+998 71 200 02 35

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish

29.08.2025 202

          Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va inson huquqlarini ta’minlashda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada xalqaro huquqiy me’yorlar, jumladan, BMTning “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi konvensiyasi (CEDAW) va boshqa xalqaro hujjatlar muhim ahamiyatga ega.

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ko‘plab shakllarda namoyon bo‘ladi: jismoniy, ruhiy, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlik. Ushbu illat nafaqat ayollarning huquq va manfaatlarini poymol etadi, balki jamiyatda ijtimoiy barqarorlikka ham jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli ham davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

         O‘zbekiston Respublikasida ham xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid normativ-huquqiy asoslar yaratilgan.

Jumladan, 2019-yilda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonunda xotin-qizlarning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari belgilab berilgan. Shuningdek, himoya orderlari instituti joriy qilinib, tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlarini huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash choralari mustahkamlandi.

Amaliyotda ushbu qonun asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan xotin-qizlarning huquqlari himoya qilinmoqda. Hududlarda maxsus “Islohotlar markazlari”, “Ayollar maslahat markazlari” faoliyat yuritmoqda. Ularda psixologik yordam, huquqiy maslahat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Statistik ma’lumotlar nima deydi?

         Hozirda 86−87 foiz zo‘ravonlik oilalarda kuzatilyapti.

2024-yilning uch oyida ayollarga 10 mingdan ziyod himoya orderi berilgan. O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida 4477 kishi oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha ma’muriy va  jinoiy javobgarlikka tortilgan. Mazkur statistik ko‘rsatkichlar ham, zo‘ravonlikka qarshi kurashish qanchalar dolzarb masala ekanligini ko‘rsatadi.

Bu borada xorijiy tajriba qanday?

AQSHda “Violence Against Women Act”(1994 va qayta kuchga kirgan VAWA) 1994‑yilda imzolangan bo‘lib, xotin‑qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni kamaytirish, huquqiy yordam va maxsus xizmatlar taqdim etishni maqsad qilib olgan huquqiy asosdir.

AQShda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini muvofiqlashtiruvchi asosiy vakolatli federal organ bu “Office on Violence Against Women”, ya’ni xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish idorasi hisoblanadi. Uning vazifalari quyidagilardir:

 - VAWA (Violence Against Women Act) qonuni ijrosini ta’minlash va nazorat qilish.

 - Zo‘ravonlik, jinsiy tajovuz, uy zo‘ravonligi, stalkerlik va inson savdosi kabi jinoyatlarni kamaytirish bo‘yicha milliy strategiyalar ishlab chiqish.

  - Hamkorlik: politsiya, prokuratura, sud, sog‘liqni saqlash, NNT va jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlash

  - Ma’lumot tarqatish, treninglar o‘tkazish va statistika yuritish.

         Buyuk Britaniyada esa oilaviy maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi Akt (Domestic Abuse Act) qabul qilingan bo‘lib, bu oiladagi jumladan, xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, iqtisodiy, psixologik, zo‘ravonlik va boshqa turdagi tajovuz hamda unga qarshi kurashish qoidalarini qamrab oladi. Qolaversa, 2024-yildan boshlab, politsiyachilar zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimi bo‘yicha majburiy o‘qitila boshlandi.

 

 

Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni

qayta tayyorlash va malakasini oshirish

Instituti nashrlari katta mutaxassisi

Yunusova Nigora Kamilovna