Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish har qanday demokratik jamiyatning asosiy maqsadlaridan biridir. Bu jarayonda qonunchilik tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan qonunlar jamiyat hayotining tartibga solinishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda asosiy vosita hisoblanadi.
Joriy yilning 24-fevral kuni Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur Memorandumning maqsadi qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatni oshirish, Markaz tinglovchilarini qabul qilinayotgan yangi qonunlar va amaldagi qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oxirgi o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, davlat va jamiyat qurilishi sohasini yanada demokratlashtirish jarayonlari, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi, sud, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida huquqni qo‘llashning zamonaviy talablari hamda ushbu sohadagi xorijiy davlatlar tajribasi bilan yaqindan tanishtirish hisoblanadi.
Memorandum mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda Qo‘mita va Markaz faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Erishilgan kelishuvlar tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ularni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.