O‘zbekiston Respublikasida huquqiy islohotlar izchil davom etmoqda. 2026-yil 4-fevral kuni qabul qilingan O‘RQ–1116-son Qonun esa ayniqsa fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilishi hamda ma’muriy javobgarlik tizimini tubdan yangilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritilib, unda jazolashdan ko‘ra, avvalo ogohlantirish va profilaktika ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
HUQUQBUZARLIKKA YANGI YONDASHUV
Endilikda ayrim kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga darhol jarima qo‘llanilmaydi. Ularning o‘rniga yangi jazo chorasi tariqasida ma’muriy ogohlantirish joriy etildi.
Mazkur ogohlantirish:
shaxsni qonunga xilof harakatlardan tiyilishga chaqiradi;
rasmiy tanbeh sifatida beriladi;
yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Eng muhimi, ushbu jazo chorasi bir yil davomida faqat bir marta qo‘llanadi.
Bu esa fuqaroga xatoni tuzatish imkonini beradigan insonparvar yondashuvdir.
QAYSI HOLATLARDA OGOHLANTIRISH BERILADI?
Yangi tartibga ko‘ra, quyidagi holatlarda ogohlantirish qo‘llanilishi mumkin:
xavfsizlik kamarini taqmaslik;
avtotransport vositasini haydash vaqtida telefondan foydalanish;
to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish;
piyodalarning yo‘l qoidalariga rioya qilmasligi kabilar shular jumlasidandir.
Bunda asosiy shart – shaxsning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishidir.
“Ogohlantirish” mexanizmi qanday ishlaydi
Ma’muriy javobgarlik kodeksining 24¹-moddasi ogohlantirishni oddiy tilda shunday ta’riflaydi: vakolatli organ shaxsni qonunga xilof xatti-harakatga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasmiy ogohlantiradi va tanbeh beradi; bu yozma (shu jumladan elektron) shaklda bo‘ladi.
Lekin bu ma’muriy ogohlantirish “hamma joyda avtomatik beriladi” degani emas. Kodeks shartlarni aniq qo‘yadi: ogohlantirish faqat kodeksda sanab o‘tilgan moddalardagi huquqbuzarlik sodir etilganda, shaxs chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganda va shu vaziyatda uning qilmishida Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmagan taqdirda qo‘llanadi.
RAQAMLI NAZORAT – SHAFFOFLIK KAFOLATI
Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi – bu avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining keng qo‘llanilishidir.
Endilikda:
ko‘plab huquqbuzarliklar kameralar orqali aniqlanadi;
inson omili keskin kamayadi;
qarorlar dalillarga asoslangan holda qabul qilinadi.
Bu esa:
shaffoflikni oshiradi;
korrupsiya xavfini kamaytiradi;
fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytiradi.
JAZO QO‘LLASHDA ANIQLIK VA TARTIB
Yangi qonunga muvofiq:
huquqbuzarlik uchun jazo 1 oy ichida qo‘llanadi;
agar qaror ustidan shikoyat qilinsa – 1 yil ichida ko‘rib chiqiladi.
Bu esa ilgari amaliyotda uchrab turgan “kechikkan jarimalar” muammosiga barham beradi.
ISLOHOTLARNING ASOSIY MOHIYATI
Mazkur o‘zgarishlar uch muhim tamoyilga asoslanadi:
Insonparvarlik, ya’ni kichik xatolar uchun darhol jazolash amaliyotidan voz kechildi;
Adolat, ya’ni har bir holat individual baholanadi.
Raqamlashtirish, ya’ni nazorat zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.
JAMIYAT UCHUN AHAMIYATI
Mazkur qonun amalda quyidagi natijalarni beradi:
yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi darajasi oshadi;
huquqbuzarliklar kamayadi;
fuqarolarda huquqiy madaniyat shakllanadi;
davlat organlariga bo’lgan ishonch yanada ortadi.
Eng muhimi – huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar endilikda jazolanuvchi emas, balki avvalambor tuzalish imkoniga ega shaxslar sifatida qaraladi.
XULOSA
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar avvalambor inson qadrining ustuvorligi tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik tizimidagi ushbu yangilanishlar esa aynan shu yondashuvning yana bir amaliy ifodasidir.
Endilikda ma’muriy javobgarlik tizimidagi ushbu islohatlar yuqorida ta’kidlaganimizdek, avvalambor “jazolash” emas, balki “ogohlantirish va huquqbuzarliklarning oldini olish”ga xizmat qiladi.
![]() |
![]() |
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi
Azimjon Azamatovich Eshonqulov
Pennsylvania State University
Master of Laws (LL.M)




