+998 71 200 02 35

Autsorsing afzalliklari va uni joriy etishning asoslari

29.03.2023 2929

O‘zbekistonda davlat sektoriga autsorsing faoliyatini olib borishda huquqiy asoslar yaratilib kelinmoqda. Bunga ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatining bugungi zamon talablari asosida takomillashtirish asosiy vazifa qilib belgilanganligidan kelib chiqqan holda bu va boshqa sohalar misolida autsorsingning davlat sektorida qo‘llashning  afzalliklariga to‘xtalib o‘tiladi.

Autsorsingning  davlat sektorida qo‘llashda ijtimoiy xizmat darajasining keskin pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi, inson uchun o‘ta muhim, yuqori kaloriyali oziq-ovqat iste’moli tarkibi takomillashtiriladi, inson genofondini saqlash uchun homilador ayollar va bolalarning ovqatlanish ratsioni bo‘yicha amaldagi me’yorlarni xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi.

Bundan bir necha yillar ilgari «autsorsing» mexanizmi faqat xususiy sektorda foydalanilgan bo‘lsa, bugungi kunda budjet tashkilotlarida ham   ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda «autsorsing»dan unumli foydalanilmoqda. 

Autsorsing (outsourcing)tashkilotning u yoki yoki funksiyalarini shu faoliyatni olib borishga ixtisoslashgan tashqi ijro etuvchilarga berishdir. Boshqacha qilib aytganda, autsorsing deganda, davlat sektorining nodavlat sektordan tovarlar, ishlar va xizmatlar sotib olishining umumiy hajmi tushuniladi.  

Davlat muassasalarida autsorsing usulida ovqatlantirish «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tarkibi tasdiqlanadigan Tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida tashkil etiladi.

 O‘zbekistonda xususiy  sektorda yaxshi  tajribadan  o‘tgan   zamonaviy  mexanizm  va  uslublarni   budjet xizmati ko‘rsatilayotgan ijtimoiy sohalarda qo‘llanishi, davlat sektorida autsorsing usulini joriy etishda xarajatlarning tejalishi va xizmat sifati yaxshilanishining muhim ahamiyatga egaligi, davlat sektori muassasalarida misol uchun sog‘lom ratsional  va  xavfsiz  ovqatlanishni  tashkil  etilishini takomillashtirish, keytring (yuqori darajada umumiy ovqatlanish), ularning  kombinatlari  kabi zamonaviy usullardan foydalanilish, autsorser  bilan davlat  muassasalari o‘rtasida autsorsingga oid shartnomalar tuzilishiga huquqiy asoslarning mavjudligi, ijtimoiy  sohada   autsorsing  asosida xarajatlarning natijadorligi autsorsingdan foydalanishning afzalliklari bo‘lib hisoblanadi.

Autsorsing shartnomalari xususiy sektor vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunlar va qonun osti hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bunga autsorsing shartnomasi erkin tuziladi va hech qanday rasmiy talablar o‘rnatilmagan.

Autsorsingga oid shartnomalar davlat sektori muassasalari bilan tuzilganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda tarmoqlar vazirliklarining qaror va buyruqlari bilan tartibga solinadi.

Shuning uchun davlat sektoriga tegishli autsorsing shartnomasini tuzishda  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  va tarmoq vazirliklarining qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlarida qo‘yilgan talablar asosida amalga oshiriladi.

Autsorsing shartnomasiga qo‘yilgan talablarni bir tarmoq vazirligi misolida ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 626-son Qaroriga muvofiq ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.

Autsorserlarni tanlab olish tasdiqlangan tartib asosida amalga oshiriladi va autsorserlarga quyidagi umumiy talablar qo‘yiladi:

 -umumiy ovqatlanish xizmatida kamida bir yillik tajribaga ega bo‘lishi; autsorsing xizmatlari bo‘yicha kamida ikki oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablag‘larining mavjudligi;

-tanlovda (tenderda) qatnashish uchun ariza berilgan kundan kamida bir oy oldin tegishli tashkilotlardan soliq qarzdorligi, to‘lovlar, boshqa majburiy to‘lovlar va moliyaviy sanksiyalarning mavjud emasligi;

-to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan taomlar tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha kamida 2 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar (muhandis-texnolog, dietolog, oshpazlar) malaka razryadlari ko‘rsatishi;

-maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan texnik vazifalar asosida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish loyihasini individual reja asosida ishlab chiqib, taqdimotini (imkoniyatdan kelib chiqib, tayyor taomlarini ham ko‘rsatishi mumkin) o‘tkazishi;

-taqdimotda tarbiyalanuvchilarni yoshi, jinsi, fiziologik holati bo‘yicha turli guruhlar uchun ovqatlanishning maqbul me’yorlarini ko‘rsatishi;

-autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish xizmatlari uchun ustamaning maksimal miqdori — ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatiga nisbatan 20 foizdan oshib ketmasligi;

-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tuman (shahar) hokimligi tomonidan tasdiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari doirasida amalga oshirishi;

-taklif qilinayotgan investitsiya mablag‘larining miqdori har bir lot uchun bazaviy hisoblash miqdorining Toshkent shahri, viloyatlar markazlari uchun 1000 (bir ming), viloyat hududidagi shaharlar, tumanlar markazlari uchun 500 (besh yuz), qishloq va ovullar uchun 250 (ikki yuz ellik) baravaridan kam bo‘lmasligidir.

Shuningdek, buyurtmachi bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tanlov ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emasligi ham autsorserlarga qo‘yiladigan talablardan hisoblanadi.

Autsorsingning davlat sektorida joriy etishning asoslaridan biri sifatida autsorsing juda rivojlangan mamlakatlarning tajribasiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bunday mamlakatlarga  anglo-saksoniya mamlakatlari (Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya), skandinaviya mamlakatlari (Shvesiya, Daniya, Finlyandiya) uzoq sharq mamlakatlari (Singapur, Gonkong, Janubiy Koreya) kiradi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlarda mazkur uslubiyot asosida hisoblangan davlat sektori autsorsingi tahlili olib borilgan yillarda YaIM ning 10,0 foizini tashkil etgan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti davlat  sektoridagi autsorsingning ulushini doimiy ravishda tahlil qiladi va baholaydi.

Xorijiy davlatlarda autsorsingga berilgan davlat organlari funksiyasini uch guruhga ajratiladi.

Birinchi guruhga ta’minlovchi funksiyalar, masalan, ovqatlantirish, binolarni tozalash, chiqindilarni chiqarish, qo‘riqlash xizmati kiradi. Mazkur funksiyalarni osongina autsorsingga berilishi mumkin, chunki bular budjet tashkiloti va boshqaruv organlari faoliyatining asosiy vazifalari hisoblanmaydi, ulardan foydalanish nisbatan oddiy standartlashtirilgan hamda ijrochilarga yuqori talablar qo‘ymaydi va bilimning yuqori darajasi talab qilinmaydi.

Ikkinchi guruh  funksiyalari  o‘z  ichiga ijrochilardan yetarli ravishda yuqori kasbiy malaka talab qiluvchi ta’minlovchi funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Bu guruh funksiyalari moliya va buxgalteriya, kadrlarni boshqarish, yuridik xizmat, hujjatlar aylanishini ta’minlash, axborot texnologiyalaridan foydalanishni qamrab oladi.

 Oxirgi yillarda xorijiy davlatlardagi davlat sektoridagi autsorsing, birinchi navbatda, mazkur guruh funksiyalarini bajarish bilan bog‘liq, eng ko‘p foydalaniladigan autsoring funksiyalari sifatida axborot texnologiyalaridan foydalanishni ko‘rsatish mumkin.

Autsoringga beriladigan uchinchi guruh funksiyalariga davlat xokimiyat organlarining o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajaradigan asosiy funksiyalar kiradi, xorijiy davlatlarda bu turdagi autsorsing juda kam uchraydi.

 Shunday qilib, mamlakat va mahalliy darajasida budjet xarajatlarini optimallashtirish zaruriyati - autsorsingdan foydalanish asosida budjet xarajatlarining samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Umuman olganda, autsorsingni davlat muassasalari xizmatlariga qo‘llashda budjet xizmatlarini amalga oshiradigan budjet tashkilotlari, tijorat va notijorat tashkilotlarining raqobatbardoshligi hamda budjet xarajatlarining natijadorligini oshirish maqsadida autsorsingdan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish  Markazi dotsenti