+998 71 200 02 35

Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan xalqaro konvensiyalar normalarining qoʻllanilishi

30.11.2023 1288

Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi faoliyaitida xalqaro standartlar hamda ilgʻor horijiy tajribalarni qoʻllash, protsessual qonunchilikni aynan xalqaro konvensiyalar qoidalari asosida takomillashtirish, sud hujjatlarida BMT konvensiyalarini qoʻllashning samarali mexanizmini joriy etilishi bilan bogʻliq masalalar yoritib berilgan.

Kalit soʻzlar: Konstitutsiya, inson huquqlari, xalqaro shartnoma, milliy qonunchilik, xalqaro konvensiya, sud tizimi, fakultativ protokol, norma, tavsiya, protsessual, kodeks, qoida

 Davlat mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va ular bilan sheriklik oʻrnatish orqali dunyo hamjamiyatiga kirib borish yoʻlini tanladi. Bunday hamkorlik rivojlanishning ustuvor yoʻnalishi va davlat tashqi siyosatining muhim jihati sifatida belgilangan.

Mustaqil Oʻzbekistonning 1992-yil 2-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qoʻshilishi uning uchun muhim qadam boʻldi. Bu bilan Oʻzbekiston BMT Nizomi maqsadlari va tamoyillariga hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligini, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlash boʻyicha say-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini namoyish etdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi BMTning inson huquqlari sohasidagi eng muhim Konvensiyalariga qoʻshilgan va Konvensiyalar oʻrnatgan qoidalarga rioya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga majburiyat olgan.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalarini amalga oshirish hamda halqaro standart va ilgʻor horijiy tajribani hisobga olgan holda milliy qonunchilikni takomillashtirish har doim Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining ajralmas qismi boʻlib kelganligini taʼkidlash lozim. 2016-yilning oktyabridan boshlab amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining yangi dasturida ham ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilgan.

Sud-huquq sohasidagi islohotlar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash uchun juda muhimdir, chunki sud tizimi faoliyati xalqaro tashkilotlar, shuningdek, BMTning inson huquqlari boʻyicha qoʻmitalari tomonidan batafsil oʻrganib chiqilib, baholanmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitalarining Oʻzbekiston Respublikasining davriy hisobotlarini koʻrib chiqish natijasiga koʻra tez-tez uchraydigan tavsiyalaridan biri bu milliy sudlar tomonidan oʻz qarorlarida BMT Konvensiyalari qoidalarini yetarli darajada qoʻllanilmayotganligi haqidadir. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan berilgan javoblarga qaramay, ushbu tavsiya BMTning inson huquqlari boʻyicha qoʻmitalari uchun dolzarbligicha qolmoqda.

Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarning, shu jumladan, BMTning inson huquqlari sohasidagi 9 ta asosiy konvensiyalarining 6 tasi hamda 4 ta fakultativ protokollarning ishtirokchisi hisoblanadi.

Ushbu Konvensiyalar ratifikatsiya qilingandan soʻng, BMTning inson huquqlari boʻyicha shartnomaviy organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda bir qator qonun hujjatlarini qabul qilish boʻyicha tashkiliy choralar amalga oshirildi.

BMT konvensiyalari qoidalarini bajarish boʻyicha majburiyatlarni amalga oshirishni monitoring qilish mexanizmlaridan biri bu ishtirokchi davlat tomonidan ushbu qoidalarni implementatsiya qilish va amalga oshirish uchun koʻrilgan choralar (qonunchilik, sud sohasida, maʼmuriy va boshqalar) toʻgʻrisida davriy hisobotlarni taqdim etishdir.

Ishtirokchi-davlatlarning davriy hisobotlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha BMT qoʻmitalari ularni xavotirga solayotgan yoʻnalishlar boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalarni bayon qiluvchi yakuniy mulohazalarini taqdim etadi.

Ushbu tavsiyaning asosi shundaki, BMTning inson huquqlari boʻyicha Konvensiyalari qoidalariga rioya qilish ushbu huquqlarni sud orqali himoya qilishni ham oʻz ichiga oladi. BMTning inson huquqlari boʻyicha Konvensiyalari qoidalariga rioya qilishni sud orqali himoya qilishning samarali mexanizmlari mavjud boʻlmagan taqdirda bunday qoidalarni milliy qonunchilikka kiritishdan iborat boʻlib qoladi.

BMTning Qoʻmitalari tomonidan taqdim etilgan tavsiyalardan biri “sudlar tomonidan xalqaro konvensiyalar normalarini qoʻllanilishi” deb yoritilgan. BMT turli qoʻmitalari tavsiyalarining tahlili shuni koʻrsatadiki, ushbu tavsiyaning mohiyati “qoʻllash” bilangina chegaralanib qolmaydi va bir qator boshqa elementlarni ham oʻz ichiga oladi.

Tavsiyaning birinchi elementi Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan BMT Konvensiyalari qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish zaruratini koʻrsatishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu element “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga mos ravishda toʻliq amalga oshirilayotganligini taʼkidlash lozim.

Ushbu tavsiyaning ikkinchi elementi “taʼlimga oid” boʻlib, u Konvensiya qoidalari barcha qonunlar, sud qarorlari va boshqalarning asosi sifatida foydalanilishi uchun barcha hokimiyat tarmoqlari, sud organlarining xabardorligini muntazam ravishda oshirish zarurligini, shuningdek, advokatlar va keng jamoatchilik nizolar boʻyicha oʻz vajlarini asoslash va isbotlashda BMT Konvensiyalari qoidalaridan tegishli tartibda foydalana olishlari uchun ular orasida ham xabardorlikni oshirish muximligini ham nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarda OTMlarda oʻqitiladigan fanlar, yuristlar uchun malaka oshirish kurslari, sudyalar va advokatlar uchun tashkil etilgan seminar va treninglar, Konvensiya matnlarining nashr etilishi va hokozolar batafsil yoritilgan.

Ushbu tavsiyaning uchinchi va soʻnggi elementi sudlar tomonidan sud hujjatlarida BMT Konvensiyalari qoidalarini bevosita qoʻllash hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasining 7-qismida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda” qabul qilinganligi toʻgʻrisida qoida mavjud.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining koʻpgina qonun hujjatlarida, shu jumladan, protsessual kodekslarida xalqaro shartnomalarning ustuvorligini belgilovchi quyidagi mazmundagi normalar belgilangan: “Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.” Bu yana bir bor xalqaro huquqning milliy qonunchilikdan ustunligini anglatadi.

Xulosa oʻrinida shuni taʼkidlab oʻtmoqchimanki, mamalkatimiz sud tizimida Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan BMTning inson huquqlari boʻyicha Konvensiyalari qoidalarining bajarilishini monitoring qilish funksiyasi mavjud emas.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar toʻgʻrisidagi maxsus qonun hujjatlarida sud tizimiga ushbu maxsus vazifani berish boʻyicha norma kiritilishi lozim. Bu sudlarning mustaqilligini mustahkamlashga yordam beradi va muvozanat va tiyib turish samarali tizimi doirasida sud hokimiyati ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyatni tiyib turish va nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlishini kafolatlaydi va bu bilan hokimiyatning uch tarmogʻi muvozanatiga haqiqatdan ham erishiladi

 

Joʻrayev Javlonbek Norboboyevich

Yuristlar malakasini oshirish markazi

“Xususiy-huquqiy fanlar” kafedrasi

oʻqituvchisi

mail: javlon-juraev@mail.ru