Respublikamizda inson huquq va erkinliklari huquqiy himoya qilinishini ta’minlash, uning o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yetarli darajada imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish, qonun talablariga so‘zsiz rioya etish borasida tortishuvchanlik va teng huquqlilik prinsiplarini qo‘llashda har tomonlama, ob’ektiv va xolisona ishning haqiqiy holatlarini aniqlashga oid salmoqli ishlar qilinmoqda.
Jamiyatimizning barcha sohalarini raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishini oldini olish borasida raqamli dalillar bilan bog‘lik ishlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2024 yil 21 noyabrdagi 1003-sonli Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan qator kodekslarga shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga (keyinchalik FPK deb yuritiladi) raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni taqdim etish, ko‘zdan kechirish, tekshirishni tartibga soladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
FPKga asosan raqamli dalillar deb ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek boshqa elektron ma’lumotlarga aytiladi.
Shuningdek, raqamli dalilning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlanib qolgan hollarda ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi. Raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish mumkin qachonki, uning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanmasa, bunga notarius tomonidan tasdiqlangan raqamli dalil kirmaydi.
Aytish joizki, sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio- va videoyozuvlar ham raqamli dalillar bo‘lib hisoblanadi va ularning ko‘chirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi. Garchi, boshqa kodekslarda raqamli dalillarni taqdim etish majburiyati bayon qilinmagan bo‘lsada, lekin bu norma FPKning 893-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Shu munosabat bilan raqamli dalillarni taqdim etish majburiyatiga oid masala ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilganlarga ko‘ra, fuqarolar, shuningdek korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘z tasarrufida bo‘lgan, sud harakatlarini amalga oshirishda foydalanish uchun zarur bo‘lgan elektron ma’lumotlarni sudning qonuniy talabiga ko‘ra elektron jismlar bilan birga taqdim etishi shartligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga agar sud tomonidan raqamli dalillar talab qilinayotgan shaxs uni sud belgilagan muddatda taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, ushbu shaxs sabablarni ko‘rsatgan holda bu haqda sudni xabardor qilishi shart deb FPKda belgilangan.
Fuqarolik ishida ishtirok etuvchi va ishdan manfaatdor shaxslar raqamli dalillarni o‘z ixtiyori bilan sudga taqdim etishi mumkin. Bunday hollarda bu dalillar yordamida ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qanday holatlarni aniqlash mumkin ekanligi to‘g‘risida ham xabardor qilinadi.
Sudlov ishida ishtirok etayotgan shaxs boshqa shaxslar tasarrufida bo‘lgan, ish uchun muhim bo‘lgan raqamli dalillarni talab qilib olish haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda iltimosnoma berayotgan shaxs raqamli dalillar muayyan shaxsda qaysi asosga ko‘ra turganligini, shuningdek ularning joylashgan yeri haqida ma’lum qilinishi qonunda nazarda tutilgan.
Shuningdek, sud raqamli dalillarni talab qilib olish haqida iltimosnoma berayotgan shaxsga raqamli dalilni sudga taqdim etish uchun olish huquqiga doir so‘rov berishi mumkinligi FPKda ko‘rsatilgan.
Shular bilan birga ishda ishtirok etmayotgan, sud tomonidan talab qilinayotgan raqamli dalillarni taqdim etish imkoniga ega bo‘lmagan fuqarolar, shuningdek korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari sabablarni ko‘rsatgan holda bu haqda sudni xabardor qilishi shartligi belgilangan.
FPKda sud tomonidan davlat organlaridan, tashkilotlardan yoki fuqarolardan talab qilinadigan raqamli dalillar bevosita sudga yuborilish qoidasi ham mavjud.
Sud xabardor qilinmagan taqdirda, shuningdek raqamli dalillarni uzrli sabablarsiz taqdim etish rad etilgan taqdirda, sud tashkilotlarning aybdor mansabdor shaxslariga, shuningdek fuqarolarga belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshmagan miqdorda jarima soladi. Bu haqda ajrim chiqariladi va uning ko‘chirma nusxasi jarima solingan shaxsga darhol yuboriladi.
Qonun hujjatlari talablariga asosan jarima solinishi mansabdor shaxslarni va fuqarolarni sud tomonidan talab qilinayotgan raqamli dalillarni taqdim etish majburiyatidan ozod etmaydi.
Nasullaev Mubin
Yuristlar malakasini oshirish Markazi dotsenti