Sun’iy intellekt texnologiyalariga doir qonunchiligimizda qanday yanligiliklar bor?
1. Oʻzbekiston Respublikasining 21.01.2026-yilda O‘RQ–1115-sonli “Sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, u bilan Sun’iy intellekt tushunchasiga birinchi bor qonun darajasida ta’rif berildi.
2. Joriy yil 14-martda Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining “Sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha etika qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan esa “Sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha etika qoidalari” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, etika qoidalari deganda sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va foydalanishda sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlari hamda sunʼiy intellekt ishtirokchilariga nisbatan xavfsizlik va etika meʼyorlarini belgilovchi asosiy qoida va talablar tushunilishi lozimligi qayd etildi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan yangi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 79-bandida Qonun ijodkorligi jarayonlarida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash darajasini 70 foizga yetkazish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) Oʻzbekiston Respublikasi 50-oʻrinni egallashini taʼminlash ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanish tamoyillari nimalardan iborat hamda etika qoidalari majburiyat yuklaydimi?
Qoidalarning 7-bandiga ko‘ra, sunʼiy intellekt ishtirokchilari sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda quyidagi tamoyillarga rioya qilishlari lozim:
qonuniylik;
shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini hamda atrof-tabiiy muhitni himoya qilishning ustuvorligi;
tushunarlilik;
masʼuliyat, javobgarlik va nazorat;
adolatlilik va kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
ochiqlik va shaffoflik;
maʼlumotlar himoyasi;
ishonchlilik va xavfsizlik.
Qoidalarning 19-bandiga ko‘ra, sunʼiy intellekt tizimlaridan foydalanuvchilar Etika qoidalariga amal qilishlari shart, ya’ni bu majburiyat sifatida belgilangan.
Sun’iy intellekt yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik masalasi qanday?
Etika qoidalarining masʼuliyat, javobgarlik va nazorat tamoyiliga koʻra:
sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan foydalanish natijasida yuzaga keladigan oqibatlar uchun sunʼiy intellekt ishtirokchilari oʻz harakatlari doirasida masʼul va javobgar boʻlishadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 21.01.2026-yilda O‘RQ–1115-sonli Qonuni bilan esa Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga birinchi marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi. Ya’ni MJtKning 46-2-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi. Unga muvofiq, “Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, —
maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”.
Xulosa sifatida nima deyish mumkin?
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyat uchun keng imkoniyatlar yaratishi bilan birga, ular yordamida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq yangi huquqiy va axloqiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Shu bois, sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida javobgarlik masalasini aniq belgilash, ushbu texnologiyalarni yaratish, joriy etish va qo‘llash bilan bog‘liq subyektlarning huquq hamda majburiyatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishda shaffoflik, xolislik, xavfsizlik, inson huquqlariga hurmat va etik me’yorlarga rioya etilishi ushbu texnologiyalarning jamiyat manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlaydi. Binobarin, sun’iy intellekt yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish, ular uchun samarali javobgarlik mexanizmlarini yaratish hamda etik qoidalarni amaliyotga keng tatbiq etish raqamli jamiyatni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi,
Bosh prokuratura Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi tayanch doktoranti
JUMAYEV SHOHJAHON BEGIMQUL O‘G‘LI


