+998 55 518 57 77

KIBERJINOYATLAR UCHUN JAVOBGARLIK CHORALARI VA ULARDAN HIMOYALANISH USULLARI QANDAY?

23.02.2026 119

          Kiberjinoyat o‘zi nima?

       Kiberjinoyat – bu axborot texnologiyalari, kompyuter tizimlari yoki internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladigan ijtimoiy xavfli qilmish hisoblanadi. Kiberjinoyatchilik esa kompyuter, kompyuter tarmog‘i yoki tarmoq qurilmasidan foydalanib sodir qilishga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.

 

          Kiberjinoyatlarning dunyo bo‘yicha va mahalliy darajada o‘sish sur’ati qanday?

      Mutaxassislar 2025-yilda global miqyosda kiberjinoyatlar yetkazgan zararning umumiy qiymati taxminan 10,5 trln AQSh dollariga yetishi mumkin deb baholagan edi. 2025-yilda kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq 2 mingdan ziyod jinoyat fosh etildi va shu orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ning mamlakatdan noqonuniy chiqib ketishiga chek qo‘yildi. Shuningdek, ushbu yilda kiberjinoyatchilar fuqarolarning 1,9 trln so‘m mablag‘ini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgan. Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz bo‘yicha 2021-yilda 4 865 ta, 2022-yilda esa 7 570 ta, 2023-yilda 6 455 ta hamda 2024-yilda 50 mingdan ortiq kiberjinoyatlar sodir etilgan.

 

          Xalqaro huquqiy hujjatlarda qanday tartibga solingan?

        “Kiberjinoyatlar to‘g‘risida”gi 2001-yil 23-noyabrda qabul qilingan Budapesht Konvensiyasida ham kompyuter firibgarligi haqida ma’lumot berilgan. Konvensiyaning 8-moddasiga ko‘ra, agar shaxs o‘zgalar mulkini quyidagi hollarda qasddan yoki qonunga xilof ravishda mahrum qilsa, Konvensiya ishtirokchilari o‘z qonunchiligi binoan bu harakatlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun va me’yorlarni belgilash choralarini ko‘radi: a) kompyuter ma’lumotlarini har qanday kiritish, o‘zgartirish, o‘chirish yoki egallash; b) kompyuter tizimining ishlashiga har qanday aralashish yolg‘on yoki g‘arazli maqsadlarda o‘zi yoki boshqa shaxslar uchun moddiy manfaat ko‘rish.

 

          Kiberjinoyatlarning eng kop uchraydigan kiberfribgarlik turi uchun qanday javobgarlik choralari qollanadi?

Hozirgi kunda kiberjinoyatlarning keng tarqalgan turi bu kiberfribgarlikdir. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha kiberfribgarlik hozirda Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi bilan, ya’ni “axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi hamda sanksiyasiga muvofiq, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishiga asos bo‘ladi.   

 

          Kiberjinoyat sodir etishning hozirda keng tarqalgan usuli “Apk” fayllardan himoyalanish choralari qanday?

          Avvalo, kiberjinoyatlardan himoyalanishning eng asosiy yo‘li xushyorlikdir. Bu hozir davr talabi hisoblanadi. Deylik “telegram” messenjeri orqali kelgan “apk” faylni bilmasdan yoki u bilan birga kelgan jalb etuvchi matn mazmuniga ishonib yuklab olinsa, qanday harakatlar ketma-ketligi amalga oshirilishi kerak. Odatda bunday fayllar “Salom! Tasodifan eski videolaringni ko‘rib qoldim. Ancha kuldim))” yoki “Siz katta miqdordagi merosga ega chiqdingiz, uni olishingiz uchun quyidagi havola orqali kiring, shoshiling!”  kabi jalb etuvchi matnlar bilan birga keladi. Bunday matnlar har qanday kishini shoshirib qo‘yishi tabiiy, bunday jumlalarga aldanib qolayotganlar afsuski ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Aldanib mazkur zararli “apk” ilovalarga kirib qo‘yganlarga quyidagi harakatlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

1.  Kiberjinoyatchi telefon tizimini qo‘lga olib, “telegram” kontaktidagi boshqa tanish shaxslarni ham aldamasligi yoki hozirda ko‘paygan holat, ya’ni noqonuniy ishonchga kirib boshqa shaxslardan qarz so‘ramasligi uchun “telegram” akkauntni “my.telegram.org”ga kirib o‘chirib tashlash lozim bo‘ladi;

2.  Firibgar kartadagi pullarni yechib olishdan tashqari, yana jabrlangan shaxs nomiga kreditlar olib tashlamasligi uchun “my.gov.uz”ga kirib undan “kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash” xizmatini tanlab, kredit olishni bloklab qo‘yish joiz bo‘ladi.

3.  Bundan tashqari, fribgarlikka uchralgan har bir holatda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan prokuratura, ichki ishlar organlarining qisqa ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, holat yuzasidan darhol xabar berish lozimdir.

4.  Shuningdek, “Play market” yoki “App store”ga kirib rasmiy “SamCyber102” ilovasini yuklab olish joiz hisoblanadi. Bu ilovaga kirib, “Ilovalarni tekshirish” qismi tanlansa, ushbu ilova qurilmadagi barcha zararli fayllarni aniqlab beradi. Keyin esa telefonning sozlamalar qismiga kirib, ilovalar orasidan zararli ilovalarni topib, o‘chirib tashlash kerak bo‘ladi. Bu bilan kiberfribgarlikka olib keladigan zararli fayllardan qutulasiz.

        Kiberjinoyatlarning boshqa turlari uchun javobgarlik choralari hamda kiberfribgarlikning har xil turlaridan himoyalanish usullari xususida yanada qimmatli va zamon bilan hamnafas bilimlarga ega bo‘lishni istasangiz Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etilayotgan “Kiberjinoyatlar uchun javobgarlik va ulardan himoyalanish masalalari nomli mualliflikdagi qisqa muddatli kursimizga yoziling. Kursning dastlabki dars mashg‘ulotlariga allaqachon start berildi.

          Xulosa qilib aytganda, kiberjinoyatlar zamonaviy jamiyatda davlat, jamiyat va fuqarolar xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi transmilliy jinoyatlar qatoriga kiradi. Ularning oldini olishda faqat jinoiy javobgarlikni kuchaytirish emas, balki axborot xavfsizligi mexanizmlarini takomillashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat institutlari va fuqarolarning o‘zaro hamkorligini talab etadi. Raqamli savodxonlikni oshirish va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish kiberjinoyatlardan himoyalanishning muhim omili hisoblanadi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash
va malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi,

Bosh prokuratura Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi tayanch doktoranti
 

JUMAYEV SHOHJAHON BEGIMQUL O‘G‘LI