+998 71 200 02 35

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining konstitutsiyaviy - huquqiy asoslari.

23.05.2023 2624

Bugungi kunda rivojlangan demokratik davlatlar deb tan olinadigan, AQSh, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning tarixiy va zamonaviy shakllanish jarayonlarini o‘rganganimizda boshqaruvning hamma sohalari o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillari asosida qurilganligiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, bu mamlakatlarning modelini ko‘chirib O‘zbekiston Respublikasiga tatbiq etib bo‘lmaydi. Buning uchun eng avvalo xalqimizning huquqiy ongi va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi uni qabul qilish xususiyatlariga ega bo‘lishi lozim.
Bu masalaning bir tomonini ochib bersa, ikkinchidan, O‘zbekiston xalqining milliy qadriyatlari hisoblangan urf-odat me’yorlari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun, har qaysi davlatning rivojlanishi uchun unda yashayotgan aholining xohish-irodasiga bo‘ysundirilgan holatda o‘ziga xos va mos ravishda shakllanib boradi. Bu esa tabiat tomonidan har bir xalqqa in’om etilgan madaniy-ma’naviy tafakkur deb ataladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning XXI-bobi mahalliy davlat hokimiyatlari asoslari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga bag‘ishlangan.

Konstitutsiyaning 120-127-moddalarida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning vakolatlari, tayinlanishi, lavozimidan ozod etilishi, javobgarligi belgilangan, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga ham baho berilgan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimi bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimi bir-biridan ajratilsa ham, ular bir-biridan boshqa-boshqa, mutlaqo ajralgan holda faoliyat ko‘rsatmaydi. Ularning bog‘liq tomonlari mavjud. Mahalliy davlat hokimiyati organlari ham, o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qiladi, o‘z faoliyatida aholi tashabbuskorlariga tayanadi, aholini hokimiyatini amalga oshirish ishlariga jalb qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda hokimlarning bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengash raisi bo‘lishi bekor qilindi.

Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining mahalliy xalq deputatlari Kengashlariga boshchilik qilishi haqidagi qoidaning chiqarilishi, ularning Kengashlar oldida mas’uliyatini oshirishga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengash va deputatlar nazoratini kuchaytirish uchun xizmat qiladi.

Ko‘pgina rivojlangan xorijiy mamlakatlarda mahalliy Kengashlarga mahalliy ijro etuvchi organ rahbarining boshchilik qilish amaliyoti mavjud emas. Buning asosiy sababi mahalliy darajada ham hokimiyatlar bo‘linishi va o‘zaro tiyib turish prinsipi mavjud bo‘lishi kerak. Chunki aynan bir shaxs qo‘lida umummajburiy qarorlar qabul qilish ham uning ijrosini ta’minlash ham uning nazoratini amalga oshirish vakolatining to‘planishi biryoqlamalikka hamda qonun ustuvorligiga erishishga to‘liq imkon bermaydi. Yuqorida aytilgan norma hokimlarning mahalliy Kengashlarga rahbarlik qilish vakolatlarini cheklashga qaratilgan.

Asosiy qonunimizda hokimlarning bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengash raisi bo‘lish vakolatining bekor qilinayotganligi vakillik hokimiyatni amalga oshiruvchi mahalliy Kengashlarning mahalliy ijro organi rahbari bo‘lgan hokimlar faoliyati ustidan ta’sirchan Kengash va deputatlik nazoratini ta’minlashga sharoit yaratadi. Eng muhimi, hokimlarni o‘zlari qaror qabul qilib, o‘zlari boshchilik qiladigan kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish, keyinchalik uning ijrosini nazorat qilish kabi amaliyotga chek qo‘yiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligining Konstitutsiyamizda belgilanishi mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish

markazi mas’ul xodimi

Ilhom Ishonkulov