+998 71 200 02 35

Yuristlar malakasini oshirish markazida tashkil etilgan “Intellektual mulk huquqi qonunchiligini takomillashtirish: nazariya va amaliyot muammolari” mavzusidagi respublika anjumani

16.04.2021 3138

Ma’lumki, Intellektual mulk  huquqi quyidagi sohadagi faoliyatni huquqiy tartibga soladi:

patent huquqi (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari);

tovar belgilari (tovar kelib chiqqan joy, geografik nomlar, xizmat ko`rsatish belgilari);

mualliflik huquqi (fan, adabiyot va san’at asarlari);

turdosh huquqlar (efir  orqali ko`rsatuv va eshittiruvchi tashkilotlar, ijrochi, artist, raqqos, so`z ustasi va boshqalar).

Bugun respublikamizda intellektual mulk huquqiga oid mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan, xalqaro hamkorlik yo`lga qo`yilgan, sohaga oid davlat siyosati olib borilmoqda hamda mualliflar har tomonlama qo`llab-quvvatlanmoqda.

 

Keyingi yillarda intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va  tegishli davlat boshqaruvi yo`lga qo`yildi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvining takomillashtirish chora-tadbirlari to`g’risida”gi PQ-4168-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan sohadagi mavjud muammolarni hal etish va belgilangan ustuvor vazifalarni hal etish maqsadida intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash bo`yicha “yo`l xaritasi” ham tasdiqlandi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 iyuldagi “O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g’risida”  PQ-4380-son qarori qabul qilindi.  Intellektual mulk huquqini muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida Agentlik Adliya vazirligi tasarrufiga o`tkazildi.

 

Sohaga oid huquqiy axborotlarni tarqatish xalqaro doirada intellektual mulk obyektlari yaratuvchilari bo`lgan mualliflarning e’tirof etilishi, ularning mehnati qadrlanishiga keng imkoniyatlar yaratadi.

Xususan, 1996 yil 22-23 aprel kunlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida mamlakatimizning 300 dan ortiq vakillari ishtirokida YuNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida “Amir Temur va temuriylarning insoniyat sivilizasiyaga qo`shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi. Konferensiya yakunida O’zbekiston tashabbusiga ko`ra YuNESKO tomonidan «23 aprel-Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni» deb belgilandi. Har yili ushbu kun dunyo jamoatchiligi tomonidan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Mualliflik huquqi nafaqat bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinadi, shuning uchun ham xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to`g’risida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan. Mazkur konvensiya fan, adabiyot va san’at asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir. Bugun dunyoning 190 dan ortiq davlati ushbu konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. Respublikamiz mazkur konvensiyaning a’zosi hisoblanadi, 2005 yil 19 apreldan boshlab O’zbekistonda konvensiyasi normalari qo`llana boshlandi.

Bundan tashqari O’zbekiston 2019 yilning 17 iyul kuni Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 1996 yil 20 dekabrdagi “Ijrolar va fonogrammalar bo`yicha shartnoma”si hamda “Mualliflik huquqi to`g’risidagi shartnoma”si, 1971 yil 29 oktyabrda Jeneva qabul qilingan«Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to`g’risida"gi konvensiyasining a’zosi bo`ldi.

Intellektual mulkning tarkibiy qismi sifatida muallliflik huquqi bilan himoya qilinadigan barcha asarlar sohalar bo`yicha 10 dan ortiq xalqaro konvensiya va universal shartnomalar bilan muhofazaga olingan. Bu xalqaro hujjatlarni Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) ma’muriy boshqaruvini amalga oshiradi. BIMT Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida bo`lib, u 1970 yil 26 apreldan boshlab rasman faoliyat yuritmoqda. Shu bois, “26 aprel-Xalqaro intellektual mul kuni”  sifatida butun dunyoda keng nishonlab kelinadi. Tashkilotga  1974 yilda hukumatlararo xalqaro tashkilot maqomi berilgan. O’zbekiston 1991 yildan mazkur tashkilotning teng huquqli a’zosi hisoblanadi.

Mamlakatimizda mualliflarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo`llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, Prezidentimizning 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag’batlantirish bo`yicha qo`shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to`g’risida”gi PQ-3201-son qarori  bilan “Fan, adabiyot va san’at asarlari nashr etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari” belgilandi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining  2018 yil 5 aprel kuni “O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g’risida”gi PQ-3652-son qarori qabul qilingan va qarorda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Matbuot va axborot agentligi hamda Uyushma bilan birgalikda ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk  shaklidan qat’i nazar, barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari to`lashni qonuniy asosda ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi yuklangan.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenta Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida 2020 yil 12 oktyabr kuni kengaytirilgan tarzda o`tkazilgan “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g’risida”gi videoselektor yig’ilishida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integrasiyasidagi asosiy omil ekanligi ta’kidlandi. Hali  amalga oshiriladigan ishlarning ko`lami kengligi, sohaga oid qonunchilikni qo`llashda muammolar mavjudligi, sohaga oid huquqiy bilim berish tizimining yetarlicha yo`lga qo`yilmagani, xalqaro aloqalarni kuchaytirish, amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, himoya qilishning institusional asoslarini joriy etish zaruriyati bilan bog’liq masalalar atroflicha muhokama qilindi va mutasaddi idoralarga topshiriqlar berildi.

Topshiriqlar doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g’risida”gi PQ-4965-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo`yicha “Yo`l xaritasi”, Intellektual mulk (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari) sohasini rivojlantirish bo`yicha 2021-2023 yillarga mo`ljallangan amaliy ishlar dasturi tasdiqlandi.

Vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari zimmasiga “Yo`l xaritasi” va Dasturda belgilangan tadbirlarning o`z vaqtida, sifatli va to`liq bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.

 

2021 yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o`zlariga tegishli bo`lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) obyektlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettirishi belgilandi.

 Yuristlar malakasini oshirish markazida joriy yilning 16 aprel kuni “Intellektual mulk huquqi qonunchiligini takomillashtirish: nazariya va amaliyot muammolari” mavzusidagi respublika anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Fuqarolik kodeksining yangi loyihasida intellektual mulkka oid normalarni takomillashtirish, Intellektual mulkni himoya qilishning institusional asoslari va mexanizmlarini joriy etish, Intellektual mulk obyektlarini respublika hududiga olib kirish va respublikadan olib chiqishda bojxona rejimini qo`llash masalalari, Intellektual mulk huquqiga oid qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikasiya qilishning nazariy hamda amaliy masalalari, Mualliflik huquqini amalga oshirishda shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari mavzularida ma’ruzalar qilindi.

Intellektual mulk huquqiga oid davlat huquqiy siyosati asoslari, intellektual mulk huquqini himoya qilishning institusional asoslarini takomillashtirish, intellektual mulk huquqiga oid qonunchilikni rivojlantirish, tizimlashtirish, unifikasiya qilish va kodifikasiyalash, sohaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurash va javobgarlik, nizolarni sudda ko`rish amaliyoti, huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqarish, intellektual mulk huquqiga oid respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish yo`llari, intellektual mulk huquqini o`qitish va tadqiq etish bilan bog’liq  masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Anjuman yakunida sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, intellektual mulk obyektlari yaratuvchilarining huquqlari himoyasini ta’minlash,  huquqni qo`llash amaliyotini kuchaytirish, sohaga oid huquqiy ta’lim va tadqiqotni rivojlantirish bo`yicha kerakli tavsiyalar ishlab chiqildi.