+998 71 200 02 35

Xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik islohotlar zamirida.

29.03.2023 3330

Dunyo rivojining hozirgi davrida inson taraqqiyoti, uning huquq va erkinliklari, ijtimoiy adolat va inson xavfsizligini ta`minlash borasidagi jarayonlar uchun ayollar va erkaklarning jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi tengligini amalda ta’minlash masalalari ustuvor vazifalarning biriga aylanmoqda.

Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, barqaror taraqqiyot jarayonini tezlashtirish nihoyatda muhim jarayonlardan biridir. Xotin-qizlarga qarshi barcha turdagi kamsitishlarni yo‘q qilish nafaqat inson huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan muhim, balki boshqa sohalar rivojlanishiga ta’sir etuvchi kuchli omillardan biridir.

Aslini olganda Gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Har ikki jins vakillarining o‘z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi. Aynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri bu - erkak va ayol huquqlari tengligining ta’minlanishidir.

Gender tenglik jamiyat rivojida muhim bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bugungi kunda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugun oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani hech kimga sir emas. 

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga nazar tashlasak ham buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yangi qabul qilinayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy Qonun loyihasining 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi kafolatlanmoqda. Bu esa mamlakatimizda haqiqatdan ham erkaklar va xotin-qizlar uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayotganligidan dalolat beradi.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirishda teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni kafolatlashi mustahkamlab qoʻyildi.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Alohida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilib, u xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi ishlarning holati toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etishi belgilab qoʻyildi.

Aytishimiz mumkinki, ayollar va erkaklar tengligi madaniyatini shakllantirish – bu tizimli va doimiy jarayon bo‘lib, keng jamoatchilik va fuqarolik institutlari bilan hamkorlikni talab etadi. Bu borada jamiyatning barcha jabhalari – davlat tuzilmalari, jamoat tashkilotlari, biznes sub’ektlari, kasaba uyushmalari va keng aholi qatlamlarining birgalikdagi va hamjihatlikdagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimi N.Nurmuxammedova