Annotatsiya: Maqolada sud hokimiyati ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik nazorati va jamoatchilik vakillari ishtirokini kuchaytirish masalalari tahlil etilgan. Shuningdek, milliy amaliyot va xorijiy tajriba asosida sudlarda jamoatchilik nazorati va jamoatchilik vakillari ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha xulosalar ilgari surilgan.
Kalit so‘zlar: Sud hokimiyati, jamoatchilik nazorati, huquqiy asoslar, sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffoflik, xalq maslahatchilari, kollegiallik, takomillashtirish.
Annotatsiya: V state analiziruyutsya voprosы obщestvennogo kontrolya i razvitiya obщestvennogo uchastiya v obespechenii prozrachnosti sudebnoy sistemы. V nem takje delayutsya vыvodы o razvitii obщestvennogo nadzora i uchastiya predstaviteley obщestvennosti v sudax na osnove natsionalnoy praktiki i zarubejnogo opыta. Klyuchevыe slova: Sudebnaya vlast, obщestvennыy kontrol, pravovaya baza, otkrыtost sudov, prozrachnost, obщestvennыe sovetniki, kollegialnost, sovershenstvovanie.
Abstract: The article analyzes the issues of public control and development of public participation in ensuring the transparency of the judicial system. It also draws conclusions on the development of public oversight and public participation in courts, based on national practice and foreign experience. Key words: Judicial power, public control, legal framework, openness of courts, transparency, public advisers, collegiality, improvement.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida jamoatchilik nazorati va uni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalib, xalq hokimiyatining eng muhim poydevori sifatida jamoatchilik nazorati institutini kuchaytirish bo‘yicha mamlakatimiz Konstitutsiyasining 36- moddasida, shuningdek, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa hujjatlarda muhrlab qo‘yilgan talablarning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishiga urg‘u bergan edi.
Konstitutsiyamizning 36-moddasida belgilangan fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqi, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ustuvor huquqiy asosidir.
Odil sudlov jarayonida jamoatchilik vakillarining ishtiroki sud hokimiyati faoliyati ustidan jamoat, ya’ni xalq nazoratining muhim shakllaridan biri hisoblanadi. Odil sudlovni amalga oshirishga fuqarolarning – xalq vakillarining jalb etilishi demokratik davlatning muhim belgisi sifatida e’tirof etib kelingan. Bunday ishtirok sud tomonidan adolatli va haqqoniy qarorlar qabul qilinishiga ham imkon yaratadi.
Sud ishlarini yuritishda jamoatchilikning ishtirok etishi odil sudlovni amalga oshirishning tarkibiy prinsiplaridan biri bo‘lmish kollegiallik, ya’ni ishlarning hay’atda ko‘rilishi tamoyillariga ham mos keladi.
Sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish boshqa davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga qaraganda o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Zero, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, protsess ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish, davlat siri, farzandlikka olish siri, tijorat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni saqlash zarurati mavjudki, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish jarayonida ushbu holatlar e’tiborga olinadi.
«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasida sud ishlarini yuritish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan. Alohida qonun hujjatlari sifatida esa Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga qaratilgan normalarni kiritish talab etiladi.
Sud hokimiyati ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik ishtirokining tarixiga nazar tashlasak, birinchi marta aholini odil sudlovni amalga oshirishga jalb qilish g‘oyasi XVIII asrda paydo bo‘lgan. O‘sha davrning mashhur mutaffakirlaridan bo‘lgan Sh.L.Monteskening fikricha, agar sud hokimiyati sud idoralariga emas, balki ma’lum vaqt davomida odil sudlovni amalga oshirish uchun taklif qilingan xalq orasidan tanlangan shaxslarga ishonib topshirilsa, samarali bo‘ladi.
Shunday qilib, odamlar uchun juda qo‘rqinchli bo‘lgan sud tizimi na taniqli kasbga, na taniqli mavqega bog‘liq bo‘lmay qoladi, u ko‘rinmas va mavjud emasdek tuyuladi.
