Milliy saylov qonun hujjatlarida va xalqaro saylov standartlarida saylovlarga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bosqichlarida kuzatuvchilik institutining o’rni beqiyos bo’lib, birinchidan, saylov kampaniyasining ochiq va oshkora o’tishiga xizmat qiladi, ikkinchidan, saylov komissiyalari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir.
Mahalliy kuzatuvchilar tegishli tartibda beriladigan man-datga binoan, saylov uchastkalarida hozir bo’ladigan siyosiy par-tiyalarning, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining vakillaridir.
Saylov jarayonlarida, xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari hamda ular faoliyatining kafolatlari bilan bog’liq masala juda muhim hisoblanadi. Saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek,har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega.
Kuzatuvning maqsadi saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.
Saylov komissiyalari kuzatuvchini mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan ro’yxatga olgandan keyin unga o’z vakolatlarini to’laqonli hamda to’sqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.
Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning huquqiy maqomi O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, O’zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to’g’risida»gi va «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida»gi qonunlariga hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 951-son qarori bilan tasdiqlagan «Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to’g’risida»gi Nizomida huquqiy asoslangan. Shuni ta’kidlash lozimki, O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 33-moddasiga asosan kuzatuvchilar sifatida qo’yidagilar belgilangan:
«Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o’z faoliyatini tegishli komissiyalar tomo-nidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi».
«Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to’g’risida»gi Nizom O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 33-moddasi, O’zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to’g’risida», «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida»gi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko’rsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
Birinchidan, siyosiy partiya a’zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh bo’lgan har qanday O’zbekiston Respublikasining 18 yoshga to’lgan fuqarosi siyosiy partiyadan kuzatuvchi bo’lishi mumkin, ikkinchidan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli), uning o’rinbosari, maslahatchisi, shuningdek, fuqarolar yig’ini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi bo’lib ishtirok etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchilarning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibiga alohida e’tibor-ni qaratish lozim. Yuqoridagi Nizom talablariga ko’ra, kuzatuvchi-larni rasmiylashtirish qo’yidagi tartibda amalga oshiriladi:
– siyosiy partiyaning tuman (shahar) tashkiloti O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, ushbu siyosiy partiyadan ko’rsatilgan nomzod ro’yxatga olingan kundan boshlab okrug saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari esa, okrug saylov komissiyasi tu-zilganidan keyin ularga ariza bilan murojaat qiladi;
– arizaga kuzatuvchilarning ro’yxati (ismi-familiyasi, lavo-zimi, yashash manzili va telefon raqami ko’rsatilgan holda), ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalari, 3x4 sm o’lchamdagi ikki dona fotosurat ilova qilinadi;
– siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari o’z kuzatuvchilari to’g’risida okrug saylov komissiyalariga saylovga kamida o’n kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin;
– okrug saylov komissiyasi siyosiy partiya tashkilotining va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi;
– mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan farqlash uchun alohida belgilar (mandat rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.
Shuni unutmaslik lozimki, kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, ovoz berish kuni mandatni taqib yurishi shart. Kuzatuvchining vakolat muddati unga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi.
O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 951-son qarori bilan tasdiqlagan (1-ilova) «Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to’g’risida»gi Nizomida kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilangan bo’lib, saylovga tayyorgarlik ko’rish va uning o’tkazilishini kuzatishda muhim ahamiyatga egadir.
Kuzatuvchilar saylov jarayonlarida quyidagi huquqlarga egadir:
– saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo’lish;
– nomzodlar ko’rsatishga bag’ishlangan yig’ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
– saylov uchastkasida hozir bo’lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro’yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
– saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
– muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo’lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
– saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonini kuzatish;
– ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining ba-yonnomasi tuzilayotganda hozir bo’lish;
– saylov natijalari to’g’risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko’chirma nusxalarini so’rash va olish;
– saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buz-masdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
– kuzatuv natijalari to’g’risida ommaviy axborot vositala-ri vakillariga murojaat qilish;
– okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komis-siyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to’g’risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug bo’yicha saylov na-tijalarini aniqlash jarayonida hozir bo’lish;
– qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylov jarayonini kuzatish xohishi to’g’risida uchastka saylov komissiyasiga borishi haqida kamida uch kun oldin xabar berish;
– agar saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo’l qo’yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo’lsa, o’z kuzatuvlari to’g’risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma’lum qilish, shuningdek,yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
– saylov to’g’risidagi qonunchilik hujjatlari haqida, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko’rish va uning o’tkazilishi bo’yicha o’z fikrini bayon qilish huquqiga ega.
Saylov qonunchiligida kuzatuvchilar huquqlarining alohida belgilanishi muhim ahamiyat kasb etib, saylovga tayyorgarlik va uni o’tkazish jarayonini to’laqonli kuzatish va zarur ma’lumotlarga ega bo’lishini kafolatlaydi.
O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va ushbu Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, okrug saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin. Kuzatuvchi saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Kuzatuvchi shikoyatni ko’rib chiqishda bevosita ishtirok etishi mumkin.