+998 71 200 02 35

Yuridik til tushunchasi va uning asosiy xususiyatlari

26.09.2025 45

Yuridik til – bu huquqiy normalarni ifodalovchi, rasmiy-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus til tizimidir. Ushbu tilda yaratilgan axborot – qonunlar, qarorlar, farmoyishlar, shartnomalar, protsessual hujjatlar – aholiga va mutaxassislar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning mazmunini to‘g‘ri anglash huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishda asosiy omillardan biridir. Bu jarayonda yuridik tilning kommunikativ funktsiyasi muhim o‘rin tutadi.

 Yuridik til quyidagi xususiyatlarga ega:

  • Aniqlik va qat’iylik: yuridik matnlar ikki ma’nolilikka yo‘l qo‘ymasligi kerak. Har bir so‘z va ibora ma’lum bir huquqiy yuklama bilan keladi.
  • Terminlarga boylik: huquqiy tilda ko‘plab soha terminlari mavjud. Bu atamalar muayyan huquqiy tushunchani bildiradi.
  • Rasmiy uslub: yuridik tilda hissiy bo‘yoqdan xoli, rasmiy va neytral iboralar ishlatiladi.
  • Strukturaviy murakkablik: yuridik matnlar ko‘pincha murakkab sintaktik tuzilishga ega bo‘ladi — uzoq jumlalar, ko‘plikda aniqlovchilar va bog‘lovchilar.

Mazkur xususiyatlar yuridik tilni boshqa sohalardagi uslubiy ko‘rinishlardan ajratib turadi. Biroq shu bilan birga, bu tilning murakkabligi uni tushunishni ham qiyinlashtiradi.

Axborotni qabul qilish jarayonida tilning roli anchagina beqiyosdir. Ya’ni  axborotni qabul qilish — bu inson tomonidan ma’lumotni eshitish, o‘qish yoki ko‘rish orqali qabul qilish va uni tushunish jarayonidir. Yuridik axborot — bu huquqiy normalar, majburiyatlar, huquqlar, jazolar va qonuniy harakatlarga doir ma’lumotlardir. Bu axborotni to‘g‘ri tushunish uchun insonda nafaqat umumiy savodxonlik, balki yuridik tilni anglash salohiyati bo‘lishi zarur.

Yuridik tilning axborotni qabul qilishdagi ahamiyati quyidagicha izohlanadi:

1. Axborotning aniq va to‘g‘ri yetkazilishi

Yuridik hujjatlar, shartnomalar yoki qonunlarning tili noto‘g‘ri bo‘lsa yoki ikki ma’noli jumlalar ishlatilgan bo‘lsa, bu huquqiy nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, shartnomadagi birgina iboraning noaniq ishlatilishi ikki tomon o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas.

2. Fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirish

Yuridik til orqali aholiga qonunlar va ularning mazmuni haqida ma’lumot beriladi. Agar til sodda va tushunarli bo‘lsa, fuqarolar o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshiroq tushunadilar, bu esa huquqiy madaniyatni oshiradi.

3. Sudda adolatli qaror qabul qilish

Sud jarayonlarida taraflarning aytgan fikrlarini, bayonotlarini, dalillarini huquqiy tilda aniq ifodalash juda muhim. Sudya ushbu axborotni noto‘g‘ri qabul qilsa yoki uni noto‘g‘ri talqin qilsa, bu nohaq hukm chiqarilishiga olib kelishi mumkin.

4. Davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlash

Qonunlar, farmonlar va boshqa normativ hujjatlarning aholiga tushunarli tarzda yetkazilishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni oshiradi. Bu esa samarali boshqaruv uchun zamin yaratadi.

Yuridik til faqat axborotni berish emas, balki uni kommunikativ jarayon orqali uzatish vositasidir. Yuridik muloqotda sender (jo‘natuvchi) — davlat, sud, huquqiy shaxs, advokat, va receiver (qabul qiluvchi) — fuqaro, tashkilot, ayblanuvchi yoki jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin. Bu jarayonda til vositasi orqali huquqiy talablar, fikrlar, dalillar, fikr bildirishlar, ko‘rsatmalar, qarorlar va xabarlar uzatiladi.

Agar til noto‘g‘ri yoki chalkash bo‘lsa, bu muloqot uziladi, yoki noto‘g‘ri qabul qilinadi. Shu sababli, yuridik tilda kommunikativ aniqlik, mantiqiylik va moslik juda muhim hisoblanadi.

Aytish joizgi hozirda ko‘plab mamlakatlarda (shu jumladan, O‘zbekistonda ham) huquqiy hujjatlarni soddalashtirish va xalq tiliga yaqinlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bu quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

  • Aholining yuridik bilim darajasi turlicha. Ko‘pchilik yuridik atamalarni tushunmaydi.
  • Huquqiy hujjatlar ko‘p hollarda murakkab jumlalar bilan tuzilgan.
  • Rasmiylashtirish uslubi ko‘pincha sun’iy va byurokratik bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak huquqiy axborot — bu nafaqat qonunlar matni, balki fuqarolar, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot vositasidir. Tilning aniqligi, tushunarliligi va kommunikativ samaradorligi axborotning to‘g‘ri qabul qilinishini ta’minlaydi.

Shu sababli yuridik tilni soddalashtirish, uni fuqarolarga tushunarli va lo‘nda qilib yetkazish, huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lidagi muhim omillardan biridir. Yuridik til — bu huquqning ovozi bo‘lib, u qanday eshitilsa, huquq ham shunday anglanadi. Demak, axborotni to‘g‘ri qabul qilish uchun tilga e’tibor — adolatga eltuvchi yo‘ldir.

Institut bosh mutaxassisi

Tolipova Moxlaroyim Abdurasul qizi