+998 71 200 02 35

Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!

24.08.2021 5436

2021-yil mamlakatimiz tarixiga siyosiy jarayonlarga boy yil sifatida kirmoqda. Bu yilning eng asosiy voqealaridan biri — Oʻzbekiston mustaqillik yoʻlini tanlaganiga 30 yil toʻlishidir. Ushbu buyuk neʼmatga erishish yoʻli naqadar murakkab boʻlgani, bu yoʻlda qanchadan-qancha ziyoli, mard, vatanparvar bobolarimiz shahid boʻlganini eslash, ularni xotirlash, shunday dorilomon kunlarda yashayotganimizga shukronalar aytish, shu maʼnoda, mustaqillikning qadriga yetishimiz har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Bugungi musaffo osmonimiz, dunyo hamjamiyatida oʻzimizga xos mavqega ega boʻlishimiz, eng asosiysi, oʻzimizning ona tilimizda emin-erkin soʻzlab, oʻz taqdirimizni oʻzimiz belgilashimiz, koʻhna tariximiz, boy merosimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimizning qayta tiklanishi mustaqillikning eng katta inomlaridandir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Istiqlol yillarida iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, umuman, barcha sohalarda, ayniqsa, oxirgi besh yillikda mamlakat taraqqiyoti, xalq manfaati yoʻlida olib borilgan islohotlar va erishilgan yutuqlar nafaqat xalqimiz, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda. Albatta, bunday yutuqlarga erishishimizning asosiy sababi barcha islohotlar zamirida xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerakligi, odamlarning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi muhimligi bosh shior etib olinganidir. Eng asosiysi, xalqimiz ijobiy oʻzgarishlarni oʻz hayotlarida his qila boshladi va shu sababdan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlagan holda yagona maqsad yoʻlida mushtarak boʻlib odimlashda davom etmoqda.

Inson uchun hamisha uning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlaridan muhim qadriyat boʻlmagan. Mamlakatimizda aynan bu borada keng koʻlamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech kimga sir emas, bir necha yillar muqaddam Oʻzbekistonda inson huquqlari holati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan qattiq tanqidga olinar, bu nafaqat yurtimiz nufuziga, balki mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatar edi.

Taʼkidlash lozim, mazkur yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilgan chora tadbirlar, eng avvalo, Oʻzbekistonning ochiqliq siyosati, inson huquqlari boʻyicha faoliyat olib boradigan tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatish hamda mazkur sohada xalqaro hujjat meʼyorlarini milliy qonunchilikka bosqichma bosqich implementatsiya qilinayotgani oʻz mevasini bera boshladi.

Mamlakatimizning  barcha sohalarida erishilgan va erishilayotgan natijalar haqida Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida uzoq gapirish mumkin. Eng muhimi, mamlakatimiz xalqi islohotlar natijalarini oʻtayotgan har bir kunida his qilib, tinch va osoyishta hayotiga shukrona keltirib yashamoqda. Zero, bosh maqsad odamlarni rozi qilishdir.