Albatta, bu fikr o‘ziga xos falsafa va ahamiyatga ega. Biroq, zamonaviy sharoitda muayyan huquqiy ishni qonuniy, asosli va adolatli ko‘rish va hal etish uchun sudyalarga professional bilim va amaliy ko‘nikmalar zarurligi tufayli yuqoridagi g‘oyani amalga oshirish qiyin. Ayni paytda, sud jarayonlarida xalq maslahatchilarining ishtirok etishi, ayrim xorijiy davlatlar tajribasida sud maslahatchilari (sud prisyajnыx) instituti keng joriy etilganligi Sh.L.Monteske tomonidan bildirilgan g‘oyalarning qaysidir jihatlari amalda ekanligini ko‘rsatadi.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning ishtiroki masalalari hozirgi kunda ko‘plab yuridik adabiyotlarda qator mualliflar tomonidan ham ko‘rib chiqilgan. Xususan, V.I.Badashxanovning yozishicha, odamlarning odil sudlovda ishtirok etishi sud va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini nazorat qilishda ko‘rsatiladigan fuqarolik burchini faol bajarishni anglatadi.
I.A.Ognevaning fikricha, fuqarolar ishtiroki sudda ish yuritishni tartibga soluvchi qonunlarni jamoatchilik tomonidan muhokama qilish va tushunish, sud jarayonini amalga oshirishda faol yordam berish, uning ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, protsessning boshqa ishtirokchilariga ularning huquq va erkinliklari ta’minlanishida yordam berishdan iborat.
Odil sudlovning ochiqligi haqida gap ketganda, fuqarolarning hech qanday to‘siqlarsiz sud binosiga kirish, sud muhokamalarida bemalol ishtirok etish, ish materiallari bilan tanishish erkinligi kabi tarkibiy qismlarga ham e’tibor qaratish lozim.
Yuridik adabiyotlarda qayd etilganidek, sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning yana quyidagi shakllari ham mavjud:
sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini to‘liq joriy etish, ya’ni sud majlislarini video-konferensaloqa tizimi orqali olib borishni kuchaytirish, har bir viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning veb-saytlarini tashkil etish, shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlagan holda va sud ishtirokchilarining roziligi bilan yopiq sud jarayonida ko‘rib chiqilganlaridan tashqari barcha sud qarorlarini sudlarning veb-saytlarida e’lon qilib borish, chop etish tartibini joriy qilish;
sud ishlarini yuritish jarayonidagi protsessual harakatlarni video, audio qayd etish, sud-tergov jarayonlarini to‘liq stenogramma qilish;
sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotini kengaytirish;
sudda fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qiluvchi jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirokini kengaytirish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi huzuridagi ilmiymaslahat kengashining faoliyat yuritishi.
Sud hokimiyati ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik nazorati va jamoatchilik vakillari ishtirokiga oid xorijiy davlatlar qonunchilik tajribasi ham muhim. Xususan, Avstriya Konstitutsiyasida (91-moddasi) «odamlar odil sudlovni amalga oshirishda qatnashadilar» degan norma mavjud.
Kanada, Fransiya, Gresiya, Italiya, Yangi Zelandiya, Rossiya, Germaniya, Angliya, AQSh kabi davlatlarda sud protsessida jamoatchilik nazoratining muhim ko‘rinishlaridan biri sifatida sud maslahatchilari (sud prisyajnыx) instituti keng joriy etilgan.
Fransiyada jinoyat ishlari sudda professional sudyalar va sud maslahatchilaridan iborat hay’at tarkibida ko‘riladi. Sud maslahatchilari ayrim toifadagi, xususan, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish (jismoniy shaxslar uchun) yoki 75000 € miqdorida jarima solish (yuridik shaxslar uchun) to‘g‘risidagi jinoyat ishlarining ko‘rilishida ishtirok etadi. Fransiyada 16-18 yoshli voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar uch nafar malakali sudya va to‘qqiz nafar sud maslahatchisi ishtirokida ko‘riladi. Angliyada sud maslahatchilari qotillik jinoyatlarini, tabiiy bo‘lmagan yoki gumonli o‘lim yoki o‘limning sababi aniqlanmagan holatlarni tekshirishda ishtirok etadi.
