+998 71 200 02 35

Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirish

24.02.2023 2313

Mamlakatimizda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan odil sudlovga erishish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Bunday vazifalarni amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-11-sonli Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi  tasdiqlandi va odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari belgilandi.

Shuningdek, 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ham tasdiqlandi.

Odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari «Inson qadri uchun» g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish, fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish etib belgilandi.

Shular bilan birga sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish, sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uyg‘otish kabilar ham ustuvor vazifalar deb hisoblandi.

Farmonda Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishni, yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklashni joriy etish nazarda tutildi.

Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirishni amalga oshirish uchun sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etildi.

Bu yo‘nalishda sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash, sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish, odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish kabi choralar belgilandi.

Shuningdek, sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirishda sudyaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kurerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash, jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual xarakterga ega bo‘lmagan, huquqiy tushuntirish berish borasidagi masalalar bo‘yicha murojaatlarini adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Odil sudlov samaradorligini oshirishda sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Farmonda ko‘rsatilganidek, departament odil sudlov sohasida huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish, sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni, sud amaliyoti va sud ish yurituvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, odil sudlov samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish, odil sudlov sohasiga oid xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tizimli va izchil choralar ko‘rish, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy qonunchilik, sudlarning mustaqilligini ta’minlash sohasida xalqaro huquqning umum-e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini o‘rganish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalarni bajaradi.

Bu bilan birga Axborot-kommunikatsiya monitoringi — Vaziyatlar markazi  va Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etildi. 

Vaziyatlar markazining asosiy vazifalari respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish, ishlarni viloyat, tuman (shahar), mahalla kesimida toifalarga ajratgan holda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni tahlil qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, nizolarni bartaraf etishga qaratilgan ma’lumotlarni tayyorlash, sud majlislari o‘z vaqtida o‘tkazilishini, server uskunalari va dasturlarning ishlash holatini doimiy nazorat qilish etib belgilandi.

Jamoatchilik bilan hamkorlik markazining asosiy vazifalari esa, aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirish va ilgari surish, sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish, axborot makonining doimiy monitoringini olib borish, sudlar faoliyatiga doir axborotlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini tahlil va prognoz qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan materiallarga, axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish, sudning rasmiy veb-saytlarida uning faoliyatiga aloqador matnli, foto, audio va videomateriallardan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borishdan iboratdir.

Shuningdek, farmonda O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasiga aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirishda faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudyalar faoliyati bo‘yicha qonunga xilof va asossiz e’lon qilingan har bir holatga sud hokimiyatining faxriylari tomonidan ob’ektiv ravishda va tezkorlik bilan munosabat bildirib borish, sudyalar va sud hokimiyatining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan sudlarga murojaat qilishlar tavsiya etildi.

Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishda barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish bo‘yicha Bosh prokuratura va Oliy sudning takliflari ma’qullandi.

Yangi mexanizmni joriy etish takliflarida Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari va tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi   etib belgilandi.

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalari «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonun hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni ko‘rishda prokuror vakolatini ta’minlash, sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish, sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy ko‘nikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi.

Farmonda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshirishi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar korpusiga tuman (shahar) prokuraturalarining tegishli yo‘nalishlarida, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinishi, korpus xodimlari, qoida tariqasida, sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash sohasida uzluksiz uch yil xizmat o‘taganidan so‘ng boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilishi mumkinligi, ularni boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish Bosh prokuror sohaviy o‘rinbosarining roziligi asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi sudlarda ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha ayblovni (fuqaroviy da’voni) qo‘llab-quvvatlash, o‘zgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan jinoyat kodeksi normalarini qo‘llash, jazo turi va me’yorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil bo‘lib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda o‘z ishonchiga asoslanishi, har bir hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari hamda tegishli tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va boshqa yo‘nalishlarda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etilishi, bu kengashlar o‘zaro muhokama asosida o‘ta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlariga ko‘maklashishi bilan ular faoliyatining natijadorligi ta’minlanadi.

Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishdan va mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunlariga, jinoyat, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy protsessual kodekslariga va tegishli qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kutilmoqda.

Nasullaev Mubin

 Yuristlar malakasini oshirish

Markazi dotsenti