+998 71 200 02 35

Yurist kadrlarni (advokatlar va huquqshunoslarni) uzluksiz malakasini oshirish tizimi: xalqaro tajriba

25.09.2025 68

Rivojlangan davlatlarda advokatlar va huquqshunoslarning malakasini oshirish tizimi davlatning qonun ustuvorligi va huquqiy madaniyatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Bunday tizimlar fuqarolarga sifatli va professional huquqiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash bilan birga, davlatda amalga oshirilayotgan demokratiya va huquqiy islohotlarning samaradorligini oshiradi.

Ushbu maqolada dunyoning turli mamlakatlarida qo‘llanilayotgan malaka oshirish tizimlari tahlil qilinadi va ularning ayrim jihatlarini O‘zbekistonning malaka oshirish tizimiga moslashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Fransiyada 1990-yillarning oxirlaridan boshlab advokatlarning malakasini oshirish borasida islohotlar boshlangan. Qonunchilikka muvofiq, har bir advokat besh yilda kamida 60 soatlik malaka oshirish kurslarida qatnashishi shart. Bu kurslar Advokatlar milliy korporatsiyasi va Adliya vazirligi hamkorligida ishlab chiqilgan dastur asosida amalga oshiriladi. Majburiy malaka oshirish kurslarini o‘tamagan advokatlarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari – advokatlik faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki undan mahrum etish kabi sanksiyalar qo‘llaniladi. Mazkur tartib 2005-yil 1-yanvardan buyon amalda.

Belgiya advokatlari mustaqil ravishda malakasini oshirishlari shart bo‘lib, ular 3 yil ichida 60 soatlik individual kasbiy tayyorgarlik kurslarini o‘tashlari lozim. Ushbu soatlarning kamida 20 soati huquqshunoslar, notariuslar, auditorlar va boshqa huquqiy sohadagi mutaxassislar uchun tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etish orqali to‘planishi mumkin. Talablarni bajarmagan advokatlar intizomiy javobgarlikka tortiladi.

Daniya va Portugaliyada ham advokatlarning huquqbuzarliklarni sodir etmasligi va kasbiy saviyalarini doimiy ravishda yuksaltirib borish maqsadida maxsus malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Germaniyada advokatlar Berlindagi Nemis advokatlar akademiyasi yoki mamlakatning boshqa shaharlaridagi qisqa muddatli kurslarda tahsil olish orqali malakasini oshiradilar. Bu kurslar, asosan, pullik hisoblanadi va professional rivojlanishning muhim qismi sifatida qaraladi.Advokatlarni professional ko‘nikmalarini yaxshilash va malakasini oshirish borasida o‘xshash amaliyotlar Italiya, Xitoy, Chexiya, Xorvatiya kabi mamlakatlarda ham amalga oshiriladi.

Rossiyada  advokatlarning malakasini oshirishga oid qonun hujjatlari mavjud bo‘lib, ularga ko‘ra:

  • 3 yilgacha mehnat stajiga ega advokatlar yiliga kamida 40 akademik soat;
  • 3 yildan ortiq stajga ega bo‘lganlar esa yiliga kamida 30 akademik soat malaka oshirishlari mumkin.

Shuningdek, advokatlar palatalari o‘z hududida minimal soatlar miqdorini oshirish huquqiga ega, biroq u 60 soatdan oshmasligi lozim.

Rossiya Federatsiyasida malaka oshirish faoliyati quyidagi tashkilotlar orqali amalga oshiriladi:

  • Rossiya Federatsiyasi Advokatlar Federal palatasi;
  • Har bir sub’ektdagi advokatlar palatalari.

Malaka oshirish shakllari:

  • An’anaviy mashg‘ulotlar (ma’ruzalar, treninglar, simulyatsiya jarayonlari);
  • Masofaviy (onlayn) mashg‘ulotlar;
  • Gibrid shakldagi mashg‘ulotlar;
  • Advokatlar gazetasiga obuna;
  • Ilmiy va amaliy tadbirlarda ishtirok etish (konferensiya, simpozium va h.k.);
  • Palatalar malaka komissiyalari tashkil etgan o‘quv mashg‘ulotlar;
  • Kengash qaroriga muvofiq boshqa shakllar.

Qayd etish joizki, ko‘pgina davlatlarda malaka oshirish kurslari pullik bo‘lganligi tufayli, huquqshunoslar ushbu kurslarda ishtirok etish uchun o‘z ustilarida astoydil ishlaydilar.

Yuqorida keltirib o‘tilgna tajribalarni O‘zbekiston advokatlarini malakasini oshirish tizimiga qo‘llash natijasida quyidagilarga erishish mumkin:

1) Tinglovchilarning xarajatlari va vaqtlari tejalashiga olib keladi;

2) Dars soatlari to‘liq platformaga o‘tkazilish oqibatida professor-o‘qituvchilarning yuklamalari qisqaradi;

          3) Ta’lim jarayonini qisman distansion shaklga o‘tishi natijasida tinglovchilar qolgan soatlarni:

- maqola yozish,

- vakolatli idoralar tomonidan tashkil etiladigan huquq sohasiga oid xalqaro konferensiya/forumlarda qatnashish va boshqalar orqali ishlab olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi;

4) Malaka oshirish tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali elektron kuzatuv imkoniyati yaratilib, malaka oshirmagan huquqshunoslarni litsenziya talablarini ko‘rib chiqish amaliyoti tezlashadi;

5) Tinglovchilar malakasini oshirish tizimi avtomatlashtirilgan tizimga o‘tishi ta’minlanadi.

Yuqorida keltirilgan xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, huquqshunos va advokatlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi nafaqat fuqarolarga ko‘rsatiladigan huquqiy xizmat sifati, balki umumiy huquqiy madaniyatning o‘sishiga ham xizmat qiladi.

Tegishli idora va tashkilotlar ushbu tajribalarni hisobga olgan holda, samarali, qulay va raqamlashtirilgan malaka oshirish tizimini shakllantirsa, mamlakatimizda huquqshunos kadrlarning professional salohiyati yanada oshadi va xalqaro standartlarga mos tizim yaratiladi.

 

 

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash

va malakasini oshirish instituti

Xalqaro hamkorlik va loyihalar

bo‘limi boshlig‘i

Abdullaeva Shaxzoda Sobitovna