Ochiqlik va shaffoflik (“openness” and “transparency”) jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishi uchun qonuniy va real imkoniyatning mavjudligi, ushbu axborotni olish huquqining kafolatlarini anglatadi va qator normativ-huquqiy hujjatlarda asosiy prinsip sifatida e’tirof etiladi.
Ushbu prinsipning davlat organlari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – davlat tashkiloti deb yuritiladi) faoliyatiga tatbiq etilishi, ularning jumladan, jamiyat oldidagi va qabul qilgan qarorlari uchun mas’uliyatini kuchaytirishga, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga, davlat boshqaruvi sifatini ta’minlashga, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, davlatning asossiz xarajatlarini kamaytirishga imkon beradi. Chunonchi, ochiqlik va shaffoflik mavjud joyda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish murakkablashadi.
Adabiyotlarda ta’kidlanganidek, ochiqlik va shaffoflik ma’muriy-boshqaruv jarayonining borishi, keng jamoatchilikni tashkilotda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida fuqarolar va jamiyatning boshqa subyektlarini xabardor qilishda namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda davlat tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur huquqiy asoslari yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlar o‘z faoliyatini oshkora va shaffoflikka rioya qilgan holda amalga oshirish lozimligini, ular faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini belgiladi.
Davlat tashkiloti faoliyatining ochiqligi va shaffofligi O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan elektron hukumatning asosiy prinsiplari sifatida belgilangan. Elektron hukumatning mazmun-mohiyati, jumladan, elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat tashkiloti faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda taqdim etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid ma’lumotlarning xizmat ko‘rsatuvchi davlat tashkilotining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilishidan iborat.
Ochiqlik va shaffoflik prinsipining ta’minlanishi sud organlari faoliyatiga ham taalluqlidir. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash, sudlov ishlarini yuritish sifati va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish, sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va suiiste’molchilik faktlariga barham berishda muhim qadam bo‘ldi.
So‘zsiz, davlat tashkiloti faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga chek qo‘yishga ham zamin yaratadi. Shu bois, ochiqlik va shaffoflik O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy prinsiplari sifatida e’tirof etilgan. Qonunga asosan, mazkur prinsipga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini va ularning hisobdorligini ta’minlashda, xizmat ko‘rsatishning shaffof tartibini belgilashda, ochiqlik tamoyiliga asoslangan tanlov asosida tanlash va lavozimga ko‘tarish tizimini joriy etishda (19-modda), ma’muriy va boshqaruv jarayonining ochiqligini, tashqi va ichki nazorati uchun ochiqlikni oshirishda (22-modda), davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini ta’minlashda (23-modda), shuningdek, sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlashda (25-modda) e’tiborga olinishi kerakligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshirish vazifasi ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni ma’muriy organlarga qonun ustuvorligi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida ma’muriy-huquqiy faoliyatni tartib-taomillarning asosiy prinsiplari sifatida keltirib ushbu prinsiplarga rioya qilish kerakligi ta’kidlangan.
Davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishdagi qoidalar va tartib-taomillar manfaatdor shaxslar uchun ochiq, shaffof va tushunarli bo‘lishi kerakligi haqidagi ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunida ham ko‘rishimiz mumkin. Demak, ochiqlik va shaffoflik davlat-xususiy sheriklikning asosiy prinsiplari sifatida e’tirof etiladi.
Davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, unga muvofiq, ochiqlik va shaffoflik prinsipini ta’minlash maqsadida quyidagi ma’lumotlarning veb-saytda (dxarid.uzex.uz) va maxsus elektron platforma axborot portalida joylashtirilishi lozimligi belgilandi: tashkilotning davlat xaridlarini o‘tkazilishi, davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar, davlat xaridlari yakunlari, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflari haqidagi axboroti, shuningdek, elektron davlat xaridlari o‘tkazilishi va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ijtimoiy ahamiyatga ega davlat organlari va tashkilotlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati keltirildi. Ularga, xususan, davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatiga oid hisobotlar, amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida, yillik xarajatlar smetasi va ularning ijrosi, shu jumladan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari va boshqalar kiradi. Shu o‘rinda, joriy etilgan ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va xo‘jalik subyektlarining ro‘yxatga olingan ma’lumotlar bazasi (my.gov.uz) va boshqa platformalar byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va bartaraf etish, jamoatchilik nazoratini ta’minlash hamda korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, farmonga muvofiq, mazkur sohalarni muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish maqsadida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik deb yuritiladi) tarkibida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi. Shu bilan birga, Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlari talablarini muntazam ravishda buzgan davlat tashkilotlarining aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi berilgan. Chunonchi, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitalari, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzuridagi axborot siyosati va mahalliy davlat hokimiyati organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalar ish boshladi. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitalari Agentlik bilan birgalikda davlat tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portaliga va o‘z rasmiy veb-saytlariga belgilangan vaqtda joylashtirib borilishini monitoring qilish, ochiqlikni ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning davlat tashkilotlari tomonidan ijro etilishi holatini qo‘mita majlisida muhokama qiladi.
Ochiqlik va shaffoflik prinsipining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyati, uning davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishni taqozo etdi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi”ga asosan, davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish hamda xodimlarning kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishi, davlat xizmatchilarini ijtimoiy himoya qilishning shaffof mexanizmlarini joriy etish hamda ularning aniq vazifalarini belgilash, yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasi sohasiga shaffoflik standartlarini joriy qilish, davlat xaridlari sohasida ochiqlikni ta’minlash, davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha ko‘rilgan sud ishlari to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish hamda baholash Agentlik zimmasiga yuklatildi. Farmonga asosan davlat tashkilotlari ochiqligini baholash maqsadida joriy etilgan ochiqlik indeksiga muvofiq, davlat tashkilotlari Agentlik huzurida tuziladigan komissiya tomonidan tegishlicha indikator ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanadigan bo‘ldi. Ochiqlikni ta’minlashda salbiy baholangan davlat tashkiloti rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi, yaxshi deb baholangan davlat tashkilotlarining mas’ul bo‘lgan xodimlarini esa Agentlik tavsiyalariga muvofiq rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Xususan, 2023-yil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan shakllantirilgan Ochiqlik indeksi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, jami 103 ta davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati qamrab olinib, 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida 31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlari qayd etilgan.
Ushbu baholash chora-tadbirlari davlat tashkilotlari ochiqligini kengaytirish yo‘lidagi muhim va samarali qadam bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunida ham ochiqlik va shaffoflik davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari qatorida keltirilgan. Demak, davlat tashkilotining har bir xizmatchisi fuqarolar, jamiyat yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash faoliyatida ana shu tamoyilga amal qilishi shart.
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash vazifasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”da davlat xizmatchilarining kasbiy madaniyatiga oid umumiy odob-axloq qoidalaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Ochiqlik va shaffoflik axloqiy qoida sifatida davlat xizmatchisining qo‘l ostidagilari va aholi uchun ochiq bo‘lishi, ular bilan muloqotga doimo tayyor bo‘lishi, ularning savollari, takliflari, tilaklarini eshitishga tayyor ekanligini anglatadi.
Ochiqlik va shaffoflik manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmi sifatida ham belgilangan.
Davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (keyingi o‘rinlarda – MJtK deb yuritiladi) bilan ham ta’minlanadi. Jumladan, qonunga muvofiq, byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzish (MJtK 1757-moddasi), davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlar joylashtirish tartibini buzish (MJtK 1758-moddasi), davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish (MJtK 2157-moddasi), bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish (MJtK 229-moddasi) ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qayd etilganlarni qisqacha sarhisob qilsak, sanab o‘tilgan va boshqa normativ-huquqiy baza davlat tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipini ta’minlashga xizmat qiladi va shunga mos ravishda korrupsiyaning samarali oldini olish imkonini beradi hamda so‘zsiz Yangi O‘zbekiston islohotlarining omili bo‘ladi.
Rafik Shakurov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi dotsenti,
yuridik fanlar nomzodi