Elektr energiyasi – zamonaviy hayotimizning eng muhim negizi, taraqqiyot va farovonlikning tayanchidir. Bugun biror bir sohani elektrsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uy-ro‘zg‘orda kundalik turmushimiz, ishlab chiqarishda ishlab chiqarish jarayonlari, transport va aloqa tizimlari, hatto ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarning samarali faoliyati elektr energiyasi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu bilan birga, elektrdan foydalanishda belgilangan tartib va qoidalarga amal qilmaslik xavfli oqibatlarga olib kelishi hech kimga sir emas.
Qoidabuzarlikning xavfli oqibatlari nafaqat katta iqtisodiy zarar, balki inson hayoti uchun ham tahdid tug‘diradi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda sodir bo‘layotgan yong‘inlarning muayyan qismi elektrdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kelib chiqmoqda. Bu esa aholining hushyorlik va mas’uliyatini oshirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatadi.
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish uchun javobgarlik O‘zbekiston qonunchiligida bir nechta hujjatlarda belgilangan: Jumladan:
1. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 100-moddasida Elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, ya’ni elektr dvigatellaridan, elektr pechlari va boshqa elektr hamda issiqlik uskunalaridan muntazam ravishda, ishlab chiqarish zarurati bo‘lmagan holda to‘liq foydalanmaslik yoki ularni bekorga ishlatib qo‘yish, zichlangan havo, suv va issiqlikning muntazam ravishda nobud bo‘lishi, energiya bilan ta’minlovchi tashkilotlarning ruxsatisiz xizmat binolari va boshqa binolarni isitish uchun, shuningdek ishlab chiqarish jarayonida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlar uchun elektr energiyasidan foydalanish, yoritish uchun elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanish —
- mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
- Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
- mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 101-moddasiga ko‘ra, Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulash, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan sakson besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr yoki gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali oz miqdorda o‘g‘irlash bilan bog‘liq harakatlar sodir etilganda qo‘llanilmaydi.
elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, hisoblagichlarni buzish yoki qoidalarni buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi (jarimalar va zararlarni qoplash majburiyati qo‘llanadi).
3. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 1852-moddasida Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali talon-toroj qilish bilan bog‘liq harakatlar sodir etilganda qo‘llanilmaydi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, elektr energiyasidan oqilona va qoidalarga muvofiq foydalanish – bu shaxsiy xavfsizlikning, oila farovonligining va jamiyat taraqqiyotining kafolatidir. Shu boisdan ham aholining huquqiy ongi va elektr madaniyatini yuksaltirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Har bir iste’molchi esda tutishi lozim:
- elektrdan foydalanishda belgilangan qoidalarga amal qilish,
- jihozlarni to‘g‘ri ishlatish,
- xavfli holatlarni o‘z vaqtida mutasaddi tashkilotlarga xabar qilish – fuqarolik burchidir.
Elektr energiyasi – hayotimizning ajralmas manbai. Lekin unga beparvo munosabat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababdan ham elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etish – qonuniy majburiyat, xavfsizlik garovi va jamiyat manfaatini himoya qilishning muhim shartidir.
Ma’muriy-xo‘jalik va
mehnatni muhofaza qilish
bo‘limi boshlig‘i E.Qosimov