+998 71 200 02 35

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini saylov komissiyalari tomonidan ko’rib chiqish xususiyatlari

15.06.2021 2906

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 35-moddasiga ko`ra har bir shaxs bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko`rib chiqiladi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 44-moddasiga ko`ra har bir shaxsga o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.

So`nggi yillarda saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan bir qancha muhim islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Saylov qonunchiligidagi yana bir muhim o`zgarishlardan biri O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to`g’risidagi kodeksining qabul qilinishi bilan bog’liq bo`lib, ushbu kodeksning qabul qilinishi bilan fuqarolarning saylov huquqlari buzilganligi to`g’risidagi ariza (shikoyat)larni ko`rib chiqish tartiblari ham takomillashtirildi deb aytishimiz mumkin. Fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilishning sud tartibi ham aktiv (ijobiy) huquqiy mexanizm sifatida samarali bo`lib hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 101-moddasiga ko`ra, saylov komissiyalari saylov kampaniyasini o`tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu Kodeks talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida o`ziga kelib tushgan murojaatlarini o`z vakolatlari doirasida ko`rib chiqishi, ushbu murojaatlar bo`yicha tekshiruvlar o`tkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol ko`rib chiqib, javob qaytarishi shart.

Murojaatlar qaydlar daftarida ro`yxatga olinishi lozim. Saylov komissiyasining raisi murojaatni ko`rib chiqish va unga doir qaror qabul qilish uchun tegishli komissiyani ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda chaqiradi va uning majlisini o`tkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin.

Qo`yilgan masalalarni hal etish o`z vakolatiga kirmaydigan uchastka saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaat uch kunlik muddatda tegishli organlarga murojaat yuborgan shaxs bu haqda xabardor qilingan holda yuboriladi.

Murojaatni ko`rib chiqqan saylov komissiyalari a’zolari uni ko`rib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror to`g’risida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.