Ayrim Yevropa davlatlarida ishlarning og‘ir-yengilligiga qarab ish sudda yakka sudya yoki hay’at tartibida ko‘rilishi amaliyoti mavjud. Xususan, Avstriya, Daniya va Norvegiyada og‘ir jinoyat ishlari sud maslahatchilari tomonidan ko‘riladi. O‘rtacha og‘ir jinoyat ishlari esa sudya va sud maslahatchilari ishtirokidagi hay’at tartibida, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat ishlari yakka sudya tomonidan ko‘rilishi belgilangan.
Mamlakatimizda buning aksini ko‘rish mumkin.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 13-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, Jinoyat kodeksi 15-moddasining ikkinchi-to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rilishi belgilandi.
Unga ko‘ra, 2018 yilning 1 aprelidan boshlab og‘ir jinoyatlar birinchi instansiya sudida sudya tomonidan yakka tartibda ko‘riladi. Xalq maslahatchilari faqat o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga jalb etiladi.
Ya’ni, mamlakatimizda jinoyat protsessida yakka sudya tomonidan ko‘riladigan ishlar doirasi kengayib bormoqda. Bu esa hozirgi davr talablariga, xususan, sud hokimiyati ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik nazorati va jamoatchilik vakillari ishtirokini rivojlantirish an’analariga muvofiq emas.
Yevropaning aksariyat davlatlarida xalq sudyasi, sud maslahatchilari professional sudya bilan shaxsning aybdor yoki aybdor emasligi, shuningdek sudlanuvchiga jazo chorasini belgilash bilan bog‘liq masalani birgalikda hal etadi.
Buyuk Britaniyada fuqarolik ishlarining ko‘rilishida sud maslahatchilari nafaqat u yoki bu taraflar uchun fuqarolik-huquqiy oqibatni vujudga keltiruvchi qaror qabul qilishadi, balki zararni undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini ham qabul qilish vakolatiga ega.
Boshqacha aytganda, agar professional sudya zararni undirish lozimligi haqida to‘xtamga kelsa, sud maslahatchilari bu zarar miqdorini belgilashlari mumkin. Aholining odil sudlov jarayonlaridagi ishtirokining turi, shakli va vositalari muayyan davlatning siyosiy rejimi, madaniyati va amaldagi siyosiy tizimiga bog‘liq bo‘ladi. M
asalan, AQShda ayrim Yevropa davlatlari tajribasidan farqli ravishda olti yildan ortiq ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladigan jinoyat ishlarining sudlarda ko‘rilishida fuqarolarga sud maslahatchilari ishtirokida ishni ko‘rish huquqi beriladi.
Biroq, maxsus sud tomonidan harbiy xizmatchilar ishtirokida ko‘riladigan harbiy xizmatchilar ishi bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bundan mustasno.
Har bir shtat sudda ishtirok etadigan sud maslahatchilarining sonini mustaqil belgilaydi.
Yaponiyada xalq sudyalari og‘ir jinoyat ishlarining muhokamasida sudya sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, xalq sudyalarining sudlov hay’ati tarkibi olti nafar xalq sudyasi va uch nafar professional sudyadan iborat bo‘ladi. A
yblanuvchi xalq sudyasidan voz kechish huquqiga ega bo‘lmaydi. Yuridik adabiyotlardagi fikrlar hamda xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlili asosida shuni ta’kidlash kerakki, fuqarolarning odil sudlovni amalga oshirishda ishtirok etishining asosiy yo‘nalishlaridan biri sud ishlarini yuritishning turli darajalarida xalq maslahatchilarining ishtirokini kengaytirishdir.
