+998 55 518 57 77

Yuridik ta’lim va fanning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari

16.04.2026 83

Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish sharoitida yuridik fan hamda yuridik ta’lim tizimini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va yuridik fanni takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat siyosati amalga oshirildi. Jumladan, ta’lim va fan sohasida huquqiy asoslar yaratildi, huquqni qo‘llash amaliyoti talablariga muvofiq ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va metodik materiallar to‘liq qayta ishlandi.

Shu bilan birga, salmoqli yutuqlarga qaramasdan, ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, ta’lim, fan va amaliyot o‘rtasidagi integratsiya yetarli darajada emas, yuqori ilmiy malakaga ega kadrlar yetishmasligi kuzatiladi, ilmiy tadqiqotlar darajasini oshirish zarurati mavjud.

Shu bois, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish sharoitida yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirish dolzarb hisoblanadi. Bu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi PF–232-sonli «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni muhim ahamiyatga ega.

Ushbu Farmon bilan «Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yagona to‘g‘ri yo‘li» degan ustuvor g‘oya asosida zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, yuridik ta’lim, fan va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash maqsadi belgilab berilgan.

Belgilangan maqsadlarni amalga oshirish uchun, jumladan, 2026 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar rejalashtirilgan:

yuridik ta’lim jarayonlarini amaliyot bilan uzviy bog‘lashga qaratilgan amaliy ta’lim, klinik va dual ta’lim tamoyillarini joriy etish;

yuridik ta’lim tizimida «ta’lim – tadqiqot – amaliyot» integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish;

yuridik ta’lim samaradorligi va sifatini nazorat qilishni kuchaytirish;

Toshkent davlat yuridik universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) 2030 yilga qadar huquq sohasida nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida dunyodagi TOP-1000 oliy ta’lim muassasalari qatoriga kiritish.

Shubhasiz, yuridik ta’lim sifatini ta’minlashda «Huquqshunoslik» fanining o‘rni muhim bo‘lib, u o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Shu munosabat bilan, yuqoridagi Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 28 maydagi PQ–1761-sonli «O‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va ularni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘rta maxsus, professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish vazifasi yuklatildi.

Yuridik fan O‘zbekistonning davlat rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda muhim vositaga aylanmoqda. Shu bois, «ta’lim – tadqiqot – amaliyot» integratsiyasini ta’minlash maqsadida mazkur Farmonda Universitetda yuqori sifatli ta’limni ilmiy tadqiqot va amaliyot asosida ta’minlaydigan akademik departamentlardan iborat tarmoq fakultetlari tizimini shakllantirish, ta’lim jarayoni va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar hamda ilmiy-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladigan tadqiqot markazlarini tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari orqali dolzarb muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqish zarurligi belgilangan.

Yuridik fan va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan mazkur va boshqa islohotlar raqobatbardosh yuridik kadrlar tayyorlash hamda mamlakatning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish esa huquqiy davlatni yanada mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish va O‘zbekistonning jahon huquqiy makoniga integratsiyasini ta’minlash imkonini beradi.

 

Rafik ShAKUROV

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini

oshirish instituti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi