+998 55 518 57 77

Intizomiy jazoning amal qilish muddati

24.09.2026 79

Mehnat intizomi normal ish uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-texnik shart-sharoitlarni yaratish, halol mehnati uchun rag‘batlantirish va mukofotlash usullari, mehnat (lavozim) majburiyatlarini buzgan xodimlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi.

Har qanday holatda ish beruvchi intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xizmat tekshiruvi o‘tkazishga majbur emas. Mehnat kodeksi 303-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi o‘tkazish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.

Mehnat kodeksi 344-moddasiga ko‘ra, muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida nazarda tutilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazishi shart.

Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa yozma tushuntirishni talab qilishi shart.

Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Xodimga intizomiy jazo chorasini qo‘llash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida, xodim ishda bo‘lmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinadi.

O‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi bo‘lmagan deb hisoblanadi.

Xodimning o‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.

Mehnat kodeksi 315-moddasiga asosan ish beruvchi intizomiy jazoni o‘z tashabbusiga ko‘ra, xodimning bevosita rahbarining, kasaba uyushmasi qo‘mitasining iltimosnomasiga, shuningdek xodimning iltimosiga ko‘ra, bir yil o‘tguniga qadar muddatidan oldin olib tashlash huquqiga ega. Intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Demak, intizomiy jazoni olib tashlash uchun ma’lum bir muddat, masalan 3 yoki 6 oy belgilanmagan. Agar ish beruvchi istasa jazoni istalgan vaqtda olib tashlashi mumkin. Buning uchun xodim qandaydir yutuq yoki natijalarga erishishi shart emas.

 

 

Tohirov Otabek Rustamovich

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

 Inson resurslari bo‘yicha bosh mutaxassisi