+998 71 200 02 35

KIBERJINOYATNI SODIR ETISHDA O‘Z NOMIDAGI BANK KARTASI, SIM KARTASI HAMDA ELEKTRON HAMYONIDAN FOYDALANISHGA YO‘L QO‘YGAN SHAXSLAR UCHUN MA’MURIY VA JINOIY JAVOBGARLIK BELGILANISHIDAN XABARDORMIDINGIZ?

10.07.2025 114

2025-yil 30-aprelda Ozbekiston Respublikasi Prezidentining Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar togrisidagi PQ–153-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning tizimli mexanizmiga asos solindi.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning yangi tartibi nimalarni o‘z ichiga oladi?

Qaror bilan, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida vakolatli organ etib belgilandi. Shuningdek, o‘z kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida ko‘rsatildi.

Shu bilan bir qatorda, kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutildi.

Jazo choralari ham kuchaytiriladimi?

Qarorga muvofiq, jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi. Qolaversa, jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish javobgarlik hamda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanishi ham qayd etib o‘tildi.

Shu kabi, qaror bilan har oy yakuni bo‘yicha tizimida eng ko‘p kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga e’lon qilinishi nazarda tutildi. Markaziy bank tomonidan aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlarini aniqlash hamda ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi ham qayd etildi.

Respublika miqyosida har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi”  etib belgilandi.

Qanday yangi bo‘lim hamda shtat-birliklari ajratilmoqda?

Qarorga ko‘ra, Bosh prokuraturaning ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tuzilmasida 6 ta shtat birligidan iborat kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qonuniylikni ta’minlash bo‘limi tashkil etiladi hamda hududiy prokuraturalar va Transport prokuraturasining ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlarida uning guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 44 ta shtat birligi ajratiladi.           

Xorijiy tajriba nima deydi?

AQSHda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish uchun 2008-yildan boshlab “chip-and-PIN” yoki “chip-and-signature” kartalar (EMV) joriy qilingan bo‘lib, ular kartani klonlashni qiyinlashtiradi va mashina orqali chiziqli skimmerlardan himoya qiladi. Shuningdek, onlayn to‘lovlar uchun “billing manzillar” va kard orqasidagi “CVV” kodlari tekshiriladi. “Adress verification system” manzillarni solishtirib, mos kelmasa, tranzaksiyani bloklaydi.

Germaniyada har federal yer va shtatda, ayniqsa hukumat, biznes hamda davlat organlari uchun maxsus kiberxavfsizlik markazlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib(Masalan,Baden-Württemberg, Berlin), ular korxonalarga huquqiy yordam va maslahatlar beradi hamda ayrim tergov harakatlarini ham olib boradi.

Singapurda esa 2024-yildan politsiya “Cybercrime Command” va “Anti-Scam Command” uchun maxsus milliy xizmatchi (NSF) rollarini joriy qilmoqda, bu
kiberhujumlarni oldini oladi va tahlil qiladi.

Buyuk Britaniyada 2022-yildan amaliyotga tatbiq etilgan multi-faktorli autentifikatsiya (chip‑and‑PIN, OTP, biometrik aniqlash) sistemasi elektron to‘lovlarda firibgarlikni samarali kamaytirishga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, mijozga to‘lov yuborilishidan oldin bank xodimi uni ogohlantiradi. Call-markazda xodim mijozni himoya holatiga qaytarib, pulni to‘xtatishi yoki politsiyani jalb qilishi mumkin. Bu orqali
2016–21-yillarda £142 mln to‘lovlar qutqarilgan, 900 ta jinoyatchi ushlangan
.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qaror mamlakatimizda kiberjinoyatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga hamda axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish borasida zamonaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Hurmatli fuqarolar! Kiberjinoyatlardan ehtiyot bo‘ling. Bank kartangiz haqidagi ma’lumotlarni hech kimga bermang. Kiberjinoyatlarga duch kelsangiz darhol huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bering. Zero, bu bilan o‘zingiz va yaqinlaringizni firibgarlarning hiylalaridan saqlab qolishingiz mumkin!    

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

katta o‘qituvchisi Shohjahon Jumayev