Mamlakatimiz qonunchiligida ham odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilarining ishtirokiga doir normalar mavjud.
Xususan, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi, Harbiy sud hamda hududiy harbiy sudlar tarkibida xalq maslahatchilari ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Mazkur Qonunning 62-moddasiga ko‘ra, o‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi. Xalq maslahatchilari sudlardagi vazifalarini bajarish uchun yiliga ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqirilishi, ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar bundan mustasno, shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qolinadi.
Jinoyat-protsessual kodeksi 13-moddasida ish birinchi instansiya sudi tomonidan hay’atda ko‘rilganda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kirishi, odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanishi, ular sud majlisida ishni ko‘rish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa ega ekanliklari mustahkamlab qo‘yilgan.
Xalq maslahatchilari saylovini tashkil etish «Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida»gi nizom bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, xalq maslahatchiligiga nomzodlar ko‘rsatish mehnat jamoalari, fuqarolarning yashash joyidagi saylovchilar tomonidan, shuningdek harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning yig‘ilishlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sudyalarning malaka hay’atlari esa, xalq maslahatchilarining saylovi haqqoniy va shaffof o‘tishini nazorat qilib boradi. Ma’lumotlarga qaraganda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va harbiy sudlar sudyalarining tegishli malaka hay’atlarida 2014 yilning iyul oyigacha 15 744 nafar xalq maslahatchilari faoliyat ko‘rsatib kelgan.
2016 yildagi hisobkitoblarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga jami 10 ming nafardan ortiq xalq maslahatchisi saylangan. Xalq maslahatchilarining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardagi ishtiroki shaxs, jamiyat va sud hokimiyati o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashi barobarida qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashning muhim omili hamdir.
Shuning uchun sud hukm va qarorlari kamdan-kam holatlardagina o‘zgarayotganida xalq maslahatchilarining salmoqli hissasi borligini soha mutaxassislari ham alohida ta’kidlab keladilar. Mamlakatimizda xalq maslahatchilari institutining o‘ziga xos jihatlari haqida mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, xalq maslahatchilarining suddagi ishtiroki adolatni qaror toptirish, aybdorga qonun doirasida jazo tayinlashga xizmat qiladi.
Zero, xalq maslahatchilari ish natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan shaxs sifatida sudlanuvchiga qanday jazo tayinlash ko‘proq samara berishi haqida fikr bildiradi va bu sud tomonidan inobatga olinadi.
Ahamiyatli jihati shundaki, xalq maslahatchilari sudyalarning mustaqilligiga mutlaqo daxl qilmagan holda faoliyat ko‘rsatadi va bu sud hokimiyati faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi16. Ko‘pchilik mutaxassislar xalq maslahatchilarining jinoyat ishlarini ko‘rishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xalq maslahatchilari institutini takomillashtirish lozim degan fikrni ilgari suradi.
Professor M.Mamasiddiqovning fikricha, sud protsessida sud maslahatchilarining ishtirok etishi sudyaning o‘z ustida ishlashiga, o‘z bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borishiga, har qanday ishni sud muhokamasiga kiritishdan avval puxta tayyorgarlik ko‘rishga zamin yaratadi.
Shunday ekan, xalq maslahatchilarining sudda ishlarni qonuniy, asosli va adolatli ko‘rilishini ta’minlashdagi ahamiyatini e’tiborga olgan holda mamlakatimizda xalq maslahatchilari institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish taqozo etiladi.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining sud maslahatchilari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish vaqti keldi. Mazkur loyihada xalq maslahatchilari faoliyatining asosiy prinsiplari, fuqarolarning odil sudlovni amalga oshirish jarayonida ishtirok etish huquqi, xalq maslahatchilariga nisbatan qo‘yilgan talablar, ularning huquq va majburiyatlari, vakolatlari kabi muhim masalalar bilan bog‘liq normalar o‘z ifodasini topishi lozim.
Jo‘raev Javlon Norboboevich
Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi