+998 71 200 02 35

MILLIY VA XALQARO QONUNCHILIKDA BOLA HUQUQLARI KAFOLATI

31.03.2023 3776

Bola huquqlari deganda - irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiyligi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinliklar. Xalqaro huquq normalarida 18 yoshga etmaganlarning barchasi bola deb tan olingan.

Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda uning to‘laqonli qonunchilik asoslari yaratilgan deyishimiz mumkin.

Xususan, bola huquqlari va uning kafolatlarining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, ”Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik organlari to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Mazkur qonun hujjatlarida

- bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;

- bolaning hayoti va sog‘lig‘ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish;

- uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish kabi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasida, ta-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi belgilangan bo‘lib, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.

         Bola huquqlarining kafolati xalqaro doirada tan olinadigan hujjatlarda ham aks ettirib qo‘yilgan. 1989 yilning 20 noyabr sanasi BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi qabul qilingan kun hisoblanadi. Ushbu Konvensiya inson huquqlari tarixidagi eng muhim hujjatlardan biridir. Zero, mazkur sanadan e’tiboran, bola huquqlari dunyoning qaysi mintaqasida buzilmasin, uni himoya qilish borasida xalqaro imkoniyat vujudga keldi. Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.

Umuman olganda bolalarning ta’limga, mehnat qilishga va shunga o‘xshash birlamchi huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilayotgan bir qator muhim islohotlar ham qayd etish o‘rinlidir.

Jumladan, mehnatga oid xalqaro hujjatlardan kelib chiqqan holda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnatining og‘ir shakllari yoki ularning majburiy mehnati qat’iy taqiqlandi. Natijada 2019 yilning 1 aprel kuni Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e’lon qilindi.

Yoshlarimiz har doim o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun ta’lim va tarbiya olishini kelajakda ham mustahkamlab qo‘yish maqsadida qonunchiligimizdagi bolalar huquqlari borasidagi o‘zgartirishlar yangilanayotgan Konstitutsiyada ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Xususan, 44-moddada bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi, deya belgilanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma bolalar mehnatining og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolatdir.

Shuningdek, 50-moddada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar faqatgina ixtisoslashgan maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishi yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir.

Shu bilan birga, 51-moddada fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi norma sifatida kiritilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini kengaytirishdir.

 Bosh mutaxassis Ergashev Halim