Bugungi kunda zamonaviy global muhitda ingliz tilini bilish yuridik sohada ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Huquqiy tizimda muvaffaqiyat qozonish uchun ingliz tilini bilish ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochadi. Xalqaro huquq, xorijiy hujjatlar bilan ishlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yuristlar ingliz tilini mukammal bilishi talab etiladi.
Huquq sohasida faoliyat yurituvchi har bir mutaxassis uchun ingliz tilini o‘zlashtirish zamonaviy professional talablarning ajralmas qismidir. Hech kimga sir emaski, ingliz tili bugungi kunda dunyodagi eng keng tarqalgan til hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil fevral holatida internetdagi ma’lumotlarning deyarli 50 foizi ingliz tilida.
Shu sababli, Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan Adliya vazirligi va Markaz xodimlari uchun boshlang‘ich ingliz tilini bilish ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha "Yuridik ingliz tili “Elementary” (CEFR A1-A2)" darajasi o‘quv kursi tashkil etildi.
4 oy davom etgan dars mashg‘ulotlari kommunikativ yondashuv, amaliy mashg‘ulotlar hamda boshqa turli interfaol usullar yordamida olib borildi. Bu esa tinglovchilarning faolligini oshirish va amaliy tajribasini mustahkamlashga yordam beradi.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, o‘quv kurslarini zamonaviy talab darajasida olib borgan hamda kursning sifatli va samarali o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shganligi uchun Toshkent davlat yuridik universitetining dotsenti v.b. N.Ro‘zibayeva va universitet o‘qituvchisi M.Rasulovalar "Tashakkurnoma" bilan taqdirlandilar.
Ushbu kurs Adliya vazirligi va Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimlarining chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini va ularning xalqaro hamkorlikdagi samaradorligini yanada oshirish, ilmiy hamjamiyat bilan samarali muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi.