2023-yil 10-aprel kunidan boshlab Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan advokat va yuriskonsultlar uchun ikki haftaga moʻljallangan sayyor malaka oshirish oʻquv kurslari boshlandi.
Mashgʻulotlarga Yuristlar malakasini oshirish markazining yetakchi professor-oʻqituvchilari bilan birga viloyat adliya boshqarmasi, Advokatlar palatasining viloyat hududiy boshqarmasi vakillari va amaliyotchi mutaxassislar jalb qilingan.
Malaka oshirish davomida tinglovchilar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar, davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirish jarayonlari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari, qonunchilikdagi yangiliklar, korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy va xalqaro tizimi, davlat xizmatchilarining odob-ahloq qoidalari, fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari, maʼmuriy tartib-taomillar boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshiradilar.