Andragogika, ya’ni yoshi kattalar ta’limi zamonaviy ta’lim tizimida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, huquqiy kadrlar tayyorlash jarayonida. Kattalar ta’limining o‘ziga xos xususiyatlari va yondashuvlari huquqiy ko‘nikmalarni shakllantirishda yangi imkoniyatlar yaratadi. Andragogika kattalarni o‘qitishning maxsus usullari va prinsiplariga asoslanadi, ya’ni ta’lim jarayonida quyidagi asosiy prinsiplar e’tiborga olinadi:
- O‘z-o‘zini boshqarish
Kattalar ta’limida motivatsiya muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘z-o‘zini boshqarish va shaxsiy maqsadlarni belgilash kattalar uchun muvaffaqiyatli o‘qitishni ta’minlaydi.
- Hayot tajribasi
Yoshi ulug‘, salohiyatli kadrlarning hayot davomida to‘plagan tajribasi ularning o‘rganish jarayonini boyitadi. Shu tufayli o‘quv mashg‘ulotlari bahs va munozaralarga boy holda o‘tadi. Har bir tinglovchida shu davrga kelgunga qadar bo‘lgan katta hayotiy tajriba bo‘lib, ushbu tajribalar o‘quv jarayonlarining yanada jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
- Amaliyotga yo‘naltirilganlik
O‘quv jarayonida, ayniqsa, amaliy ko‘nikmalarga ko‘proq e’tibor qaratilishi muhim rol o‘ynaydi. Androgogikaning asosiy tamoyillaridan biri amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv mashg‘ulotlarining olib borilishi bo‘lib, har bir tinglovchi ushbu jarayonda o‘zini ayni muhitda deb his qiladi hamda jarayonda amalga oshirilgan barcha harakatlar 98 foiz yodida qoladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, insonning ayni jarayonda ishtirok etgan holati miyya faoliyatida to‘liq yodda qolishi fan bilan isbotlangan. Huquqiy muhitda ham ushbu jarayon juda o‘rinli bo‘lib, tinglovchilarda sud jarayonlari, ekspertiza jarayonlarini to‘liq eslab qolish imkonini yaratadi.
Xorijiy tajribalarni ham qaraydigan bo‘lsak, andragogik yondashuvlar ya’ni kattalar ta’limi va o‘qitish metodologiyasi, ko‘plab institutlarning o‘quv dasturlarida ham muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Jumladan, Harvard biznes maktabida: Harvard biznes maktabi katta yoshdagi talabalarga mo‘ljallangan maxsus dasturlarni ishlab chiqqan. Ularning “Executive Education” dasturlari, tajribali rahbarlarga mo‘ljallangan bo‘lib, interaktiv o‘qitish usullari va amaliy tajribalarga asoslanadi. MIT OpenCourseWare: Massachusets texnologiya instituti (MIT) tomonidan taqdim etilgan ochiq kurslar platformasi kattalar uchun mustaqil ta’lim olishga qaratilgan. Bu platformada asosan mustaqil o‘qituvchilar uchun mos keladigan materiallar mavjud. Khan Academy: ushbu platforma kattalar va yoshlarni ta’lim olishda qo‘llab-quvvatlaydi. O‘z-o‘zini boshqarish imkoniyatlari va turli darajalardagi o‘quv materiallari kattalarga mos tarzda taqdim etiladi. Coursera va edX: ushbu onlayn ta’lim platformalari butun dunyo bo‘ylab universitetlardan katta yoshdagi talabalar uchun maxsus kurslarni taklif qiladi.
Andragogik yondashuvlarni qo‘llash orqali tinglovchilarga real hayotdagi muammolarni hal etishda yordam beradigan amaliy ma’lumotlar taqdim etiladi. Toastmasters International: bu tashkilot jamoatchilik oldida nutq so‘zlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u andragogik yondashuvlardan foydalangan holda o‘z-o‘zini boshqarish, feedback berish va amaliy mashg‘ulotlarni taklif qiladi. LinkedIn Learning: ushbu platforma professional rivojlanish uchun turli kurslar taklif qiladi. Har bir kishi o‘z ehtiyojlariga mos ravishda darslarni tanlashi mumkin. Bu esa kattalar ta’limiga mos keladi.
Huquqiy kadrlarni tayyorlash jarayonida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish katta ahamiyatga ega. Ushbu ko‘nikmalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Huquqiy tahlil:
Huquqshunoslar turli holatlarni tahlil qilish va qarorlar qabul qilishda yuqori darajadagi tahliliy fikrlashga ega bo‘lishlari kerak.
- Muloqot qobiliyati:
Huquqshunoslar mijozlar va boshqa huquqshunoslar bilan samarali muloqot qila olishlari zarur.
- Amaldagi qonunlarni bilish:
Huquqshunoslar o‘z sohasidagi qonunlarni yaxshi bilishi va ulardan foydalanishni bilishi kerak.
Bundan tashqari andragogik yondashuvlarni qo‘llash huquqiy kadrlarni tayyorlashda bir qator afzalliklarni taqdim etadi:
- Interaktiv usullar: Muammolar yechimi bo‘yicha guruh muhokamalari va simulyatsiyalar orqali amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish mumkin.
- Individualizatsiya: Har bir tinglovchini uning ehtiyoji va maqsadlariga mos keladigan tarzda tayyorlash imkoniyati.
- Natijaga yo‘naltirilganlik: Ta’lim jarayoni natijalarga erishishga qaratilgan bo‘lib, bu esa tinglovchilarga motivatsiya beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kattalar ta’limi (andragogika) huquqiy kadrlarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda alohida rol o‘ynaydi. Ushbu yondashuvlar yordamida tinglovchilarning tajribasi, motivatsiyasi va individual ehtiyojlari inobatga olinadi hamda natijada, salohiyatli huquqshunoslar tayyorlanadi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti bo‘lim boshlig‘i
Altingul Yusupbayeva