Bugungi bozor munosabatlari sharoitida daromad topishning turli yo‘llari va usullari tobora ortib bormoqda. Bir qarashda har qanday ishni bajarish foyda keltiradigandek ko‘rinadi. Ammo erishilgan moddiy manfaatdan boshqa ehtiyojlar ham bor ekanligini unutmaslik kerak. Bu borada xavfsiz mehnat munosabatlariga kirishish yoki tavakkalchilikka asoslangan fuqarolik munosabatlarini tanlash shaxsning o‘zigagina bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ta’kidlash joizki, daromad keltiradigan har qanday faoliyat turi ham ishonchli va xavfsiz emas. Ayniqsa ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun yollanib ishlayotganlar bu jarayonda ko‘proq aziyat chekadilar. Shu sababli, munosib mehnat sharoitlarini kafolatlaydigan mehnat shartnomasi orqali yollanib ishlash maqsadga muvofiq.
Mehnat shartnomasi – bu ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuziladigan kelishuv bo‘lib, unda xodimning ish joyi, mehnat vazifasi, ishning boshlanish sanasi, mehnatga haq to‘lash shartlari, shartnomaning muddati, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi va boshqa ish sharoitlari belgilanadi. Bu esa, ushbu huquqiy hujjatning nafaqat yuridik ahamiyatini balki kuchini ham ko‘rsatadi.
To‘g’ri fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarda ham o‘ziga xos shartlar belgilanishi mumkin, ammo ular har doim ham ishchining manfaatlaridan kelib chiqmaydi.
Mehnat shartnomasi xodimga quyidagi kafolatlarni beradi:
1) mehnat sharoitlarining barqarorligi – ishchi o‘z kasbiy faoliyatini qonuniy asosda olib borishi mumkin;
2) ish haqi kafolati – shartnomada belgilangan mehnat haqini o‘z vaqtida va to‘liq olish imkoniyati yaratiladi;
3) ishdan bo‘shatilishning qonuniy himoyasi – ish beruvchi faqat qonuniy asosda va belgilangan tartibda xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin;
4) mehnatga layoqatsizlik davrida, homiladorlik va tug‘ish davrida, bola parvarishlash davrida, o‘qishni ish bilan birga olib borganda xodimlarga turli kafolatlarni ta’minlaydi.
5) ijtimoiy himoya – mehnat shartnomasi asosida ishlovchilar pensiya, sug‘urta, kasbiy malaka oshirish kabi huquqlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, mehnat shartnomasi taraflar kelishuviga ko‘ra tuzilgani bilan ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzishda hatto xodim rozi bo‘lsa ham, uning huquqlarini paymol qiluvchi, kamsituvchi yoki mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlarini bermaslikka yo‘naltirilgan shartlarni kirita olmaydi. Agar mehnat shartnomasining mazmuniga: xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan; mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan; majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan; xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodim har qanday vaziyatda ish beruvchidan o‘z huquqlari ta’minlanishini talab qilishi mumkin. Agar mehnat shartnomasi shartlari buzilsa, xodim huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilsa, quyidagi huquqiy mexanizmlar ishga tushiriladi:
- mehnat inspeksiyalari tomonidan nazorat va tekshiruv;
- mehnat nizolari bo‘yicha sud jarayonlari;
- boshqa vakolatli davlat organlarining aralashuvi.
Shu bilan birgalikda, mehnat shartnomasi shartlarining buzilishi ish beruvchiga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasini qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Fuqarolik shartnomasi asosida ishlovchi shaxslar mehnat qonunchiligi bilan himoya qilinmaydi. Fuqarolik shartnomalari odatda muayyan topshiriq yoki muddatga tuziladi, shuning uchun xodim uzoq muddatli ish bilan ta’minlanmaydi shuningdek, mehnat shartnomalaridan farqli o‘laroq, fuqarolik shartnomalarida ish sharoitlari, xavfsizlik talablari qat’iy belgilanmagan bo‘lishi mumkin. Ushbu shartnoma yozma tuzilishiga ham hatto kafolat yo‘q. bundan tashqari, ishchini ishdan bo‘shatishda Mehnat kodeksi talab qiladigan tartib-qoidalar amal qilmaydi, mazkur munosabatlarda ishchilarni almashtirish oson jarayon hisoblanadi.
Mehnat shartnomalarida minimal ish haqi, qo‘shimcha to‘lovlar, kechiktirilgan to‘lovlarga jarimalar kabi majburiyatlar mavjud bo‘lsa, fuqarolik shartnomalarida bu talablar qo‘llanilmaydi. Fuqarolik munosabatlarida topshiriq beruvchi kechiktirilgan to‘lovlarni o‘z foydasiga cho‘zishi yoki pul to‘lashdan qochishi mumkin. Ta’kidlash kerak, fuqarolik shartnomasi asosida ishlangan davrlar mehnat stajiga kiritilmaydi, natijada pensiya hisob-kitobida ham hisobga olinmaydi. Shuning uchun ham ushbu munosabatga kirishayotgan shaxslar kutilayotgan oqibatlarga tayyor turishi kerak bo‘ladi.
Demak, mehnat shartnomasigina xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat bo‘lib, u mehnat qilish huquqining kafolati sifatida xizmat qiladi. Ushbu hujjat xodimning ish sharoitlari, huquqlari va majburiyatlarini aniq belgilab, uning mehnat sohasidagi huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Shu sababli, mehnat shartnomalarining tuzilishi va ijrosini ta’minlash davlat hamda jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Raximberganova Bonu Davlatnazarovna
Yuristlar malakasini oshirish markazi katta o‘qituvchisi