+998 71 200 02 35

Shaxsga doir ma’lumotlar sir tutiladi

24.05.2021 4940

Milliy qonunchiligimiz bilan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar, har qanday shaxsning sha’ni, obro’si tajovuzlardan himoyalangan va u shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish huquqiga egadir (Konstitusiyaning 27-moddasi). Biroq, afsuski, ayrim shaxslar tomonidan, jumladan, mahallada, boshqa yashash joylarida, shuningdek, ish joylarda g’arazlik, ko’ra olmaslik yoki boshqa past niyatlarda, o’zga shaxslarga qanday usuldan qat’i nazar ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazish maqsadida, ular haqida noqonuniy tarzda ma’lumotlarni yig’ish va bu ma’lumotlarni o’zgartib, bo’hton va tuhmatlarni qo’shib tarqatish holatlari uchrab turadi. Bugungi kunda, yuqorida qayd etilgan fuqarolarimizning konstitusiyaviy huquqlarini, jumladan, sha’ni va qadr-qimmatini himoyalashga oid, mamlakatimizda bir qancha qonunlar ishlab chiqilgan va o’z samarasini bermoqda. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi va jinoyat qonunchiligi tuhmat, haqorat qilish, yolg’on axborot tarqatish va boshqa bir qancha huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va jazolarni nazarda tutadi.

Shaxsning sha’ni, obro’si va uning shaxsiy hayotga aralashishni himoyalanish huquqini ta’minlashga qaratilgan qonunlar qatorida 2019 yil 2 iyulda qabul qilingan “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi Qonuni muhim ahamiyatga egadir. “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risida”gi qonuniga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlar deb, muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo’lgan yoki uni identifikasiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog’ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborotlar tushuniladi. Qonun mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, bunday ma’lumotlar deb, masalan, jismoniy shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi, tug’ilgan vaqti, tug’ilgan joyi, telefon raqami, vaqtincha yoki doimiy yashash joyi, oilasi, ijtimoiy holati, ma’lumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi, daromadlari, mulkiy holati, shaxsiy fotosurati va boshqa shaxsiy xayotiga oid ma’lumotlarni ham tan olish mumkin.

Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 462-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikni yoki Jinoyat kodeksning 1412-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Mazkur qilmishlar shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig’ish, tizimlashtirish, saqlash, o’zgartirish, to’ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo’q qilishda namoyon bo’lishi nazarda tutilgan. Bunda, Jinoyat kodeksi 1412-moddaning birinchi qismi bo’yicha javobgarlik sharti sifatida, aybdor shaxsning ilgari xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazoga tortilganidan so’ng qilmishni qayta sodir etilishi hisoblanadi. Jinoyat kodeksi 1412-moddaning ikkinchi qismi bo’yicha jinoiy javobgarlik, mazkur harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo’lsa, takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo’lsa, g’arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo’lsa, xizmat mavqyeidan foydalangan holda sodir etilgan bo’lsa yohud og’ir oqibatlarga sabab bo’lganda kelib chiqadi. Qonun, shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog’liq ma’muriy huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima jazosini nazarda tutadi, jinoiy qilmish uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolarni nazarda tutadi.

Mazkur qilmishlarni ish joyida sodir etilishi, ayrim paytlarda manfaatlar to’qnashuvi vaziyatlariga ham olib kelishi tabiiydir. Bunday qilmishlarni xodimlar tomonidan ish joylarida sodir etilishining oldi olinishida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-sonli “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to’g’risida”gi qarori bilan ilovaga muvofiq tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” muhim o’rin tutadi. Mazkur, Namunaviy qoidalarning II-bobida (“Davlat xizmatchilarining xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari”) davlat xizmatchisi tomonidan o’z kasbiy faoliyatini fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi va manfaatlar to’qnashuviga yo’l qo’ymaslik prinsiplariga asoslanib, o’z xizmat vazifalarini bajarishda fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo’l qo’ymaslik, o’z xizmat vazifalarini bajarishiga to’sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta’siri bilan bog’liq bo’lgan xatti-harakatlarga barham berish majburiyatlari belgilangan. Odob-axloq namunaviy qoidalarining 17-bandida “Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo’lishi mumkin” degan qoida keltirilgan.

Ko’rib turibmizki, mamlakatimizda shaxsning huquqlari nafaqat asosiy qonunimiz bilan, balki boshqa qonun va qonunosti hujjatlar bilan ham himoyalangan. Bu, o’z navbatida, fuqarolarimizning tinch hayot qurishga va ish joylarida samarali o’z xizmat vazifalarini amalga oshirishga imkon beradi.

Rafik Shakurov,
Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi katta
o’qituvchisi, yu.f.n., dosent