Mehnat intizomi — bu har bir xodimning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa ichki hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan xulq-atvor qoidalariga rioya etishini ta’minlaydigan tizimdir. Korxona, tashkilot yoki muassasaning samarali faoliyati uchun mehnat intizomining ahamiyati beqiyos sanaladi.
Mehnat intizomi qadimdan, insoniyat jamiyatining rivojlanishi bilan birga paydo bo‘lgan. Mehnat intizomi tushunchasi dastlab jamiyatdagi mehnat jarayonlarining tartibi va samaradorligini ta'minlash maqsadida shakllangan.
Insoniyat jamiyati rivojlanishining dastlabki bosqichlarida ham jamiyat a'zolarining o‘zaro hamkorligi va mehnatga munosabati muhim bo‘lgan. Jamiyatning o'sishi, qabila yoki urug‘larning paydo bo'lishi bilan mehnatni to‘g‘ri tashkil etish va intizom zarurati tug‘ilgan.
Qadimgi Misr, Bobil, Rim kabi buyuk imperiyalarda mehnat intizomi o‘zining yuqori darajalaridan biriga chiqqan. Qullar mehnatini tashkil etish, yirik inshootlar qurish va qishloq xo‘jaligi ishlarini tartibga solishda qat’iy intizom zarur bo‘lgan.
Qadimgi davrlardan farqli o‘laroq, o‘rta asrlarda “kasaba uyushmalari” va “ustalar” shakllanishi orqali hunarmandchilik sohasida ham intizom o‘ziga xos shaklni olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 18-bobi ham to‘liq ravishda mehnat intizomiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda:
· mehnat intizomining tushunchasi,
· uni ta’minlash usullari,
· ichki mehnat tartibi qoidalari,
· intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlar,
· rag‘batlantirish hamda intizomiy javobgarlik masalalari atroflicha yoritilgan.
Ish beruvchi xodimlarning mehnat intizomiga rioya etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. Buning uchun:
· normal ish faoliyatini ta’minlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-texnik imkoniyatlar yaratiladi;
· halol mehnat uchun rag‘batlantirish va mukofotlash tizimi joriy etiladi;
· mehnat majburiyatlarini buzgan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanadi.
Ichki mehnat tartibi qoidalari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanib, xodimlarning huquq va majburiyatlarini, ish rejimini, dam olish vaqtini, imtiyozlar va jazo choralarini belgilaydi. Ayrim tarmoqlar va davlat organlari uchun esa qonunlar, Prezident farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan maxsus ustav va nizomlar amal qiladi.
Y.Shumpeterning ta’kidlashicha, keng ma’noda intizom: O‘z ishiga ongli, ijodiy munosabatda bo'lish, uning yuqori sifatini ta’minlash, ish vaqtidan unumli foydalanish, nafaqat ichki mehnat qoidalariga qat’iy rioya qilish, balki birgalikda mehnat qilish jarayonida xodimlarning o'zaro javobgarligi munosabatlari tizimi ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun moddiy shart-sharoitlar bilan belgilanadi va xodim tomonidan qonunchilik va normativ hujjatlarda belgilangan qoidalar va tartiblarni ongli va ixtiyoriy ravishda bajarishiga asoslanadi. uning barcha a’zolari uchun majburiy bo‘lgan mehnat, jamoadagi qoidalar va tartib-qoidalar to'g'risida qaror qabul qiladi.
Mehnat munosabatlaridagi intizomni boshqarish usullaridan biri bu ishontirish hisoblanadi. M.Ziryanovaning fikricha esa, ishontirish har doim monolog emas, balki jarayon, dialogdir. Bu deklaratsiya ko'rinishidagi axloqiy jarayon emas, balki dalillarga asoslanadi. Barcha rahbarlar ishtirok etishi kerak bo‘lgan ishontirish jarayoni qarashlarni to‘g‘rilash, baholash va munosabatlarni o‘zgartirishdan iborat.
Mehnat sohasidagi yutuqlar uchun xodimlar turli shakllarda rag‘batlantiriladi. Rag‘batlantirish tartibi jamoa shartnomalari, ichki tartib qoidalari va boshqa hujjatlarda belgilanadi. Jamiyat va davlat oldidagi alohida xizmatlar uchun xodimlar davlat mukofotlariga ham taqdim etilishi mumkin. Biroq, mehnat intizomini buzgan xodimlar intizomiy javobgarlikka tortiladi. Intizomiy javobgarlikning umumiy turlari barcha xodimlarga, maxsus turlari esa ayrim soha vakillariga nisbatan qo‘llaniladi. Agar xodim o‘z aybi bilan majburiyatlarini bajarmasa yoki lozim darajada bajarmasa, unga intizomiy jazo belgilanadi. Shu bilan birga, xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli yuzaga kelgan holatlar uchun jazo qo‘llanilmaydi.
Mehnat intizomini ta’minlash bo‘yicha xorijiy tajriba:
AQSHda mehnat intizomi va samaradorlik KPI orqali o‘lchanadi. Ko‘plab kompaniyalar Performance Management System joriy qilgan. Ish beruvchilar xodimni intizomga majburlashdan ko‘ra, unga ko‘proq motivatsiya va imkoniyat berishni afzal ko‘rishadi. Intizomni buzgan xodimlarga nisbatan “progressive discipline” (bosqichma-bosqich ogohlantirish: og‘zaki → yozma → vaqtinchalik ishdan chetlatish → ishdan bo‘shatish) qo‘llanadi.
Germaniyada – mehnat intizomi qonun bilan qat’iy tartibga solinadi. Xodimlar aniq vazifalari bo‘yicha javobgar bo‘ladilar, shu bilan bir qatorda Germaniyada xodimlar kasaba uyushmalari tomonidan kuchli himoya qilinadi. Intizomiy jazo qo‘llashdan oldin ish beruvchi xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirishga sharoit yaratib berishi lozim.
Fransiya –ushbu davlatda mehnat huquqlari Mehnat kodeksi (Code du Travail) bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjat orqali barcha mehnat munosabatlari batafsil tartibga solinib, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi intizomiy mas’uliyat aniq belgilab qo‘yilgan. Fransiyada intizomiy jazo qo‘llash jarayoni xodimning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Skandinaviya mamlakatlari (Shvetsiya, Norvegiya, Daniya) –ushbu mamlakatlarda asosiy e’tibor ish muhitini qulay qilish, psixologik iqlimni yaxshilashga qaratiladi. Intizomni nazorat qilishdan ko‘ra, xodimni rag‘batlantirish va ish joyida barqaror motivatsiya yaratish ustuvor hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, mehnat intizomi — har bir korxona va muassasaning samarali faoliyati garovidir. Xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash, ular uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, adolatli rag‘batlantirish va intizomiy jazo tizimini yo‘lga qo‘yish orqali yuqori mehnat unumdorligiga erishish mumkin. Mehnat intizomi bu shunchaki tartib emas, balki korxona taraqqiyoti va barqarorligining asosi. U samarali mehnat, sog‘lom mehnat muhiti va adolatli mehnat munosabatlarining kafolatidir. Ish beruvchi va xodimning o‘zaro majburiyatlarni halol bajarishi, ichki mehnat tartibiga rioya etishi mehnat intizomini ta’minlovchi asosiy omillardir. Shunday ekan, har bir korxona mehnat intizomini mustahkamlashga doir amaliy choralarni ko‘rishi, shuningdek xodimlar intizomini rag‘batlantirish yo‘li bilan shakllantirishi zarur.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti
Tashkiliy-nazorat bo‘limi bosh mutaxassisi
Muxiddinov Dilshodjon Shavkatjon o‘g‘li