+998 71 200 02 35

“Ijtimoiy davlat” tamoyilida tibbiyot va aholi salomatligi

15.03.2023 1083

O‘zbekiston Respublikasi hozirgi kunda katta siyosiy jarayonlar, ulkan o‘zgarishlar oldida turibdi. Shunga qaramasdan, prezidentimiz o‘zining oxirgi murojaatlarida ayni hozirgi kundagi bo‘layotgan jarayonlarga to‘xtalar ekan, shu bilan birga yurtimizdagi ijtimoiy sohani rivojlantirish, xalqni rozi qilish, inson huquqlari va o‘qituvchi-shifokorlarning mavqe’yini konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yish kerakligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Murojaatnomaning ikkinchi yo‘nalishi sifatida Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilish haqida gapirib o‘tdi. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashni aytdi.

Ijtimoiy davlat deganda aynan nimani tushunish kerakligi haqida to‘xtalar ekan, prezidentimiz “ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”-deya ta’kidladi.

Shu bois, birinchi navbatda, prezidentimiz e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qartish kerakligiga urg‘u berdi. Shu bois, 2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni, bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilsih, milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tiborni yanada kuchaytirish, hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni o‘rganishni talab qilmoqda, shu bois maktablarga yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilarni olib kelish kerakligi alohida ta’kidlandi.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasini malakali va sifatli tibbiy xizmatsiz tasavvur qilish qiyin. Shu borada xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish.

Joriy yilda qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etish, shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dasturni amalga oshirish, barcha tug‘ruq komplekslarini to‘liq ta’mirlash va jihozlash orqali o‘rinlar sonini 35 foizga ko‘paytirish belgilab olindi.

Bundan tashqari, murojaatnomada mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida davolanishga muhtoj. Shu bois, kelgusi yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda, davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlash nazarda tutildi.

Har bir oilaning kichik vatani bu uning yashab turgan mahallasi xuddi shuningdek, ijtimoiy sohada mahalla asosiy o‘rin egallaydi. Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir. Shuning uchun murojaatnomada ham bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirishni, 2023-yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr energiyasi, yo‘l, maktab kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trillion so‘m yo‘naltirishni, har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi, mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etish, buning uchun joriy yilda 1-yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qolishi aytib o‘tilgan edi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi moddalar kiritildi.

Yana bir quvonarli holat shundaki, joriy yildan Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi. Dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi.

Bundan tashqari, jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo o‘zgaradi. Toshkent shahri uchun qo‘shimcha ravishda 1 mingta zamonaviy avtobus sotib olindi va yo‘nalishga qo‘yildi, 7 ta yer usti metro bekati ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, 2023-yil Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadi, uning mehnati qadr topadigan, baxtli his qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Shuning debochasi o‘laroq Konstitutsiyamizni o‘zgartirish borasida ilk qadam tashlandi va unda barcha ishlarning huquqiy asosi mustahkamlanib qo‘yish arafasida turibmiz.

Yuristlar malakasini oshirish markazi

devonxona mudiri Nigora Yunusova