‘z huquqlarini bilish va ularni himoya qilishga imkon beradi. Ijro hokimiyat organlarining faoliyati to‘g'risida ma’lumotlar elon qilina boshlandi. Ijtimoiy media orqali fuqarolar davlat boshqaruvining ishlari haqida izoh olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘zbekistonda ijro hokimiyat organlari fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan yanada yaqin hamkorlik qila boshladi. Qonun chiqarish jarayonida va siyosat ishlab chiqishda fuqarolik jamiyatining fikrlari muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. O‘zbekistonda ijro hokimiyat organlarining islohotlanishi mamlakatning demokratiklashtirish jarayonining muhim qismidir. Raqamlashtirish, shaffoflik va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni kuchaytirish davlat boshqaruvini yanada samarali bo‘lishida muxim omillardan biri hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar Ijro etuvchi hokimiyat tizimini samarali darajada ishlashini ta’minlaydi.
O‘quv-uslubiy bo‘lim bosh mutaxassisi
Sharipov Humoyun


