+998 71 200 02 35

“Mehr” majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydi

24.02.2023 1828

Har bir inson kundalik hayotida bir-biri bilan muloqotda bo‘ladi. Ularning muloqotlari asosida shakllanadigan munosabatlari erta tongdan boshlab, kechkurun uyquga ketguniga qadar davom etadi. Mazkur munosabatlar jarayonida insonlar ma’lum bir huquqlarga ega bo‘lishi bilan birgalikda, muayyan majburiyatlarni ham bajarishi shart.

Hayotimizda majburiyatlarni turlicha ko‘rinishda uchratish mumkin. Masalan, davlat va shaxs, ota-ona va farzand, bobo-buvi va nevara, er-xotin, qaynota-qaynona va kiyov-kelin, rahbar va xodim, ustoz va shogird, do‘stlar, qo‘shnilar o‘rtasida vujudga keladigan majburiyatlar. Bu kabi majburiyatlarning doirasi g‘oyatda keng.

Turmush kechirish jarayonida majburiyatlarning o‘rni naqadar muhim ekanligini bayon etmoqchi bo‘lsak, birgina ota-ona va farzand o‘rtasidagi majburiyatlarga oid quyidagi bitiklarni keltirish joiz ya’ni, “Agar ulardan biri yoki ikkovi ham sening huzuringda keksayib qolgan bo‘lsa, ey farzand, sen ularga aslo “uff” deya ko‘rma. Ularni jerkima, ularga shafqat qanotingni yoz..,”.

Inson charchaganida yoki norozilik kayfiyatini ifodalash uchun ishlatadigan “uff” so‘zi oddiy bir ovoz. Biroq, farzand ota-onasining huzurida “uff” deyishi – ularning ko‘ngliga malol kelib, ularni ranjitadi. Farzand o‘z ota-onasi ranjitishmasdan, mehr bilan ma’nan qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek ularga moddiy yordam ko‘rsatishi lozim. Bu ota-onaning qarilik gashtini surishga katta yordam beradi.

Ta’kidlash joizki, voyaga yetgan (o‘n sakkiz yoshga to‘lgan), mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishlari shart. Agar ular bu kabi majburiyatdan bosh tortadigan bo‘lsalar, ushbu majburiyatlarning bajarilishi sud aralashuvi orqali ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 110-moddasida ota-onaga beriladigan ta’minot miqdori va tartibi qayd qilingan bo‘lib, agar voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Xalqimizda “danagidan mag‘izi shirin” degan naql bor. Bobo-buvi nevaraga mehr qo‘yadi. Bobo-buvi nevaraga mehr qo‘ygani kabi u ham ularga mehr qo‘yishi kerak.

Bobo-buvi va nevara o‘rtasidagi mehr ularning o‘zaro majburiyatlarining bajarilishini ta’minlaydi. Aks holda, bu kabi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashga sud aralashuvi sodir bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 123-moddasida, bobo va buvining o‘z nevaralariga ta’minot berish majburiyati belgilangan bo‘lib, ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Shuningdek, Oila Kodeksining 124-moddasida, nevaralarning bobo va buvilariga ta’minot berish majburiyati ham belgilangan bo‘lib, unga asosan, o‘zlarining voyaga yetgan bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta’minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta’minot berish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan voyaga yetgan mehnatga layoqatli nevaralar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Bundan tashqari, er-xotinning biri-biri oldidagi majburiyatlari xususida so‘z yuritar ekanmiz. Bunda ularning bir-biriga ta’minot berish majburiyati mavjudligini ta’kidlash joiz.

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 117-moddasiga asosan, er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan e’tiboran uch yil davomida, o‘rtadagi nogironligi bo‘lgan bolani u o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi bo‘lgan o‘rtadagi bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj bo‘lgan er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotindan (erdan) sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.

Azal-azaldan er-xotin o‘rtasidagi majburiyatlar adolatli ravishda taqsimlanib, unga rioya qilgan holda bajarilib kelingan.

Er-xotin bir-biriga doimo yordam bergan, suyangan holda kamchiligini, sirini yashirib, hamfikrlikda yashashi lozim.

Bir so‘z bilan aytganda “Er va xotin bir-biriga libos bo‘lib yashashi kerak”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Biz o‘z majburiyatlarimizni bilsak va ularga amal qilib yashasak, kamolot sari yuzlangan bo‘lamiz.

 Yuristlar malakasini oshirish markazi

professori v.b., yuridik fanlari doktori (DSc)  D.B.Raximov