+998 55 518 57 77

Yangi Oʻzbekistonda mahalla institutini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari

18.09.2026 75

Mahalla — xalqimizning ko‘p asrlik tarixiy tajribasi, milliy qadriyatlari va o‘zaro hamjihatlik an’analarini o‘zida mujassam etgan noyob ijtimoiy institutdir. U nafaqat hududiy birlik, balki insonlarni birlashtiradigan, ularning dard-u tashvishiga quloq tutadigan, mehr-oqibat va hamjihatlikni qaror toptiradigan muhim ijtimoiy muhit hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish kabi ezgu maqsadlar turibdi. Mazkur jarayonda mahalla institutining ahamiyati yanada ortmoqda. Chunki aholining kundalik hayoti, muammolari va ehtiyojlarini eng yaxshi biladigan bo‘g‘in — bu, avvalo, mahalladir.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichida mahallaga bo‘lgan yondashuv ham tubdan yangilanmoqda. Mahalla faqatgina ijtimoiy muammolarni qayd etuvchi tuzilma emas, balki hududni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bilan ishlash, oilalarni mustahkamlash va fuqarolik faolligini oshirishda faol ishtirok etuvchi institut sifatida shakllanmoqda.

Mahallaning oziga xosligi shundaki, u davlat va jamiyat ortasidagi ozaro aloqani taminlashda muhim vosita bolib xizmat qiladi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning samaradorligi ko‘p jihatdan uning aholi ehtiyojlariga qanchalik yaqin yetib borishiga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, mahalla aholining real hayotiga eng yaqin bo‘lgan ijtimoiy institutdir.

Mahalla orqali fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ularni manzilli hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratiladi. Ayniqsa, “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash kabi yondashuvlar hududdagi har bir oilaning holatini chuqur o‘rganish va individual yondashuvni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mahalla shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish uchun ham muhim maydondir. Obodonlashtirish, hashar, xayriya tadbirlari, yoshlar bilan ishlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va turli ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirishda mahalla aholini birlashtiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi.

Mahalla institutini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari:

Mahallaning institutsional salohiyatini oshirish

Mahalla faoliyatini takomillashtirishning muhim shartlaridan biri uning tashkiliy va institutsional imkoniyatlarini kengaytirishdir. Mahalla raisi va uning jamoasi hududdagi ijtimoiy jarayonlarni chuqur bilishi, aholi bilan samarali muloqot qila olishi va muammolarni hal etishda tashabbuskor bo‘lishi zarur.

Buning uchun mahalla xodimlarining huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqaruv sohasidagi bilimlarini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy malakasini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.

Aholining bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish

Mahalla farovonligi, avvalo, unda istiqomat qilayotgan aholining iqtisodiy faolligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratish, kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromadlarini oshirish ustuvor vazifalardan biridir.

Har bir mahallaning o‘ziga xos iqtisodiy imkoniyatlari mavjud. Ayrim hududlarda hunarmandchilik, boshqalarida xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, issiqxona xo‘jaligi yoki kichik ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun imkoniyatlar keng bo‘lishi mumkin. Ana shu mahalliy salohiyatni aniqlash va undan oqilona foydalanish hududlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlaydi.

Ijtimoiy himoyani manzilli tashkil etish

Aholini ijtimoiy himoya qilish mahalla faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ishsiz fuqarolar va boshqa ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarni aniqlash hamda ularga manzilli yordam ko‘rsatish mahalla orqali yanada samarali amalga oshirilishi mumkin.

Bunda asosiy e’tibor faqat moddiy yordam ko‘rsatishga emas, balki fuqaroni muammoli vaziyatdan chiqarishga qaratilishi lozim. Ya’ni insonni kasbga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish va uning mustaqil daromad manbasini yaratish uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlikning muhim omilidir.

Yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish

Yoshlar — mahallaning kelajagi, jamiyatning eng katta intellektual va ijodiy salohiyatidir. Shu bois mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ta’lim, sport, madaniyat va innovatsion faoliyatga keng jalb qilish muhim vazifadir.

Yoshlarning muammolarini tinglash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli yoshlar uchun zarur sharoit yaratish mahalla taraqqiyotiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash kelajakdagi ijtimoiy barqarorlik uchun katta ahamiyatga ega.

Xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish

Mahalla oilalar hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi sababli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.

Xotin-qizlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlash mahallalarda sog‘lom va barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, oilaviy nizolarning oldini olish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirishda mahalla, oila va jamoatchilik hamkorligini yanada rivojlantirish zarur.

Mahalla boshqaruvini raqamlashtirish

Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish mahalla faoliyatining samaradorligini oshirish imkonini beradi. Aholi haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish, murojaatlarni elektron shaklda qabul qilish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish va muammolarni monitoring qilish raqamli texnologiyalar yordamida yanada qulaylashadi.

Raqamlashtirishning asosiy maqsadi insonni ortiqcha byurokratik jarayonlardan xalos qilish va mahalla xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirishdan iborat bo‘lishi kerak.

Fuqarolik faolligi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish

Mahalla taraqqiyotining muhim omillaridan biri — fuqarolarning o‘z hududidagi masalalarga befarq bo‘lmasligidir. Mahalla aholisi hududni obodonlashtirish, ekologik muammolarni hal etish, yoshlar tarbiyasi, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarda faol ishtirok etsa, mahallaning ichki salohiyati yanada ortadi.

Shu sababli mahallalarda ochiq muloqot, jamoatchilik muhokamasi va fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish muhimdir. Fuqaro o‘z fikri va tashabbusi mahalla hayotida muhim ahamiyatga ega ekanini his qilgan taqdirdagina haqiqiy hamjihatlik muhiti shakllanadi.

Yangi O‘zbekiston sharoitida mahallani rivojlantirishning bosh maqsadi, avvalo, inson manfaatlarini ta’minlashdan iborat. Mahalla qanchalik obod, xavfsiz, iqtisodiy faol va ma’naviy sog‘lom bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror rivojlanadi.

Shu ma’noda, mahalla taraqqiyotini faqat binolar, yo‘llar yoki infratuzilma bilan bog‘lash yetarli emas. Haqiqiy taraqqiyot — bu mahallada yashayotgan insonning hayotidan, uning farzandi ta’limidan, oilasining farovonligidan, mehnat qilish va munosib daromad topish imkoniyatidan, o‘z fikrini erkin bildirishidan boshlanadi.

Mahallaning kuchi esa uning aholisining birdamligida namoyon bo‘ladi. O‘zaro hurmat, mehr-oqibat, hamkorlik va mas’uliyat tamoyillari mustahkam bo‘lgan mahallada ijtimoiy muammolarni hal etish uchun katta imkoniyat mavjud.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda mahalla institutini rivojlantirish mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy va siyosiy-iqtisodiy islohotlarning muhim tarkibiy qismidir. Mahallaning davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirish, uning institutsional salohiyatini oshirish, aholi bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyani manzilli tashkil etish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, boshqaruvni raqamlashtirish hamda fuqarolik faolligini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Demak, mahallani rivojlantirish — aslida insonni, oilani va jamiyatni rivojlantirish demakdir. Mahalla obod bo‘lsa, xonadonlar farovon bo‘ladi; xonadonlar farovon bo‘lsa, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlik mustahkamlanadi. Shu bois Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida mahalla institutining salohiyatidan samarali foydalanish mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

O‘quv-uslubiy bo‘lim bosh mutaxassisi

Normuhamedova Ozodahon Shuhrat qizi