+998 55 518 57 77

Tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining mazmun-mohiyati

22.06.2026 34

Tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati nima?

Davlat organlari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari) korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikning muhim omillaridan biri ichki korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati hisoblanadi.

Tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati – bu tashkilot ichida korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan lokal normativ hujjatlar, chora-tadbirlar hamda tartib-taomillar majmuidir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etishning huquqiy asoslari

Bugungi kunda davlat organlarida amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda ushbu sohani tartibga soluvchi boshqa normativ-huqqiy hujjatlar asosida ishlab chiqilgan va joriy etilgan.

Shu bilan birga, davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati ISO 37001:2016 – “Pora berishga qarshi boshqaruv tizimlari” (Anti-bribery management systems) xalqaro standarti talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va joriy etilgan.

Korrupsiyaga qarshi siyosatining mohiyati va ahamiyati

Tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini “Tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati” deb nomlangan hujjatan farqlash lozim. Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati davlat organining korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatini ifoda etadi hamda tashkilotda korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini joriy etish, qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish bo‘yicha talablar va rahbariy tamoyillarni belgilaydi. “Tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati” esa asosiy hujjat sifatida e’tirof etiladi va korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining tarkibiy elementlaridan biri hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish davlat organlarida korrupsiya xavflarining tizimli ravishda oldini olishga xizmat qiladi, davlat organlari va ularning xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning yuzaga kelishini barvaqt oldini oladi, tender va xaridlar tizimida shaffoflik hamda hisobdorlikni kuchaytiradi, tashkilotning investorlar nazaridagi ishonchliligini oshiradi, rahbarlar va xodimlarda yuksak axloqiy madaniyat hamda halollik tamoyillarini shakllantiradi.

Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini rivojlantirish istiqbollari

Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish va amalga oshirish samaradorligining muhim ko‘rsatkichlaridan biri davlat organlari faoliyatining ISO 37001 korrupsiyaga qarshi xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatlanishi hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining joriy etilishi va unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida ko‘plab davlat organlari, tashkilotlar va korxonalar faoliyati ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi» xalqaro standarti talablariga muvofiq deb baholandi.

Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 dekabrdagi PF–270-son «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan boshlab 2030 yilgacha bosqichma-bosqich davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etish O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shunday qilib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni ifoda etuvchi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning asosiy poydevoridir.

 

 

Rafik ShAKUROV

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini

oshirish instituti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi